Cavol: Singlimning 9 yildan beri farzandi yuk, 3 marta EKO kildi, lekin bo'lmadi. Hozir sog'lig'i ham joyida emas. Singlimning 2 tayyor embrioni muzlatilgan, klinikada turibdi. Men opasi surrogat ona bo'lib, singlimga bolasini tug'ib bersam bo'ladimi? Pul ishlab olish va boshka g'ayr maqsad uchun emas, singlimga kuyinganim uchun shu yo'lni tanlamoqchiman. Lekin Islomda mumkin bo'lsa agar.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim.
“Surrogat” so'zi lotinchadan olingan so'z bo'lib – “boshqasining o'rniga qo'yilgan” degan ma'noni bildiradi. Hozirda bizda keng tarqalayotgan “surrogat ona” degan ibora ham homilador bo'lib, farzand tug'ishda onaning o'rniga foydalanilgan ayol nazarda tutiladi. Bunda erning spermasi va xotinining tuxumhujayrasidan bo'lgan embrionni rivojlantirish uchun boshqa ayolning bachadoniga o'tkaziladi. Ko'pincha surrogat onalik pul evaziga, ba'zan ko'ngilli tarzda ham amalga oshiriladi.
Ushbu amaliyot shariatimizning umumiy qoidalariga ko'ra harom sanaladi. Bunda uni pul evaziga bajariladimi yoki ko'ngilli tarzdami farqi yo'q. Chunki ushbu amaliyotda erkak bilan bachadoni ijaraga olingan ayolning o'rtasida nikoh bo'lmaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda mo'minlarni vasf qilib bunday marhamat qilgan:
“Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar. Illo, o'z jufti halollari va qo'l ostidagilar (cho'rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar. Kimki shundan o'zgani istasa, bas, ana o'shalar haddan oshuvchidirlar”(Mu'minun surasi, 5-7 oyatlar).
Agar nikoh bo'lgan taqdirda (masalan, o'sha ayol erkakning ikkinchi xotini bo'lsa) ham mazkur amaliyot halol bo'lmaydi. Chunki bu nasablarni chalkashishiga olib keladi.
Shu va bundan boshqa omillarni hisobga olib, zamonamizning barcha ulamolari, ko'plab fatvo uyushmalari surrogat onalikni harom ekaniga fatvo berganlar. Jumladan, Islom Olami uyushmasi qoshidagi Islom Fiqhi Akademiyasi 1402 hijriy (1982 milodiy) yil o'tkazilgan yig'ilishida ushbu amaliyotni harom deb qaror qabul qilgan. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati