Mazhabga ergashish degani Qur'on va sunnatni qo'yib, shaxsga ergashish degani emas. Balki bu aynan Qur'on va sunnatga ergashish sanaladi! Misol uchun, sizning bel qismingizda qattiq og'riq turdi. Shu darajada og'riyaptiki, jasadingiz bukilib qoldi. Shu mahal siz dorixonaga borasizmi yoki mutaxassisga uchraysizmi? Yoki o'zingiz belingizni nimaga og'riyotganligini bilmagan holingizda dorixonaga borib, menga anavi dorini bering, deb iste'mol qilaverasizmi?
Holbuki, siz qaysi dori qanday kasalga shifo ekanini bilmaysiz-ku! Bunday paytda shifokorga borib, uning ko'rigidan o'tiladi. Shifokor sizning shikoyatingizni eshitib, so'ng qo'lingizga sizga zarur dorining nomini yozib beradi. Shundan so'ng dorixonaga borib, tavsiya etilgan dorini olasiz. Ammo na siz, na dori sotuvchi u dorining tarkibini va nimadan tayyorlanganini bilmaydi.
Mazhab ulamolari biz uchun go'yo tabibdir. Bizga qaysi oyat yoki qanday hadis shifo bo'lishini ular biladi. Bu bir aqliy dalil edi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV