Allohga shukr, yurtimizdan umra ziyoratiga boruvchilar soni juda ko'paydi. Ularning teng yarmi ayollar ekani quvonarli holdir. Muqaddas zaminga ziyoratga borayotgan yurtdoshlarimiz, avvalo, umraning mohiyatini anglab etishlari kerak.
Afsuski, to'y, ma'raka-marosimlarda yangi-yangi bid'at-xurofotlar urchiyotgani kabi umraga boruvchi ziyoratchilarimizda ham bilib-bilmay turli gunohga qo'l urib qo'yish holatlari ko'paymoqda. Masalan, Madinai munavvaraning tuprog'idan olib ketish (bemorning boshidan Madinaning tuprog'i sochilsa, shifo toparmish); xalqimiz orasida Uhud tog'ining tuprog'idan kafanlikka solib qo'yish, vafot etsa, qabr tuprog'iga aralashtirish uchun Madina shahridan olib kelinar emish (go'yo Uhud tuprog'i qabr azobidan asrarmish) va hokazo.
Ayrim ziyoratchilar Madina va Makka shaharlaridan turli o'simliklar, yong'oqlar va kabutarlarga sepiladigan bug'doylardan olib kelib, ancha yildan beri farzand ko'rmayotgan ayolga homilador bo'ladi degan umidda berish ham “urf”ga kirib boryapti.
Vaholanki, kimga qachon farzand in'om etilishini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. (U) xohlagan narsani yaratur. Hohlagan kishisiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishisiga o'g'illarni hadya etur. Yoki ularga o'g'illar va qizlarni qo'shib berur va xohlagan kishisini farzand ko'rmaydigan qilib qo'ygay. Albatta, U (buning hikmatini) biluvchi va (o'zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir”(Sho'ro surasi, 49–50-oyatlar).
Ayollar o'rtasida Masjidi Nabaviyga, Ravzai sharifga kirganlarida, Ka'batullohga borganlarida o'sha erdan xarid qilgan turli matolarni devorlarga, ustunlarga surtish holatlari uchramoqda. Bundan maqsad devorga surtilgan matolarni kafanlikka olib qo'yish, vafot etganda yuziga yopish emish.
Zam-zam suvi kafanlikka qo'shib qo'yiladi, mayyit zam-zam qo'shilgan suvda yuvilsa, gunohlari mag'firat etilarmish. Agar banda tirikligida Alloh taoloning buyruqlarini bajarmasa, qaytariqlaridan qaytmasa, vafot etganda unga hech narsa foyda bermaydi.
Ayollarimiz bozor-o'charga o'ch. Umraga borganda ham ibodatlar qolib, o'zlarini bozorga urishadi. Vaholanki, Masjidi Nabaviyda bir rakat namozga ming rakatning, Masjidul Haromda esa bir rakatga yuz ming rakat namozning savobi beriladi.
Vatanga qaytgach ziyoratchilarning oyoqlari ostiga kilometrlab poyandoz va gilamlar to'shash, qimmat ulovlarda kutib olish, hatto tuyalarda ham peshvoz chiqish holatlari kuzatilyapti. Bu dabdaba riyo va sum'adan boshqa narsa emas. Riyo va sum'a esa barcha savoblarni yo'qqa chiqaradi.
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Oxirgi zamonda bir qavmlar paydo bo'ladi. Ular hamma amallarni barchaga ko'rsatib, oshkora qilishni o'zlariga odat qilib oladilar va maxfiy ravishda sir tutib qilishni yoqtirmaydilar”, dedilar. Shunda sahobalar so'radilar: “Yo Rasululloh, buni qanday tushunaylik?” Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Odam bir-birini ko'rolmasligidan, ya'ni falonchi unday qilibdi, men undan ham o'tkazib qilaman deyishidan yoki bir-biridan qo'rqqanidan shunday qilishadi” (Imom Muslim rivoyati).
Umraga ketayotgan ayollarimizga ziyorat odoblarini eslatib o'tmoqchimiz!
– Ehrom uchun odmigina liboslarni kiyish kerak. Kiyimlar o'ta tor, yaltiroq, boshqalarning e'tiborini tortadigan, ichi ko'rinib turadigan darajada yupqa bo'lmasligi darkor.
– Ehromda pardoz qilmaslik kerak.
– Talbiya aytganda, boshqa vaqt ham ayollar ovozlarini balandlatmaydilar.
– Payg'ambarimiz alayhissalom masjidlarida, ayniqsa, Ravzaga kirishda ovoz ko'tarmaslik, boshqalar bilan janjallashmaslik, yugurmaslik, boshqa ziyoratchilarga ozor bermaslik talab etiladi.
Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Ovozingizni Payg'ambar ovozidan yuqori ko'tarmang va unga bir-biringiz ila so'zlashgandek dag'al so'z aytmang, o'zingiz sezmagan holda amallaringiz habata bo'lib qolmasin”(Hujurot surasi, 2-oyat). Alloh taoloning oyati karimasidagi bu ta'kid o'zini musulmonman degan har bir insonga tegishlidir.
Har bir ziyoratchi umradan qaytgach, butkul yaxshi tomonga o'zgarishi, imkon qadar boshqalarga yordam berishi, har bir ishidan Allohning roziligini ko'zlashish kerak.
Munira ABUBAKIROVA,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Hotin-qizlar masalalari bo'yicha bo'lim mutaxassisi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati