Dinimiz doimo ilmu ma'rifatga targ'ib qiladi. Qur'oni karimda: «Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat), deyilgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Farz Alloh taoloning qat'iy amri bo'lib, uni bajarish har bir mo'min-musulmon uchun majburiydir. Farzni bajarmaslik esa, ulkan gunohdir. U ikki qismga – farzi ayn va farzi kifoyaga bo'linadi.
Farzi ayn – har bir musulmon shaxsan bajarishi shart bo'lgan amal. Uni birov uchun boshqa odam ado eta olmaydi. Bunga namozni misol qilish mumkin. Balog'atga etgan har bir mo'min inson besh vaqt namozni o'qishi farzi ayn. O'qimagan odam qattiq gunohkor bo'ladi.
Farzi kifoya esa, ba'zi bir musulmonlar ado etsa, boshqalar uchun ham kifoya qiladigan amal. Bunga janoza namozini misol qilish mumkin. Bir musulmon vafot etsa, uning janozasini o'qib, dafn etish hamma musulmonlar uchun farz bo'ladi. Ammo farzi kifoya bo'lgani uchun bir insonning janozasini ba'zi musulmonlar o'qisa, boshqalardan farz soqit bo'ladi.
Ilm talab qilish borasida farzning ikkalasi ham ishtirok etadi.
Har bir musulmon o'zi uchun zarur ilmni, dinu diyonatni, halol-haromni bilib olishi farzi ayndir.
Musulmonlar jamoasi uchun zarur bo'lgan hunar va ilmlarni talab qilish esa farzi kifoyadir. Har bir sohada odamlar manfaatiga xizmat qiladigan mutaxassislarni etishtirish Islom jamiyatining barcha a'zolariga farzi kifoya bo'ladi. Ehtiyojlarni qondiradigan darajada mutaxassis tayyorlagan jamiyat a'zolaridan mazkur umumiy mas'uliyat soqit bo'ladi.
Bu farz o'sha mutaxassislar zimmasiga o'tadi. Agar jamiyatda ularning sohasi bo'yicha kamchilik yuzaga kelsa, o'sha mutaxassislar javobgardir. Farzandlariga ta'lim-tarbiya berishi, biror kasbning boshini tuttirishi har bir ota-onaning zimmasidagi majburiyatdir.
Demak, bugun jamiyatimiz uchun zarur bo'lgan turli soha mutaxassislarini tayyorlash barchamizning zimmamizdagi farzi kifoyadir. Buning uchun farzandlarimizni yoshligidan o'zi qiziqqan sohaga yo'naltirib, Vatanga, xalqqa, dinga xizmat qiladigan etuk mutaxassis bo'lishi uchun barcha sharoitlarni hozirlashimiz lozim. Shundagina bu farz bizdan soqit bo'ladi.
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Ho'jaobod tumani
“Yetti chinor” jome
masjidi imom noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV