“Hidoya” o'rta maxsus islom bilim yurtida aprel – “Aqoid va informatika” fan oyligi munosabati bilan Aqoid fani o'qituvchisi Mahmudov Kalimulloh domla 3-kurs talabalariga “Aqoid” fanidan "Qabrdagi savol-javob haqligi bayoni" mavzusida ochiq darsi bo'lib o'tdi.
Kalimulloh domla Mahmudov ochiq darsda yangi mavzuni Sirojiddin Usmon al-O'shiy rahimahullohning “Bad-ul-amoliy” asari va uning mo''tabar sharhlari asosida yoritib berdi. Shu bilan birga mavzuga oid har bir aqidaviy masalani aqliy va naqliy dalillar bilan tushuntirib o'tdi. O'qituvchi ochiq darsda pedagogik usullar va ko'rgazmali qurollardan unumli foydalanib, darsni samarali tashkil etdi.
Mavzuga kirishishdan avval, g'ayb borasida, unga imon keltirish masalasiga qisqacha to'xtalib o'tdi. Aqida fani bo'yicha g'aybiyotga oid masalalr 3 turga bo'linishini aytib o'tdi.
Birinchisi: faqat aql bilan bilinadigan masalalar. Misol uchun Allohning borligi, uning ism va sifatlari. Bu masalalarning aslida shariatda dalillari mavjud bo'lsa-da, aql uni tasdiq qilishiga tavaqquf qiladi. Ya'ni, shariat keltirgan dalilni aql qabul qilmasa mo''min hisoblanmaydi.
Ikkinchisi: shariat ko'rsatmasi bilangina bilinadigan masalalar. Misol uchun: jin va farishtalar, savob va gunoh, hashr va nashr kabi masalalar. Aqlda bu kabi narsalarni bor yoki yo'qligi barobardir, ularning mavjudligi faqat shariat bilan bilinadi.
Uchinchisi: aql va shariat bilan birgalikda bilinadigan masalalar. Misol uchun: mo''minlar jannatda Alloh taoloni ko'rishlari. Bu xususda aql bilan bilish imkoni bor, shariatda ham dalil bor. Faqat aql shariat keltirgan dalilni qabul qilmasa dindan chiqib qolmaydi.
Darsning mavzusi bo'lgan “Qabrdagi savol-javob masalasi ushbu taqsimotning ikkinchi turiga mansub bo'lib, faqatgina shariat ko'rsatmasiga ko'ra bilanidagan masalalar qatorida turadi” dedi ustoz Kalimulloh Mahmudov.
So'ngra Sirojiddin Usmon al-O'shiy rahimahullohning “Bad-ul-amoliy” asarida mavzuga doir baytni o'qidi va uning lug'aviy jihatdan so'zma-so'z bayonini tushintirib, qabr va ajdos so'zlarining bir-biridan farqli hamda o'xshash jihatlari ochiqladi.
Kalom ilmining hanafiy-moturidiylik yo'nalishida mo''tabar sanalgan matnlar: fiqhul akbar, tahoviy matni, aqoid an-nasafiy bahrul kalom kabi asarlardan ham iqtiboslar keltirdi.
Ushbu ochiq darsda bilim yurti mudiri A.Bobamirzayev, o'quv ishlari bo'yicha mudir o'rinbosari S.Madmusayev, o'quv-uslubiy bo'lim boshlig'i A.Tursunov hamda bilim yurtining tajribali va yosh ustozlari qatnashdilar.

Yu.Shodiyev,
O'quv-uslubiy bo'lim
uslubchisi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati