Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Ro'zangiz qabul bo'lganining 13 alomati

15.04.2024   2536   1 min.
Ro'zangiz qabul bo'lganining 13 alomati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alhamdulillah vassolatu vassalamu a'la Rasulillah va a'la aalihi va sohbihi ajma'iyn


Alloma Shinqitiy rahimahulloh aytadilar: “Bandaning qilgan yaxshi amalining qabul bo'lgani yoki bo'lmagani g'ayb ishi bo'lib, uni faqat Alloh taolo biladi. Ammo solih amallarning qabul bo'lganining quyidagi ba'zi alomatlari bor:

  1. Ibodatlarga yanada ko'proq rag'bat qilish.
     
  2. Ibodatlardan rohatlanish, ularni xushu'-xuzu' bilan ado etish.
     
  3. Ibodat asarining zohir bo'lishi. Masalan, namozning fahsh va man etilgan ishlardan qaytarishi.
     
  4. Ibodatlarni ado etishga muhabbatli bo'lish. Nafl namozlarni ko'paytirish.
     
  5. Gunoh-ma'siyatlardan uzoqlashish.
     
  6. Ibodatlar qabul bo'lmay qolishidan xavfda bo'lish. Ujb va kibrga berilmaslik.
     
  7. Solih amallarni ko'paytirish. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Alloh bandadan amalini qabul etgan bo'lsa, uni toat-ibodatga, yana yaxshilik qilishga yo'llab qo'yadi”, deganlar.
     
  8. Shavvol oyidan 6 kun nafl ro'za tutish.
     
  9. Ibodatlarning oson qilib qo'yilishi. Toat-itoatda bardavom bo'lish.
     
  10. Ko'p duo qilish.
     
  11. Solihlarni yaxshi ko'rish.
     
  12. Istig'for aytishni, zikr qilishni hamda Qur'oni karim tilovatini ko'paytirish.
     
  13. Kechalari qoim bo'lish.

Davron NURMUHAMMAD

Ramazon
Boshqa maqolalar

Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

30.04.2025   4846   3 min.
Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].

O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.

O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang. 

Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].

Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va  mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.

Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.

Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!

Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz.  Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.

Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.

Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2]  Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4]  Imom Tabaroniy rivoyati.