Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2026   |   4 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:34
Peshin
12:27
Asr
17:18
Shom
19:24
Xufton
20:47
Bismillah
17 Avgust, 2026, 4 Rabi`ul avval, 1448

Vatangadolikka chaqirayotgan hiylakorga aldanmang!

16.04.2024   2392   5 min.
Vatangadolikka chaqirayotgan hiylakorga aldanmang!

Ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi blogerlar Abdulloh Zufarning “Gunoh qilgan eridan hijrat qilish” mavzusidagi audioma'ruzani tarqatishdi. Unda aytilishicha, inson gunoh qilgan eridan hijrat qilish kerak ekan. Bu gapiga ruhshunoslarning gaplari va yana o'tgan ummatlar ichida yuz kishini o'ldirgan kishining hikoyasi zikr qilingan hadisni keltirilgan. Hadisda o'sha odamga tavba qilish va yaxshi odamlar yashaydigan joyga borish tavsiya qilingan. A.Zufar inson o'z yurtida turib imonini kuchaytira olmasligi, taqvodor bo'la olmasligi, bunga muhit yo'l qo'ymasligini ta'kidlaydi. Qarindoshlar uyiga kirib kelaverishi, odamni o'zicha yashashga imkon bermasligini aytadi. Yurtimizda luqmani halollab bo'lmasligi mehmonga borsang go'shtlari qanday, hayvonni kim so'ygan, mushrik so'yganmi, boshqa so'yganmi bilmaysan, deydi. Vataningdan hijrat qilib ketsang, u erda yaqinlaring, qavmu qarindosh bo'lmaydi, o'zing xohlaganday yashaysan, deb safsata sotadi. Imonli yashamoqchi bo'lsang Vatandan tashqarida yashaysan, deb xulosa qiladi.   

Unga javoban aytamizki, hadisdan hukm oladigan inson etuk olim va muhaddis bo'lishi kerak. Muhaddis har bir hadisni sanadini, undagi roviylarni kuchli yoki zaifligini, hadisni aytilgan tarixi va unga teskari aytilgan hadis bor yo'qligini, hadisni hukmi xos bir holatga tegishlimi yoki umumiy hukmga ega ekanligi kabi ilmlardan xabardor bo'ladi. Hamma hadislarni darajasini va unda nima ma'no ko'zda tutilganligini o'rganib chiqqan hofiz-muhaddislar asarlarini yozib qoldirishgan. Ulardan birortasi “ma'siyat joyidan hamma hijrat qilishi kerak”, degan gapni aytishmagan. Ma'siyat-lug'atda itoatdan chiqish, sayyidining amriga qarshi chiqish, xato qilish, gunoh qilish kabi ma'nolarda keladi. Shariatda ma'siyat deganda gunoh tushuniladi. Ma'siyat deganda nafaqat odam o'ldirish, balki katta gunohlarning barchasi kirib ketadi. Masalan ota-onaga oq bo'lish, o'g'irlik, zino, g'iybat, tuhmat, birovni molini eyish, sudxo'rlik kabi bir qancha katta gunohlar ham kiradi. Ba'zilar etmishda katta gunohni sanagan va ba'zilar sanoq belgilamagan. Tasavvur qiling, ushbu gunohlarning hammasidan saqlangan odam topiladimi? Hamma gunoh qilgan musulmonlar hijrat qilishi kerakmi? Qayerga hijrat qilishi kerak? Suriyagami? Abdulloh Zufar tish-tirnog'i bilan hijratga da'vat qilib, odamlarni vatangado qilishdan nima manfaat topadi? Nima uchun o'n to'rt asrdan buyon o'tgan allomalar, millionlab hadislarni yoddan bilgan muhaddislar yurgan yo'ldan boshqacharoq  yo'l kerak bo'lib qoldi? Ular Abdulloh Zufarchalik ilmga ega emasmidilar? Yo'q! Bu gaplarning hammasi qandaydir g'araz-maqsadlar sabablidir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shaytonni ko'rib, nari yurgan bo'lsalar, u kishi Payg'ambardir. Boshqa kishiga unday imkoniyat berilmagan. Yer yuzining xohlagan joyiga shayton bir lahzada eta oladi.

Aslida insonning eng katta dushmani o'z ichidagi nafsu ammorasi – yomonlikka buyuruvchi nafsidir. Inson qayerga borsa ham undan qutila olmaydi. Shuning uchun ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Haqiqiy muhojir – Alloh qaytargan gunohlardan hijrat qilgan kishidir”, deganlar.

Bahouddin Naqshband hazratlarining shiorlaridan biri: “Safar dar vatan”, “Vatanda turib, o'zingni musofirdek tutish” edi. Yana bir o'gitlari esa: “Hilvat dar anjuman”, “Anjumanda Alloh bilan xilvatda qolgandek bo'lish” shioridir. O'z yurtida turib iymonli bo'lib bo'lmaydimi?

Avvalo ma'siyat mo''minni iymondan chiqarmaydi. Gunohni eng a'lo muolajasi Vatandan hijrat emas, gunohdan hijrat qilishdir. Gunohdan tavba qilishdir. Qanchadan qancha yurtdoshlarimiz halol taom topib oila boqyapti.

Halqimizga xizmat qilayotgan qassoblarimiz dindan ilmi bo'lmasa ham, ustozlaridan hayvonni qanday so'yishni o'rgangan. Buni topganiga Alloh baraka berishi uchun tark qilishmaydi.

Yomon do'stlarga kelsak, hozir ham tevarak atrofimizda ulardan uzilib, taqvo yo'lini tutganlar juda ko'p. Qanchadan-qancha aqlli diyonatli kishilar do'stlarini to'g'ri yo'lga solganini ko'rish mumkin.

Qarindosh-urug'lar bo'lsa, ularga eshikni ochsangiz kiradi, bo'lmasa qaytib ketishadi. Asossiz vajlar bilan qarindoshlardan uzoq joylarga ketishga targ'ib qilish Islomdagi katta asoslardan biri silai-rahmni uzishga targ'ibdir. Inson imkoni boricha qarindoshlarining ozorlariga sabr qilib, ularni isloh qilishi kerak. Qarindoshlarim yomon deb ko'ch-ko'ronini yig'ishtirib jo'nab qolishni hech maqtaydigan joyi yo'q. Mabodo bir inson turli sabablar bilan bir yurtdan boshqa yurtga ko'chadigan bo'lsa ham, qarindoshlardan uzoqlashish, ulardan “qutilish”ni niyat qilmasligi kerak, balki ular bilan turli aloqa vositalari bilan xabarlashib turishi kerak bo'ladi. Bu bilan silai rahmning eng past darajasini ado qiladi.   

Hech kim halolligiga shubha bo'lgan xonadondan borib luqma eyishga majbur qilinmaydi. O'z uyida taqvoning hamma shartlarini bajarish mumkin. Lekin hijrat qilaman deb, musofir yurtda och qolib, gunoh qilishga majbur bo'lsachi? Haq-huquqi ta'minlanmagan yurtda urushga majbur qilinsachi? Musulmon kishilarni o'ldirishga majbur qilinsachi? Bundan ortiq halokat bormi? Shunday ekan, qadr-qimmatimiz kafolatlangan ona yurtda turib o'zimizni isloh qilaylik, ortida turli tuman g'arazli maqsadlar bo'lgan chaqiriqlarga aldanmaylik!  

Abdullayev Akram

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   19715   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari