Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Sentabr, 2026   |   11 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:51
Quyosh
06:10
Peshin
12:16
Asr
16:32
Shom
18:25
Xufton
19:40
Bismillah
22 Sentabr, 2026, 11 Rabi`us soni, 1448

Ishingizni pishiq qiling!

01.05.2024   1053   3 min.
Ishingizni pishiq qiling!

Ishingizni pishiq qiling, zero Alloh taolo O'zini puxta qilish bilan vasflagan: “Bu har bir narsani puxta qiladigan Allohning san'atidir”(Naml surasi 88-oyat)

Puxtaliksiz qilingan ish rad etiladi. Alloh taoloning “U o'lim va hayotini sizlarning qaysilaringiz amalda yaxshiroq ekanligingizni sinash uchun yaratgandir”(Mulk surasi, 2-oyat) oyatini mufassir ulamolar: “Qay biringiz eng to'g'ri va eng xolis amal qilishingizni sinash uchun…”, deb tafsir qilishgan.

Puxtalik hech kim tepangizda kuzatib turmaganda ham ishni yaxshi shaklda bajarishdir. Har bir qilayotgan ishingizni mehr berib qiling, u ish qanchalik kichik bo'lsa ham. Mana shu muvaffaqiyat sirlaridan biridir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh ishni puxta qilishingizni xush ko'radi”.

Alloh taoloni xuddi ustingizda zikr qilib turganingizdek, ichingizda ham zikr qiling, sizni kuzatib turganini doim yodingizda tuting. Mana shu ishni pishiq qilish ustiga ixlosni ham qo'shish bo'ladi! Axir Alloh taolo aytadi-ku: “Sen: “Amal qilinglar! Bas, albatta, Alloh, Uning Rasuli va mo'minlar amalingizni ko'rarlar”, deb ayt”(Tavba surasi, 105-oyat).

Qachondir odamlardan xoli qolsangiz, bo'ldi xoli qoldim, demang. Bir kuzatuvchingiz bor!

O'zingizni tobora yaxshilab borishga harakat qiling. Zero, bu “Hisobga tortilishingizdan oldin, o'zingizni hisob-kitob qilingiz” hadisiga muvofiq pishiqlikka harakat qilish hisoblanadi.

Hayotdagi ba'zi taraqqiyot bosqichlarida ortda qolganimizning sababi ishimizda ixlos va puxtalik ruhini yo'qotganimizdir! Shunday ekan, ishingizni hech qachon tez bitirishga harakat qilmang, uni chiroyli bajarishga harakat qiling. Chunki odamlar sizdan qancha vaqtda bitirganingizni so'rashmaydi, balki uning pishiqligiga, sifatiga qarashadi.

Haqiqatan ham hozirgi kunimizda Islom diyorlaridagi ajablanarli holat – puxtalik va yuqori sifatga ega bo'lmagan uylarni ko'rayotganimizdir. Ko'priklar, uylar buzilib tushayotgani bejizga emas. Buning ikkita asosiy sababi bor: ishga jon berib, samimiy yondoshmaslik (xo'ja ko'rsinga qilish) va puxta qilmaslik.

Uylarning chidamsizligi va sifatsizligidan tortib, oddiy savdo-sotiqda tarozidan urib qolishgacha mana shu ikki omil asosiy rol o'ynaydi. Odamlarda ishiga sodiqlik, bajarayotgan ishini sidqidildan qilish degan narsalar tobora yo'qolib bormoqda. Hatto Payg'ambarimiz alayhissalom aytgan hadisdagi zamonga qolib ketdimmikin deb xavotir qilasan kishi: “Odamlarga shunday zamon keladiki, kishi molni haloldanmi, haromdanmi, qanday topayotganiga parvo qilmaydi”.

Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“OTS”: O‘zbekiston madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishda xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

22.09.2026   3052   2 min.
“OTS”: O‘zbekiston madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishda xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Avstriyaning “OTS” axborot servisida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini saqlash va ommalashtirish sohasidagi xalqaro hamkorligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”  AA muxbiri.

Maqolada “Universal Art Group” kompaniyasi vakillarining Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va yangi kashfiyotlar” mavzusidagi Xalqaro mediaforumdagi ishtiroki haqida so‘z yuritilgan.

Alohida e’tibor Markaziy Osiyo va islom dunyosining boy madaniy merosi bilan bog‘liq qo‘shma nashriyot tashabbuslariga qaratildi.

Yana bir muhim yo‘nalish Amir Temur davridagi Samarqandga oid tarixiy manbalarga murojaat qilish bo‘ldi. Xususan, Kastiliya qiroli tomonidan Temur saroyiga yuborilgan ispan diplomati Ruy Gonsales de Klavixoning esdaliklariga e’tibor qaratildi. Uning tavsiflari XV asr boshlaridagi Samarqand va Markaziy Osiyoni yevropalik sayohatchi nigohi bilan ko‘rish imkonini beruvchi qimmatli manba hisoblanadi.

“Universal Art Group” asoschisi va bosh direktori Sharlotta Kramerning ta’kidlashicha, tarixiy hujjatlar nafaqat o‘tmish, balki bugungi kunga ta’sir o‘tkazishda davom etayotgan insonlar, g‘oyalar va uchrashuvlar haqida hikoya qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhim vazifa bunday manbalarni avaylab-asrash va keng xalqaro jamoatchilikni ular bilan tanishtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat.

Tashrif doirasida “UAG” vakillari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim uchrashuvlari o‘tkazdi. Unda madaniy merosni saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilishda zamonaviy nashriyot sanoatining roli muhokama qilindi. “Universal Art Group” operatsion direktori Aleksandr Vilgelmning so‘zlariga ko‘ra, talabalar bilan o‘tkazilgan muloqotlar yosh avlodning tarixiy xotirani saqlash va madaniy qadriyatlarni kelajak avlodlarga yetkazish masalalariga bo‘lgan yuqori qiziqishini ko‘rsatdi.

“Kompaniyaning Toshkent va Samarqanddagi tadbirlarda ishtirok etishi O‘zbekistonning madaniyat, ta’lim va kreativ industriya sohalarida xalqaro hamkorligi kengayayotganining yana bir isboti bo‘ldi. Zamonaviy nashriyot texnologiyalari, tarixiy manbalar bilan ilmiy ishlash va raqamli formatlar mamlakatning o‘ziga xos merosini xalqaro auditoriya uchun yanada ochiq qilishga xizmat qiladi va O‘zbekiston hamda xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi”, — deyiladi xulosada.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari