…Tun yarmida qo'shni xonadonda ko'tarilgan shovqin qo'ni-qo'shnilarning ham tinchini o'g'irladi. Kimdir oilaviy janjalga aralashmagan ma'qul degan fikrda bo'ldi, yana kimdir, balki ularni murosaga keltirish kerakdir, degan o'yda o'sha hovlining darvozasidan bosh suqdi. Bo'lmadi, uchastka profilaktika noziri kelmaguncha baqir-chaqir, ur-sur tinchimadi. Kelishmovchilik, tushunmovchilik ortidan kelib chiqqan to'polon birgina shu oila a'zolarining emas, yon-atrofdagilarning ham tinchligiga, xotirjamligiga rahna soldi...
...- Eshitdingizmi, narigi mahalladagi falonchi akaning uyiga o't ketibdi! Imoratlarning devorigacha yonib tugabdi....
Bu gapni eshitgan mahalladoshlarning barini ichi tuzdek achishdi. O't balosi qayerdan chiqdi? Endi sovuq kunlarda bu oila qayerda yashaydi? Jo'jabirdek jon edi oila sohibi, qanday qilib o'zini tiklab oladi endi? Mana shunday savollar bu oilani bilganki insonlar ko'nglidan o'tdi. Qo'shni qishloqda bo'lgan noxush voqea yon-atrofdagilarning ham tinchini buzdi...
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qo'shni davlatning yirik viloyatidagi suv toshqini haqidagi xabar o'zbekistonliklarni ham xavotirga soldi. Chunki bu davlatda ish yuzasidan yurgan farzandlar, yaqinlar bor, o'sha erda istiqomat qilayotgan qon-qarindoshlar bor. “Insonlar omon bo'lishsa bo'ldi, mol-mulk, uy-joy topiladi”, degan o'y va tilak o'tdi ko'pchilikning dilidan. Biroq to toshqin talafotlari bartaraf etilmaguncha yuraklardagi notinchlik barham topmadi...
Bu voqealar izohiga ko'z yugurtirar ekansiz, sizning ham ko'nglingizga g'ashlik ingan bo'lsa kerak, aziz zamondosh. “Ha, tinchlikka, xotirjamlikka nima etsin”, deya pichirlagan bo'lsangiz ham ajab emas. Bu tabiiy hol. Biz tinchlikni, xotirjamlikni xush ko'radigan xalqmiz. Shu sabab duolarimiz avvalida Yaratgandan tinchlik el-yurtga, xonadonlarga tinchlik so'raymiz. Tinchlikni eng ulug' ne'mat deb bilamiz va shu qadar qadrlaymiz. Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin”, deb qilingan duodan ko'ra afzalroq duo yo'qdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Biroq afsuski, bugun er yuzi sahnining har burchi ham tinch emas. Har bir elatu xalqlar tinchlikda kun kechirmayapti. Ba'zi g'oyalar kurashidan oddiy xalq, yoshlar aziyat chekyapti. To'g'ri yo'ldan ozdiruvchi oqimlar, aqidalar bir lahza tinim bilgani yo'q. Ular o'zlariga xayrixoh, safini to'ldiruvchi, ongi zaharli tushuncha bilan to'lgan hamfikrlar izlab topish va maqsadida erishish bilan mashg'ul. Hunrezliklar, qo'poruvchiliklar, qurolli hujumlardan begunoh insonlar, bolalar qurbon bo'lyapti...
Bular haqida o'ylagan saring beixtiyor Vatanni, uning sarhadini, mustaqilligini, tinchligini ko'z qorachig'idek asrash kerakligi yuragingda qat'iy va eng muhim ahdga aylanadi. Shunday bo'lishi ham kerak. Farovonlik, obodlik, bunyodkorlik, insonni ulug'lash va xalq manfaati bosh maqsad bo'lgan Vatanning tinchligini asrash shu zaminda umrguzaronlik qilayotgan har bir fuqaroning burchi, vazifasi va majburiyatidir.
Afsuski, tinchlikning, xotirjamlikning qadriga etmaydiganlar ham oramizda uchrab turibdi. Zero, Alloh taolo tomonidan Qur'oni karimning “Isro” surasi 83-oyatida: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik etsa, noumid bo'lur”, deya marhamat qilinadi. Biz farzandlar, do'st-birodarlarga tushuntiraylikki, toki ularning ko'nglini shukronalik tark etmasin. Yomonlikka ro'baro' kelmasdan avval yaxshilikni, yaxshi kunlarning qadriga eta olsinlar.
Yana bir holat shu kunning og'riqli nuqtasi ekanini inkor qilolmaymiz. Hozir yoshlarimiz anchayin jizzaki, haq bo'lsalar isbot etish uchun raqibi jismiga zarar etkazishga judayam o'ch. O'zgani ayovsiz do'pposlash, joniga qasd qilish ayrim yoshlar uchun oddiy holdek tuyulyapti. Bu fojiadir. Bu oiladagi tarbiyada oqsalgani oqibatidir. Yoshlarimiz orasida o'zaro bahsga, tortishuvga kirishganlarni murosaga keltirish o'rniga ularni gij-gijlaydiganlarning ko'pligi biz kattalarni hushyorlikka undashi kerak. Bu borada Qur'oni karimning “Hujurot” surasi 9-oyatida: “Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!” deyilganini ham unutmasligimiz lozim. Qolaversa, Alloh taolo tomonidan “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (“Baqara” surasi, 208-oyat), deya marhamat qilinadi.
Takror ta'kidlashimiz mumkinki, tinchlik – eng aziz ne'mat. U bor joyda ahillik, salomatlik, yaxshilik, rivoj va obodlik bo'ladi. Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Ikki eng aziz ne'mat boru, ko'plar buning qadriga etishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati). Shu o'rinda Alloh taoloning ismlaridan biri “As-Salom” ekanini e'tirof etishimiz ham joizdir. Qur'on nozil bo'lgan kecha ham salom kechasidir. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida: “U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir”, deydi (“Qadr” surasi, 5-oyat).
Musulmonning muddaosi nima? Ikki dunyo saodati emasmi?! Buning uchun zimmamizdagi farz va sunnat amallarni ado etish bilan birga Vatan, vatandoshlar tinch-osuda hayoti uchun o'z hissamizni ham qo'sha olmog'imiz kerak. Zotan, Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda keltirilganidek, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Ey, Anas!) Alloh taolodan dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlikni so'ragin. Zero, senga dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlik berilsa, najot topibsan”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Zaminimizda doim tinchlik bo'lsin. Ertangi kun uchun qilgan yorug' niyatlarimizni Alloh ijobat aylasin. Farzandlar, yoshlar to'g'ri yo'ldan adashmasin. Biz esa ular qalbiga ilm-ma'rifat nurini solishdan erinmaylik, charchamaylik. Halqi ziyoli, ma'rifatli yurtdan tinchlik arimagay, inshaalloh!
Musoxon ABBASIDDINOV,
Namangan viloyati bosh imom-xatibi.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati