Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Islomdagi oqimlarning paydo bo'lishi

29.04.2024   5000   7 min.
Islomdagi oqimlarning paydo bo'lishi

Horijiylik – islomda dastlab paydo bo'lgan yo'nalish xorijiylikdir. Horijiylar – ajralib chiqqanlar ya'ni “isyonchilar” degan ma'noni anglatadi. Halifa Ali ibn Abu Tolib va Muoviya tarafdorlari bilan halifalikda xukmronlik uchun kurash ketayotgan bir davrda vujudga keldi. Ular halifa diniy jamoa tomonidan saylanadi va unga bo'ysunadi. Har qanday taqvodor musulmon (hatto qul yoki xabash bo'lsa ham) halifa qilib saylanishi mumkin; agar halifa jamoa manfaatlarini ximoya qilmasa vazifasidan bo'shatiladi va hatto, qatl qilinadi; e'tiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim, deb hisoblaganlar. E'tiqodsiz va gunohkor kishilarni jazolashda Murji'ilar jazo muddatini kechiktirishni istovchilar tarafdorlariga qarshi turganlar. VIII-asr ikkinchi yarmiga kelib, yo'nalish o'z rahbarlari nomi bilan ataluvchi azraqiy ibodiy, sufriy kabi guruhlarga bo'linib ketdi. Olimlarning fikricha ichidan bo'linish hamda ummaviy va Abbossiy halifalarning VII-XI - asrlarda xorijiylarga qarshi keskin kurash olib borishi natijasida ularning katta qismi qirib tashlandi, qolganlari Shimoliy Afrikada o'z davlatini vujudga keltirdi. Hozirgi xorijiylarning ibodiy sektasi mag'rib mamlakatlarida (Jazoir, tunis va boshqalar), Ummon va tanzaniyada uchraydi.

Muhaddis ulamolarimiz o'z kitoblarida “Havorijlar dindan otilib chiquvchilar haqida” degan sarloha ostida yuqorida zikri kelgan hadisdan boshqa bir qancha rivoyatlarni keltiradilar. Bu hadislarni Muhammad (s.a.v) ummatlari ichidan kelajakda chiqadigan ba'zi bir noqulay shahs va jamoalar haqida so'z yuritadilar va ogohlantirish uchun ularning sifatlarini ham eslatadilar. Bu o'zining bilgan mo''min-musulmonlar ehtiyot bo'lishlari uchun chaqiriqlar va o'sha sifatlardan o'zini olib qolishga da'vat hamdir. 

Shu erda rivoyatlarda ba'zi sifatlar takrorlanishi mumkinligini, bu esa, uslubdagi xato emas, balki hadislarni  turli vaziyat, zamon va mokonda aytilganidan ekanini eslatib qo'ymoqchimiz. Biz ularni jamlab o'rganyotganimiz tufayli avval eslanmagan bir sifat zikr qilingani uchun boshqa sifatlar takror kelsa ham, rivoyatni butunligicha keltirishga majburmiz.

Ikkinchidan, dalil hujjat surishtirish chog'ida ularning kuchlik ekanini isbotlash uchun bir hadisni roviylari yoki  uni keltirayotgan muhaddis boshqa bo'lsa ham takror keltiriladi. Misol uchun, imom Buhoriy yolg'o'z o'zlari rivoyat qilgan hadisdan ko'ra, u kishi bilan birga, yana bir muhaddis ham rivoyat qilgan hadis kuchli bo'ladi va hokazo.

Rasululloh (s.a.v) rivoyat qilgan hadislaridan birida: “Oxirzamonda bir qavm chiqadi. Ularning yoshlari kichik, aqllari past, qur'onni qiroat qilurlar. U alarning bo'g'zidan nariga o'tmas. Ular odamlarning eng yaxshi so'zlarini so'zlaydilar. Dindan huddi kamondan o'q chiqqandek chiqarlar. ”, dedilar. 

Bataxqiq, Nabiy (s.a.v)dan bu hadisdan boshqada rivoyat qilinishicha: “Qur'onni qiroat qiladigan va u alarning bo'g'zidan nariga o'tmaydigan, dindan huddi kamondan o'q chiqqanidek chiqadigan qavm vasfi xaruriy xavorijlar va ulardan boshqa xavorijlar”, ekani aytilgan.

Ushbu rivoyatdan xavorijlar faqat Hazrati Ali (k.v)ning vaqtlarida Haruro qishlog'ida yig'ilgan kishilirdan kishilardan iborat emasligi balki, ulardan boshqalari ham chiqib turishi anglanadi. Ayni shu e'tibordan xozirgi ba'zi bir toifalarda yuqorida zikr qilingan sifatlardan borligini e'tiborga olib, ulamolarimiz ularni “Zamonamiz xavorijlari”, deb aytadilar.

Muhaddis ulamolarimiz yuqorida keltirilgan rivoyatlarni fitnalar bobida keltiradilar. Qadimdan musulmonlar ushbu rivoyatlarda vasfi kelgan shahslarga o'xshab qolmaslik haqida chin dildan qayg'urganlar. Mabodo mazkur sifatlardan birortasi o'zida borligini bilib qolsalar uni darhol o'zgartirishga harakat qilganlar. 

Kezikelganda eslab o'tilgan rivoyatlarda zikr qilingan salbiy sifatlardan ba'zilarining ro'yhatiga ko'z tashlab chiqaylik.

  1. Ular Allohning kitobini ko'p tilovat qiladilar. Ammo ularning bo'g'zilaridan nariga o'tmaydi. 
  2. Ular dindan xuddi o'q kamondan chimqqanidek chiqadilar.
  3. Ularning ko'zga ko'ringan sifatlaridan biri, musulmon yo'lboshchilar, ulamo va fuzalolarga nisbatan behurmat bo'lish va o'zlarining yolg'on da'volari bilan ularning obro'sini to'kishga harakat qilish bo'ladi. 
  4. Ular ahli islomni qatl qiladilar va ahli butlarni tark qiladilar.
  5. Ular gapni go'zal gapiradilar, amalni yomon qiladilar.


Ularning dini diyonat va unga fidokorlik haqidagi gaplarini boshqalar gapira olmaydilar. Ammo fitnachilarda gap bor-u, amal yo'q. Ular gaplariga amal qilmasliklari bilan ajralib turadilar.

  1. Ular Allohning kitobiga da'vat qilurlar. Holbuki, o'zlarida undan hech narsa yo'q. 

Ular Qur'onni yaxshi bilmaydilar, o'zlarini ko'rsatish uchun Qur'oni karimga amal qilish haqida da'vat qilganlari qilgan. Ammo o'zlari unga amal qilishni o'ylamaydilar.

  1. “Haruriylar” Ali (r.a)ga qarshi chiqqanlarida: 

“Hukm faqat Allohgadir!” dedilar.

Shunda Ali (r.a):

“Haq kalima ila botil iroda qiroda qilindi. Ular xaqni Tillari bilan ayturlar ammo xalqumlaridan nariga o'tmas”, dedilar.

  1. Umar ibn Hattob (r.a)ning davridagi Subayg' al-Iroqiyga o'xshab, musulmonlar ichida Qur'ondagi turli narsalardan so'rab, fitna chiqaradi. 
  2. Ular odamlarning eng yaxshi gaplarini so'zlaydilar.

Shu bilan ko'pchilikning e'tiborini o'zlariga tortadilar.

  1. Ularning yoshlari kichik.

Ya'ni, keyingi paytda chiqib musulmonlar ommasini tashvishga solib soladigan jamoalarning ko'pchilik a'zolari yoshlardan iborat bo'ladilar.

  1. Ularning aqllari past.

Ilmlari va tajribalari oz bo'lgani uchun oqillik darajasiga etmagan bo'ladilar. 

 Yuqoridagi sifatlardan dindan otilib chiquvchi shaxsning siymosini qismon bo'lsa ham tasavvur qilish imkoniga ega bo'lamiz. Agar e'tibor ila nazar soladigan bo'lmak, darxaqiqat, keyingi paytda chiqayotgan xizb, jamoa, tashkilot va boshqa to'plarda yuqorida zikr qilingan sifatlardan u yoki, bunisi topilib turganini ko'ramiz.

Ajdodlarimiz mazkur salbiy sifatlarni yaxshi bilib olib, ulardan yiroq bo'lish uchun imkonlari etgan barcha omillarni ishga solganlar va o'sha sifatlarga yoki ularning ba'zilariga sohib bo'lgan kishilardan o'zoqda bo'lishga harakat etganlar.

Muhammadali KATTABAYeV 

Bilim yurti ARM mudiri

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   9230   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA