Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Takfir Islomning mohiyatiga ziddir

22.04.2024   8043   6 min.
Takfir Islomning mohiyatiga ziddir

Aqida

 

Hanafiy mazhabiga ko'ra, iymon – Allohning huzuridan Muhammad sollallohu alayhi va sallamga kelgan barcha narsalarning haq ekaniga til bilan iqror bo'lib, qalb bilan tasdiqlashdir.

“Til bilan iqror qilish” “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”ni talaffuz qilishdir. “Qalb bilan tasdiqlash” esa, yuqoridagilarning barchasiga qalbda zarracha gumon va shubha qoldirmay ishonishdir. .

Ibn Umar va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Agar bir kishi o'z birodariga “ey kofir” desa, ikkisidan biri o'shanday (ya'ni, kofir) bo'ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, kimdir qalbida zarracha iymoni bor kishini “ey kofir” desa, o'zi dindan chiqib, kofir bo'lishidan qo'rqsin.

Hanafiy mazhabining mashhur ulamolaridan Ibn Najim rahmatullohi alayh: “Agar bu masalada kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, bir dalilni olish kerak”, degan.

Shuningdek, birgina dalil insonning iymoni borligini tasdiqlasa, uni musulmonlar safida olib qolish qolgan musulmonlarning zimmasiga yuklanadi.

Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabi ulamolari bu kabi hadislarda zikr etilgan ishlarga yo'l qo'ygan mo'min qilayotgan ishida qat'iylik bilan aniq farzni inkor qilmasa va haromni halol demasa, shariat taqiqlagan muhokamaga kirishmasa, kofir bo'lmaydi, balki katta gunoh qilgan bo'ladi, deb xulosa qilganlar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Uch narsa iymonning aslidandir: “Laa ilaaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaslik; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaslik”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).

“Kalimai shahodatni aytib, o'zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon ko'rinib, Islom buyurgan amallarni qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Allohning O'ziga havola! “Laa ilaaha illalloh”ni aytib, zohirida musulmon bo'lib ko'ringan odamni qilgan gunohi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiy mo'min bo'ladi. Kalimai tavhidni aytib, zohirida islomni ko'rsatib turgan odamni amali sababli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar'iy jazo beriladi. E'tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida – shu!” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh).

Bugungi kundagi katta xatolardan yana biri – kufr haqidagi umumiy fatvo yakka shaxsga tatbiq etilayotganidir. Masalan, ulamolarning fatvosida “falon toifaga mansub kishilar kofir bo'ladi”, deyilgan. Bu esa shu toifaga mansub kishilarning hammasi kofir degani emas. Bir shaxsga nisbatan kufr fatvosini berishdan oldin u haqda so'rab-surishtirib, aniqlik kiritib, shaxsan bahs olib borib, uning kufrda ekani isbotlansagina, bo'yniga qo'yish lozim bo'ladi.

Aqida ilmi ulamolari: “Ba'zi bir gaplar kufr bo'lishi mumkin. O'sha gapni aytgan kofir bo'ladi, degan hukm ham chiqishi mumkin. Ammo shu gapni aytgan shaxsni hujjat, dalil bilan isbotlanmaguncha kofir deb hukm chiqarilmaydi”, deganlar.

Alloh taolo Niso surasining 10-oyatida: “Albatta, etimlarning molini zulm ila eganlar, qorinlariga olovni egan bo'lurlar. Va, shubhasiz, do'zaxga kirurlar”, degan. Ushbu oyati karimadagi qo'rqitish, boshqa oyatlarda ham bor. Ammo mana shu oyatga binoan, aniq bir shaxsga kelganda bu odam, albatta, do'zaxga tushadi, degan qat'iy hukm aytilmaydi.

Ahli qibla bo'lgan bir kishining bu kabi holatlarda do'zaxga kirishiga dab-durustdan guvohlik berish mutlaqo xato va saviyasizlikdir. Chunki u mazkur oyat ma'nosi va hukmini bilmasligi mumkin. Bilgach, gunohidan tavba qilishi, shu gunohni yuvadigan savob ishlarni bajarishi mumkin.

Kishi kufr gapni aytgani uchun qozining huzuriga keltirilsa, qozi guvohlarning da'volaridagi masala – kufr gapni aytgani haqida so'raydi. Agar aytganidan tonsa, qo'yib yuboriladi. Chunki gapdan tonish tavba hisoblanadi.

Agar aybdor men bu gapning kufr ekanini bilmasdim, desa, unga tushuntiriladi. Bundan keyin hushyor bo'lishni uqtirib, qo'yib yuboriladi. Ammo men bu gapni bilib aytdim, dinimdan qaytdim, desa, uni tavba qilishga chaqiriladi hamda tavba qilguniga qadar qamab qo'yiladi...

Kufr gapni ochiq aytgan va tan olib turgan odamga Islomning muomalasi shunday bo'lgach, iymonini tasdiqlayotgan va Islomga imkon qadar amal qilayotganlarni turli bahona va asossiz sabablar bilan kofirga chiqarish va ularga turli ko'rinishdagi zulmni ravo ko'rish aqidamizga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.

 

Manbalar asosida

Akmalxon domla AHMYeDOV va

Kamoliddin domla HAMROQULOV tayyorlashdi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   39195   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV