Mazhablarda o'ziga xoslik va fiqhiy qarashlarni turli bo'lishi Quroni karim oyatlari va Hadisi sharifdagi so'zlarni turli manolarga dalolat qilishidir.
Masalan:
Taloq qilingan ayol idda o'tirishi lozimligini hamma biladi. Ammo iddaning muddati haqida bir mazhab ulamolaridan so'rasangiz, uch marta hayz ko'rguncha desa, ikkinchi mazhab ulamolari, uch marta hayzdan poklik muddati o'tishi kerak, deyishadi. Masala bitta bo'lsa, nima uchun javob har xil? Yoki dalillar har xilmi? Dalilga kelsak, ikki tomon uchun ham Allohning: «Val mutallaqotu yatarabbasna bi anfusihunna salasata quru'» - «Taloq qilingan ayollar o'zlariga uch quru' kutadilar», degan oyati karimasidir. Javobning turlicha bo'lishi «quru'» so'zidan kelib chiqqan. Bu so'z arab tilida ikki ma'noni, ham hayz va ham hayzdan poklik ma'nolarini anglatadi. Demak, imomlarning ayrimlari o'sha so'zdan bir hayz ma'nosini olib, iddaning muddati taloqdan so'ng uch hayz ko'rguncha kutish desa, boshqalari poklik ma'nosini olib, iddaning muddati uch marta hayzdan poklik muddatining o'tishi deganlar. Albatta, ulamolar bu ma'nolarni o'zlaricha yoki gapim boshqanikiga o'xshab qolmasin, deb emas, balki qo'shimcha kuchlantiruvchi dalillar asosida olganlar.
Demak, shu va shunga o'xshash sabablar tufayli fiqh ulamolarimiz mazhablarida o'ziga xoslik va turli-tumanliklar kelib chiqqan. Ilm va ufq doirasi etarli kishilar buni oddiy bir holat, turli-tuman insonlar yashaydigan jamiyatda bo'lishi tabiiy va qolaversa, musulmon ummati uchun rahmat deb tushunilgan. Chunki, og'ir ahvolga tushib qolganda bir mujtahidning fatvosida javob topilmasa, ikkinchisinikidan topiladi va hakozo.
Lekin, ming afsuslar bo'lsinki, ba'zi ufq doirasi tor, mutaassiblar bu holatdan janjal va kelishmovchiliklar chiqarishgan va musulmonlarga katta zarar etkazishgan.
Abdurahmonov Muhammadjon
"Hidoya" o'rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.