Joriy yilning 11 may kuni Turkiya Prezidenti huzuridagi Diniy ishlar boshqarmasi raisi Safiy Arpagush boshchiligidagi delegatsiya Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif shu yilning aprel oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga safari davomida bildirilgan takliflarning amaliy ifodasi bo‘lib, mehmonlarga Prezident Administratsiyasi departament boshlig‘i Muzaffar Kamilov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamrohlik qildi.
Ziyorat dasturi Imom Buxoriy majmuasidan boshlandi. Delegatsiya a’zolari majmuadagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak e’tirof etdilar. Ayniqsa, innovatsion muzeydagi zamonaviy ekspozitsiyalar orqali buyuk muhaddis bobomizning ilmiy merosi va yurtimiz allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘tkazilgan muloqotlar davomida diniy-ma’rifiy hamkorlikni mustahkamlash va islom merosini birgalikda tadqiq etish masalalari muhokama qilindi. Imom Buxoriy jome masjidida ado etilgan peshin namozidan so‘ng, Safiy Arpagush Qur’oni Karim tilovat qilib, musulmon ummati farovonligi va yurtimiz tinchligini so‘rab duolar qildi.
Shuningdek, mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Abu Mansur Moturidiy majmuasi, Amir Temur maqbarasi va Registon maydoni kabi tabarruk maskanlarda bo‘lib, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi va betakror me’moriy obidalari bilan yaqindan tanishdilar. Turkiya delegatsiyasining mamlakatimiz bo‘ylab safari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati