Bir kunda besh vaqt namozni o'z vaqtida ado eting! To'g'ri dastlab, bir mahal, keyin ikki, uch qilib ko'paytirayotgan bo'lishingiz mumkin. Biroq besh mahal namoz har bir musulmon zimmasidagi farzdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mu'oz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga jo'natayotib: “Alloh taolo besh mahal namozni har bir bandaning zimmasiga farz qilganini etkazgin”, deb alohida ta'kidlaganlar.
Demak, bir kunda besh mahal namoz farzdir. Ikki yoki uch mahal emas.
Barchamizga yaxshi ma'lumki, birorta eshikni ochish uchun albatta kalit kerak. Huddi shuningdek, Jannatga kirish uchun ham kalit talab etiladi. Agar jannatga kirishni istasangiz sizga kalit kerak bo'ladi. Axir bu dunyoda ham eshikdan kirish uchun kalit kerak bo'lyaptiku.
Har bir kalitda o'zining tishlari bo'ladi. Tasavvur qilib ko'ringchi, kalitingizning bir tishi bo'lmasa nima bo'ladi? Istasangiz sinab ko'ring, kalitingiz tishidan bittasini sindirib, ochishga urinib ko'ringchi? Eshik ochilarmikin? Vaholanki, kalitda birgina singan tishdan boshqa yana bir qancha butun tishlar bor.
Yana bir misol. Aytaylik, bir tanishingizga qo'ng'iroq qilmoqchi bo'lsangiz, uning raqamini terasiz. Bordiyu birgina raqamni noto'g'ri tersangiz, siz yaqin odamingiz bilan gaplasha olmaysiz, to'g'rimi?
Demak, Jannatga tushishni istar ekansiz siz besh mahal namozni o'z vaqtida ado etishingiz kerak ekan.
Namoz vaqti kirganda yumshoq to'shakingizda yotgan yoki ayolingiz bilan birga bozorda bo'lsangiz ham, biror ish bilan band yoki farzandlaringiz bilan birga o'ynayotgan bo'lsangiz ham darhol hammasini chetga surib, namozni ado etishga kirishing!
Qanchalik ko'p ishlaringiz bo'lmasin, siz namozni o'z vaqtida ado etsangiz Alloh taoloning O'zi boshqa ishlaringizni oson qilib qo'yadi. Lekin afsuski, buni ko'pchilik tushunmaydi.
Odatda biz o'zimiz uchun oson bo'lgan amallarni qilamiz. Lekin qachonki nafsimizga og'ir keladigan ishga duchor bo'lsak o'zimizni olib qochamiz.
Bugungi kunda o'zining gavdasi, mushaklari bilan maqtanadiganlarning videolavhasi juda ko'payib ketdi. Buning sababi hozirgi yoshlar mushaklarini ishirib olishga juda qiziqadilar. O'zlarini boshqalardan kuchli deb hisoblaydilar. Lekin aslida haqiqiy kuchli inson kim? Mushaklari baquvvatmi? Yo'q, aslo unday emas. Bomdod namoziga turish uchun ustidagi ko'rpasini ko'tara olgan haqiqiy kuchli odamdir. Agar o'zingizni kuchli deb bilsangiz, bomdodga turishda sinab ko'ring.
Aziz ota-onalar farzandlarimizdan biror narsani talab qilishda avvalo o'zimiz o'rnak bo'laylik. Toki yoshlar bir qo'lida og'ir toshni ko'taradigan odam kuchli inson emas, balik, tahajjud va bomdod namozlarini turadigan odam haqiqiy kuchli odam ekanini yaxshilab anglab etsinlar.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Ularning yonboshlari o'rin-joylaridan yiroq bo'lur. Ular Parvardigorlariga qo'rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar” (Sajda surasi, 16-oyat).
Alloh taolo bu oyatda kuchli mo'minlar haqida xabar qiladi. Ular tunlarni ibodat bilan o'tkazib, oz uxlaydilar, kechalari Robbul a'lamiyndan qo'rqib, Uning rahmatidan umidvor holda bedor bo'ladilar.
Alloh taolo barchamizni ana shunday go'zal xulqlar bilan sifatlangan bandalaridan qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati