Turkiyadagi To'pqopi muzeyida saqlanayotgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shippaklarining ko'rinishi
Ibn Asokir rahimahulloh: "Abu Hadidning hovlisiga kirdim. U erda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak oyoq kiyimlarini ko'rdim", degan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oyoq kiyimlarining har birida ikki tasma bor edi (bir tasma bosh barmoq bilan yonidagi barmoq o'rtasida turar edi, ikkinchisi o'rta barmoq bilan yonidagisining o'rtasida turar edi). O'sha ikki tasmaning uchi kelib qo'shilgan qadam yuzidagi ko'ndalang tasma ham bir juftdan edi” (Imom Termiziy rivoyati).
Shippakning old tomoni egri shaklda edi (barmoqni turli tosh yoki narsalar tegishidan himoya qilish uchun).
Shippakning orqa tomonidagi tasma tovonni qattiq quchoqlab turgan. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tovonlari sergo'sht bo'lmagan.
Sahobalar ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oyoq kiyimlariga o'xshash shippak kiyishni yaxshi ko'rardilar va oyoq kiyimlarini shunday qilib olardilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV