24-25 oktyabr kunlari viloyatimiz bo‘ylab imon-e’tiqod, hamjihatlik va ezgulik timsoli bo‘lgan umumxalq hashari tashkil etildi. Ushbu xayrli tadbir doirasida vohamizdagi masjid hamda qabristonlar hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi.
Hasharda diniy soha xodimlari, imom-xatiblar va mahalliy aholi, ayniqsa, nuroniylar hamda yoshlar faol va uyushqoqlik bilan ishtirok etishdi.
Obodonlashtirish jarayonida Ziyoratgohlar va qabristonlar atrofida tozalash ishlari olib borilib, xazonlar, maishiy chiqindilar hamda begona o‘tlardan tozalandi, masjidlar hududi atroflari obod qilindi, yashil hududlar barpo etish maqsadida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi, mavjud daraxtlarga shakl berilib, oqlandi.
Xalqimizda qabriston va ziyoratgohlarni obod tutish, ularni toza-ozoda saqlash ajdodlar xotirasiga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom belgisi sanaladi. Ushbu hasharda hamjihatlik va ahillik ruhida mehnat qilgan vohadoshlarimiz yana bir bor o‘zlarining mehmondo‘st va obodonchilikka xos insoniy fazilatlarini namoyon etishdi.
Bu kabi umumxalq tadbirlari nafaqat hududlar toza va ozodaligini ta’minlashga, balki jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
ᴏ‘ᴢʙᴇᴋɪsᴛᴏɴ ᴍᴜsᴜʟᴍᴏɴʟᴀʀɪ ɪᴅᴏʀᴀsɪ sᴜʀxᴏɴᴅᴀʀʏᴏ ᴠɪʟᴏʏᴀᴛɪ ᴠᴀᴋɪʟʟɪɢɪ ᴍᴀᴛʙᴜᴏᴛ xɪᴢᴍᴀᴛɪ