Cavol: “Abobil” degan qush bor ekan. U juma kuni uchmas ekan, chunki muqaddas Makkani qo'riqlagani uchib ketarkan. Bir tanishim do'stlari bilan shu mavzuda bahslashibdi. Do'stlar u qushning faqat payshanba kuni uchmasligini aytishibdi. Haqiqatan ham shunday – juma kuni uchmaydigan qush bormi, u rostdan ham Makkani qo'riqlaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Do'stlaringiz yo'q narsalar haqida bahs qilib, vaqtini behudaga sarf qilishibdi. O'shanday qush bo'lgan taqdirda ham, inson uni qachon uchib, qachon qo'nishini bilgani uchun savob va'da qilingan emas.
Abobil so'zining ma'nosida to'p-to'p, to'da, gala degan ma'noni anglatadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tug'ilishlaridan 50 kunlar avval Ka'bani buzish maqsadida Abraha qo'shin tortib keladi. Alloh taolo O'z baytini himoyasi uchun to'p-to'p qushlarni yuboradi va ular oyoq va tumshuqlarida tosh olib kelib, dushman qo'shini ustiga tashlaydi.
Alloh taolo Fil surasining uchinchi oyatida “Faarsala alayhim toyron abaabiyl” deb marhamat qilgan.
Ma'nosi: “Ular ustiga gala-gala qushlarni yubordi”.
Toyr so'zining ma'nosi qush, abaabil so'zining ma'nosi yuqorida aytilgandek “to'p-to'p”, “gala-gala” degan ma'noda.
“Fokihatul bo'ston” kitobida bunday deyilgan: “Qomusda: Abobil so'zi “to'p”, “jamoa” degan ma'noni anglatadi. Bu so'z ko'plik shaklida bo'lib, uning birlik shakli yo'q. U qushlar, otlar yoki tuyalarning bir to'dasi, jamoasiga aytiladi”, deyilgan.
Ibn Hishom yozadi: “Abobil so'zi guruh-guruh, deganidir. Arablar bu so'zni birlik shaklida ishlatganlarini ko'rmadik” (“Siyratun-Nabaviyya” kitobi).
Ka'bani himoya qilgan qushlar haqida tafsir kitoblarimizda turli so'zlar bor. Oisha onamiz roziyallohu anho ularni qaldirg'ochlarga o'xshatganlar.
Mufassir Qatoda rahimahulloh ular dengiz tomondan uchib kelgan to'da-to'da qora qushlar bo'lganini aytganlar. Ba'zilar qizil va qora ko'rshapalaklarga o'xshatgan. Boshqalari u qushlarni Alloh taolo o'sha vaqtning o'zida havoda yaratganini aytganlar. Ayrim tafsirlarda umuman hozirgi qushlarda uchramaydigan ko'rinishlar tasvirlangan. Ularni hozirgacha saqlanib qolgani haqida ma'lumot uchramaydi.
Demak, bugungi kunda Abobil nomli qush borligi, ularning juma yoki payshanba kuni uchishi, Makkani qo'riqlashi haqidagi gaplar asossizdir. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati