Aqida
Hanafiy mazhabiga ko'ra, iymon – Allohning huzuridan Muhammad sollallohu alayhi va sallamga kelgan barcha narsalarning haq ekaniga til bilan iqror bo'lib, qalb bilan tasdiqlashdir.
“Til bilan iqror qilish” “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”ni talaffuz qilishdir. “Qalb bilan tasdiqlash” esa, yuqoridagilarning barchasiga qalbda zarracha gumon va shubha qoldirmay ishonishdir. .
Ibn Umar va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Agar bir kishi o'z birodariga “ey kofir” desa, ikkisidan biri o'shanday (ya'ni, kofir) bo'ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, kimdir qalbida zarracha iymoni bor kishini “ey kofir” desa, o'zi dindan chiqib, kofir bo'lishidan qo'rqsin.
Hanafiy mazhabining mashhur ulamolaridan Ibn Najim rahmatullohi alayh: “Agar bu masalada kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, bir dalilni olish kerak”, degan.
Shuningdek, birgina dalil insonning iymoni borligini tasdiqlasa, uni musulmonlar safida olib qolish qolgan musulmonlarning zimmasiga yuklanadi.
Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabi ulamolari bu kabi hadislarda zikr etilgan ishlarga yo'l qo'ygan mo'min qilayotgan ishida qat'iylik bilan aniq farzni inkor qilmasa va haromni halol demasa, shariat taqiqlagan muhokamaga kirishmasa, kofir bo'lmaydi, balki katta gunoh qilgan bo'ladi, deb xulosa qilganlar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Uch narsa iymonning aslidandir: “Laa ilaaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaslik; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaslik”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Kalimai shahodatni aytib, o'zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon ko'rinib, Islom buyurgan amallarni qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Allohning O'ziga havola! “Laa ilaaha illalloh”ni aytib, zohirida musulmon bo'lib ko'ringan odamni qilgan gunohi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiy mo'min bo'ladi. Kalimai tavhidni aytib, zohirida islomni ko'rsatib turgan odamni amali sababli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar'iy jazo beriladi. E'tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida – shu!” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh).
Bugungi kundagi katta xatolardan yana biri – kufr haqidagi umumiy fatvo yakka shaxsga tatbiq etilayotganidir. Masalan, ulamolarning fatvosida “falon toifaga mansub kishilar kofir bo'ladi”, deyilgan. Bu esa shu toifaga mansub kishilarning hammasi kofir degani emas. Bir shaxsga nisbatan kufr fatvosini berishdan oldin u haqda so'rab-surishtirib, aniqlik kiritib, shaxsan bahs olib borib, uning kufrda ekani isbotlansagina, bo'yniga qo'yish lozim bo'ladi.
Aqida ilmi ulamolari: “Ba'zi bir gaplar kufr bo'lishi mumkin. O'sha gapni aytgan kofir bo'ladi, degan hukm ham chiqishi mumkin. Ammo shu gapni aytgan shaxsni hujjat, dalil bilan isbotlanmaguncha kofir deb hukm chiqarilmaydi”, deganlar.
Alloh taolo Niso surasining 10-oyatida: “Albatta, etimlarning molini zulm ila eganlar, qorinlariga olovni egan bo'lurlar. Va, shubhasiz, do'zaxga kirurlar”, degan. Ushbu oyati karimadagi qo'rqitish, boshqa oyatlarda ham bor. Ammo mana shu oyatga binoan, aniq bir shaxsga kelganda bu odam, albatta, do'zaxga tushadi, degan qat'iy hukm aytilmaydi.
Ahli qibla bo'lgan bir kishining bu kabi holatlarda do'zaxga kirishiga dab-durustdan guvohlik berish mutlaqo xato va saviyasizlikdir. Chunki u mazkur oyat ma'nosi va hukmini bilmasligi mumkin. Bilgach, gunohidan tavba qilishi, shu gunohni yuvadigan savob ishlarni bajarishi mumkin.
Kishi kufr gapni aytgani uchun qozining huzuriga keltirilsa, qozi guvohlarning da'volaridagi masala – kufr gapni aytgani haqida so'raydi. Agar aytganidan tonsa, qo'yib yuboriladi. Chunki gapdan tonish tavba hisoblanadi.
Agar aybdor men bu gapning kufr ekanini bilmasdim, desa, unga tushuntiriladi. Bundan keyin hushyor bo'lishni uqtirib, qo'yib yuboriladi. Ammo men bu gapni bilib aytdim, dinimdan qaytdim, desa, uni tavba qilishga chaqiriladi hamda tavba qilguniga qadar qamab qo'yiladi...
Kufr gapni ochiq aytgan va tan olib turgan odamga Islomning muomalasi shunday bo'lgach, iymonini tasdiqlayotgan va Islomga imkon qadar amal qilayotganlarni turli bahona va asossiz sabablar bilan kofirga chiqarish va ularga turli ko'rinishdagi zulmni ravo ko'rish aqidamizga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.
Manbalar asosida
Akmalxon domla AHMYeDOV va
Kamoliddin domla HAMROQULOV tayyorlashdi
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM