Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Ey tolib, ogoh bӯling!

23.04.2024   9143   5 min.
Ey tolib, ogoh bӯling!

Bugunning talabasi inshoAlloh ertaning ulamosi va din peshvosidir. Shu bois talaba etuk salohiyatga ega bӯlishi uchun ilmga chanqoq va intiluvchan bӯlishi bilan birga har bir ilmni ustoz nazorati ostida ӯta ishonchli manbalar orqali puxta egallashga harakat qilishi lozim. Shu bilan birga mustaqil ӯqiyotgan adabiyotlaridagi nozik masalalarni tӯg'ri tahlil qilaolish kӯnikmasiga ega bӯlishi kerak. Ӯziga shubhali yoxud tushunarsiz bӯlgan ma'lumotlarga duch kelganda shu sohaga aloqador ustozlardan sӯrab, tӯg'risini aniqlab olishi uning ma'naviy toyilishdan, adashish va adashtirishdan salomat bӯlishiga va ilmda kamolot hosil qilishiga sabab bӯladi. Zero, hozirgi paytda din dushmanlari tomonidan jamiyatda fitna tarqatish va musulmonlarni ahli sunna valjamoa aqidasidan ozdirish maqsadida turli vositalardan foydalanilayotgani hech kimga sir emas. Ana shunday vositalar ichida eng xavfli va yashirin vosita tolibi ilmlarni tuzoqqa tushurishdir. Buning uchun talabalar qiziqib ӯqiydigan, osonlashtirilgan diniy adabiyotlar va arab tiliga oid risola va kitoblar ichiga notӯg'ri qarashlarning "urug'"larini ӯta yopiq tarzda ekib ketadilar. Yuzaki ӯqigan paytda bu fikrlar talabaga tӯg'ri bӯlib tuyulishi mumkin. Biroq, masalaga chuqurroq yondashilsa, bitta jumla, hattoki birgina sӯzning ortiga juda katta fitna berkitilganini anglaysiz. Bunga bitta misol keltirib, uni tahlil qilish bilan sӯzimni yakunlayman. Arab tili balog'atiga oid engillashtirilgan bir risolada "atf" qoidasini bayon qilgach quyidagilar zikr qilinadi:

ونحو قوله تعالى وجاء ربك والملك صفا صفا . فلله جل وعلا مجيء وللملائكة مجيء لكن مجيء الله ليس كمثله مجيء فهو مجيء حقيقي يليق بجلاله وكماله سبحانه وتعالى . وأما القول بأنه جاء أمره فتحريف وضلال مبين .

"Va yana Alloh taoloning:

وَجاءَ ربُّكَ والْمَلَكُ صَفًّا صَفًّا

(Yuzaki tarjimasi: "Va Robbing va farishtalar saf-saf bӯlib keldi". "Fajr" surasi, 22) oyati kabi.

Bas, Alloh tolo uchun ham مجيء (ya'ni, yuzaki ma'nosiga kӯra "kelish") bor, farishtalar uchun ham مجيء (kelish) bor. Lekin biror مجيء Alloh taoloning مجيء si kabi emas. Bas, u (ya'ni Alloh taoloning مجيء si) Ӯzining ulug'ligi va kamoliga munosib bӯlgan haqiqiy مجيء (kelish)dir. Ammo, (Alloh taoloning مجيء sini) "Uning amri keldi" deb aytishga kelsak, bas, bu tahrif (ya'ni Qur'onni ӯzgartirish) va ochiq zalolatdir" (Iqtibos tugadi).

Yuqoridagi fikrlarni ӯqigan talaba agar ahli sunna valjamoaning mutashobih oyatlarni talqin qilishdagi uslubini yaxshi ӯzlashtirmagan bӯlsa, soxta "salafiylik" fitnasiga tushishi va aldanishi ehtimoli katta. Chunki فهو مجيء حقيقي "Bas, u (ya'ni Alloh taoloning مجيء si) haqiqiy مجيء (kelish)dir",

degan gapning tagida juda katta muammo bor. Bu jumhur salafi solihlarning "tafviz" yӯliga tӯg'ri kelmaydi. Qolaversa bu erda xalaf ulamolarimizning ta'vil yӯlini "tahrif (Qur'onni ӯzgartirish) va ochiq zalolat" deb hukm qilingan.

Masalaning tafsiloti quyidagicha:

Salafi solihlar Alloh taologa nisbat beriladigan مجيء sifatidan bu sӯzning lug'atdagi yuzaki-haqiqiy ma'nosi bӯlmish "bir joydan boshqa joyga kӯchish" ma'nosini inkor qilishadi. Chunki Alloh taolo jism emas, U makon tutishdan pok va behojatdir. مجيء dan iroda qilingan ma'noni Allohga havola qilamiz, deyishadi. Bunga kӯra Allohdan kayfiyat tushunchasi inkor qilingan bӯladi. Chunki kayfiyat jismlarning xususiyatlaridan hisoblanadi. Natijada Alloh taoloning مجيء sifati bilan bandaning مجيء si ӯrtasidagi ӯxshashlik haqiqat jihatidan ham inkor qilingan bӯladi.

Soxta "salafiylar"ning

فهو مجيء حقيقي

"Bas, u (ya'ni Alloh taoloning مجيء si) haqiqiy مجيء (kelish)dir",

degan gapining ma'nosi shuki, مجيء ӯzining haqiqiy ma'nosi bӯlmish "bir joydan boshqa joyga kӯchish" ma'nosidadir, lekin kayfiyati bandanikiga ӯxshash emas, ana shu kayfiyatni qandayligini Allohga havola qilamiz, deganidir. Bunga kӯra Alloh taoloning مجيء sida qandaydir kayfiyat bor, bu kayfiyat bandadagi مجيء ning kayfiyatidan farq qiladi, biroq مجيء ning haqiqatida (ya'ni "kӯchish" ma'nosida) bandaniki bilan bir xil, degan xulosa chiqib qoladi. Bu esa مماثلة (ӯzaro ӯxshashlik) hisoblanadi va tashbehni keltirib chiqaradi.

Shu bilan birga bu fikr ostida Alloh taoloni makon tutishga muhtoj, degan buzuq e'tiqod yotadi. Alloh taolo butun olamlardan behojat va barcha aybu nuqsonlardan pokdir.

Soxta "salafiylar" tahrif va ochiq zalolat deb hukm qilgan xalaf ulamolarimizning "Uning amri keldi" deya ta'vil qilish yӯllariga kelsak, aynan shu ma'noda ta'vil qilishni imom Ahmad ibn Hanbaldek ayrim mutaqaddim ulamolar ham quvvatlaganlar. Endi ular kimni zalolatda ayblayotganliklariga bir boqsinlar.

Tavfiq Allohdan.

Mir Arab oliy madrasasi ӯqituvchisi
Asrorxon Mahmudov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   16517   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari