Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Tinchlik-xotirjamlikka nima etsin!

24.04.2024   5591   6 min.
Tinchlik-xotirjamlikka nima etsin!

…Tun yarmida qo'shni xonadonda ko'tarilgan shovqin qo'ni-qo'shnilarning ham tinchini o'g'irladi. Kimdir oilaviy janjalga aralashmagan ma'qul degan fikrda bo'ldi, yana kimdir, balki ularni murosaga keltirish kerakdir, degan o'yda o'sha hovlining darvozasidan bosh suqdi. Bo'lmadi, uchastka profilaktika noziri kelmaguncha baqir-chaqir, ur-sur tinchimadi. Kelishmovchilik, tushunmovchilik ortidan kelib chiqqan to'polon birgina shu oila a'zolarining emas, yon-atrofdagilarning ham tinchligiga, xotirjamligiga rahna soldi...

...- Eshitdingizmi, narigi mahalladagi falonchi akaning uyiga o't ketibdi! Imoratlarning devorigacha yonib tugabdi....

Bu gapni eshitgan mahalladoshlarning barini ichi tuzdek achishdi. O't balosi qayerdan chiqdi? Endi sovuq kunlarda bu oila qayerda yashaydi? Jo'jabirdek jon edi oila sohibi, qanday qilib o'zini tiklab oladi endi? Mana shunday savollar bu oilani bilganki insonlar ko'nglidan o'tdi. Qo'shni qishloqda bo'lgan noxush voqea yon-atrofdagilarning ham tinchini buzdi...

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qo'shni davlatning yirik viloyatidagi suv toshqini haqidagi xabar o'zbekistonliklarni ham xavotirga soldi. Chunki bu davlatda ish yuzasidan yurgan farzandlar, yaqinlar bor, o'sha erda istiqomat qilayotgan qon-qarindoshlar bor. “Insonlar omon bo'lishsa bo'ldi, mol-mulk, uy-joy topiladi”, degan o'y va tilak o'tdi ko'pchilikning dilidan. Biroq to toshqin talafotlari bartaraf etilmaguncha yuraklardagi notinchlik barham topmadi...

Bu voqealar izohiga ko'z yugurtirar ekansiz, sizning ham ko'nglingizga g'ashlik ingan bo'lsa kerak, aziz zamondosh. “Ha, tinchlikka, xotirjamlikka nima etsin”, deya pichirlagan bo'lsangiz ham ajab emas. Bu tabiiy hol. Biz tinchlikni, xotirjamlikni xush ko'radigan xalqmiz. Shu sabab duolarimiz avvalida Yaratgandan tinchlik el-yurtga, xonadonlarga tinchlik so'raymiz. Tinchlikni eng ulug' ne'mat deb bilamiz va shu qadar qadrlaymiz. Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin”, deb qilingan duodan ko'ra afzalroq duo yo'qdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Biroq afsuski, bugun er yuzi sahnining har burchi ham tinch emas. Har bir elatu xalqlar tinchlikda kun kechirmayapti. Ba'zi g'oyalar kurashidan oddiy xalq, yoshlar aziyat chekyapti. To'g'ri yo'ldan ozdiruvchi oqimlar, aqidalar bir lahza tinim bilgani yo'q. Ular o'zlariga xayrixoh, safini to'ldiruvchi, ongi zaharli tushuncha bilan to'lgan hamfikrlar izlab topish va maqsadida erishish bilan mashg'ul. Hunrezliklar, qo'poruvchiliklar, qurolli hujumlardan begunoh insonlar, bolalar qurbon bo'lyapti...

Bular haqida o'ylagan saring beixtiyor Vatanni, uning sarhadini, mustaqilligini, tinchligini ko'z qorachig'idek asrash kerakligi yuragingda qat'iy va eng muhim ahdga aylanadi. Shunday bo'lishi ham kerak. Farovonlik, obodlik, bunyodkorlik, insonni ulug'lash va xalq manfaati bosh maqsad bo'lgan Vatanning tinchligini asrash shu zaminda umrguzaronlik qilayotgan har bir fuqaroning burchi, vazifasi va majburiyatidir.

Afsuski, tinchlikning, xotirjamlikning qadriga etmaydiganlar ham oramizda uchrab turibdi. Zero, Alloh taolo tomonidan Qur'oni karimning “Isro” surasi 83-oyatida: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik etsa, noumid bo'lur”, deya marhamat qilinadi. Biz farzandlar, do'st-birodarlarga tushuntiraylikki, toki ularning ko'nglini shukronalik tark etmasin. Yomonlikka ro'baro' kelmasdan avval yaxshilikni, yaxshi kunlarning qadriga eta olsinlar.

Yana bir holat shu kunning og'riqli nuqtasi ekanini inkor qilolmaymiz. Hozir yoshlarimiz anchayin jizzaki, haq bo'lsalar isbot etish uchun raqibi jismiga zarar etkazishga judayam o'ch. O'zgani ayovsiz do'pposlash, joniga qasd qilish ayrim yoshlar uchun oddiy holdek tuyulyapti. Bu fojiadir. Bu oiladagi tarbiyada oqsalgani oqibatidir. Yoshlarimiz orasida o'zaro bahsga, tortishuvga kirishganlarni murosaga keltirish o'rniga ularni gij-gijlaydiganlarning ko'pligi biz kattalarni hushyorlikka undashi kerak. Bu borada Qur'oni karimning “Hujurot” surasi 9-oyatida: “Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!” deyilganini ham unutmasligimiz lozim. Qolaversa, Alloh taolo tomonidan “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (“Baqara” surasi, 208-oyat), deya marhamat qilinadi.

Takror ta'kidlashimiz mumkinki, tinchlik – eng aziz ne'mat. U bor joyda ahillik, salomatlik, yaxshilik, rivoj va obodlik bo'ladi. Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Ikki eng aziz ne'mat boru, ko'plar buning qadriga etishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati). Shu o'rinda Alloh taoloning ismlaridan biri “As-Salom” ekanini e'tirof etishimiz ham joizdir. Qur'on nozil bo'lgan kecha ham salom kechasidir. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida: “U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir”, deydi (“Qadr” surasi, 5-oyat).

Musulmonning muddaosi nima? Ikki dunyo saodati emasmi?! Buning uchun zimmamizdagi farz va sunnat amallarni ado etish bilan birga Vatan, vatandoshlar tinch-osuda hayoti uchun o'z hissamizni ham qo'sha olmog'imiz kerak. Zotan, Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda keltirilganidek, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Ey, Anas!) Alloh taolodan dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlikni so'ragin. Zero, senga dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlik berilsa, najot topibsan”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Zaminimizda doim tinchlik bo'lsin. Ertangi kun uchun qilgan yorug' niyatlarimizni Alloh ijobat aylasin. Farzandlar, yoshlar to'g'ri yo'ldan adashmasin. Biz esa ular qalbiga ilm-ma'rifat nurini solishdan erinmaylik, charchamaylik. Halqi ziyoli, ma'rifatli yurtdan tinchlik arimagay, inshaalloh!

Musoxon ABBASIDDINOV,

Namangan viloyati bosh imom-xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   21146   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari