“Agar bir kishi yoshligida nafsi buzilib, tarbiyasiz, axloqsiz bo'lib o'sdimi, bunday kishilardan yaxshilik kutmak erdan turib yulduzlarga qo'l uzatmak kabidir. Din va e'tiqodi salomat bo'lmagan kishilar haqni botildan foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, bunday kishilardan na o'ziga va na boshqa kishilarga va na millatga tariqcha foyda yo'qdur”.
Abdulla Avloniy.
Virtual o'yinlarga mukkasidan ketish so'nggi yillarda dunyo xalqlarining jiddiy muammolaridan biriga aylanmoqda.
Hozir yoshlar ongiga ta'sir qilib, ular qalbiga o'z buzg'unchi g'oyalarini singdirishni yoki ularni to'g'ri yo'ldan ozdirishni maqsad qilgan kuchlar juda kup. Bu holat oddiy komp'yuter uo'yinlaridan tortib, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa dasturlarida xam ochiq ko'zga tashlanadi.
Virtual olam insonni fikriy qaram etish orqali o'ziga bo'yso'ndirmoqda. Hozir bolalar yoki o'smirlarning internet-kafeni "ikkinchi uyi" ga aylantirib olayotgani sir emas. Kuzatishlar shuni ko'rsatadiki, onlayn o'yinlarini uynovchilar xam, asosan, o'smirlar.O'smirlik shaxsning fiziologik va ijtimoiy rivojlanishidagi o'ziga xos davr hisoblanadi. Agar shu davrda o'g'il yoki qiz agressiv ruhdagi onlayn uyinlariga berilsa, bu noxush oqibatlarga olib kelishi turgan gap.
Komp'yuter ekranidan turli tajovuzkorona ko'rinishlar, zo'ravonlik va fahsh ishlar ochikqdan-ochiq ko'rsatilishi bolalarning ruhiyatiga salbiy tasir etib, ma'naviy buzuqlikni keltirib chikaradi.
Internet klublarda yoshlar o'ynaydigan virtual o'yinlarning 49 foizi sezilarli darajada zo'ravonlik va yovuzlik ko'rinishiga ega, 41 foiz jangari (turli otishmalar va portlashlarga asoslangan) o'yinlarda esa o'yin qahramoni o'z maqsadiga etishish uchun zuravonlik va yovuzliklardan foydalanadi. Bunday uyinlarni yoshlar ongiga tashlangan olovga qiyoslash mumkin, chunki bu o'yinlar yoshlar ongini zaharlaydi va ularning ma'naviy tarbiyasiga salbiy ta'sir o'tkazadi.
Farzand istiqboli, yorqin kelajagi uchun har bir kishi tarbiya masalasiga jiddiy e'tibor bermog'i zarur. Bola tarbiyani turli komp'yuter o'yinlari, internet va ijtimoiy tarmoqlardan emas, eng avvalo, ota-onalaridan, bobo-momolaridan, ezgulikka, poklikka va dinu diyonatta chaqiruvchi yaxshi kitoblardan olsin. Bola inson zoye qilgan vaqti, yani umrini nimaga sarflagani xususida olamlar Parvardigori oldida javob berishini bilsin.
Payg'ambarimiz Muhammad (sollalloxu alayxi va sallam): "Qiyomat kuni bo'lganda bandaning kadami umrini nima bilan o'tkazib yuborgani, ilmiga qanchalik amal qilgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani va jismu jonini nima bilan qaritgani turisida so'ralmaguncha joyidan ko'zgalmaydi", - deganlar.
Virtual o'yinlarining salbiy oqibatlari haqida ommaviy axborot vositalarida bot-bot bong urishsa ham baribir internet-kafelarning doimo yoshlar bilan gavjumligi, u erda o'smirlarning turli o'yinlarga mukkasidan ketayotgani va qimmatli vaqtini behuda o'tkazayotgani dilni xira qiladi. Ayniqsa, bolalarning diqqatini monitordan uzmagan holda bir-biri bilan so'kishib, bir-birini behayo so'zlar bilan haqoratlab gaplashishi internetdan ma'lumot olish uchun kelgan qizlar, ayollarning jiddiy e'tiroziga sabab bo'lmoqda.
Aziz yoshlar, siz buyuk yurt farzandlarisiz! Siz butun dunyo tamadduniga tamal toshi kuygan insonlarning avlodisiz. Uzingizning yosh umringiz va qimmatli vaqtingizni uyin uynab va internetda bexuda utkazmang.Undan kura kitob o'qing, sport bilan shug'ullaning, ota-onangizning uy yumushlariga qarashing. Eng asosiysi,yoshligingizdan bu hayotda o'z o'rningizni topish yo'lini izlab,ajdodlarimizga xos va mos avlodlardan bo'ling.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tuman “Imom Sulton” jome masjidi imom xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati