Hadeb qasam ichaverma, garchi rost gapirayotgan bo'lsang ham
Alloh senga farz qilgan mol-mulkning zakotini xursand bo'lib, ichingdan xohlab ado et. Ro'zangni yolg'ondan va g'iybatdan saqla.
Qo'shnining, miskinning, qarindoshlarning haqqiga rioya qil, ahli-oilangga odob ber. Qo'l ostingdagilarga yumshoq munosabatda bo'l. Alloh senga buyurganidek faol shaxs bo'l. Yaxshilik qilishga imkoniyating bo'lsa uni tez qilib qol, sen uchun shubhali ko'ringan narsalarni tark et. Mo'minlarga mehribon bo'l, qayerda bo'lsang ham haq so'zla.
Hadeb qasam ichaverma, garchi rost gapirayotgan bo'lsang ham. Hohlagan gapingni gapirib tilingga erk beraverma, garchi so'zamol bo'lsang ham. Olim bo'lsang ham dinda takalluf qilma. Har bir gapingdan oldin ilmni muqaddam qo'y (doim bilib gapir).
Ibodatda mahkam bo'lsang ham, baribir Allohdan qo'rquvda tur (o'zingga juda ishonib yuborma). Dining salomat bo'lishi uchun odamlar bilan murosai-madora qil. Tilyog'lamalikdan tamoman saqlan.
Odamlar bilan chiroyli muomala qil. Bilmagan narsangni “Bilmadim, vallohu a'lam” deyishdan uyalma.
Gapingni eshitishni xohlamaydiganlar oldida gapirma, senga yomon ko'rsatadiganlar oldida diningni sarflama. Toqating etmaydigan musibatga parvo qilma, ko'p siqilma. Seni xorlaydiganlardan o'zingni baland tut. Hunuk xulqlarni o'zingga ep ko'rma. Faqat omonatdor odam bilangina do'st tutin. Sirlaringni hammaga ham aytaverma. Odamlarning holiga qarab muomala qil, aqli etmaydigan uslubda gapirmagin. Chaqirilmaganing ishga kirmagin (chaqirilmagan joyga bormagin).
Ulamolarning, hakim zotlarning qadrini bil. Senga qilingan yaxshilikni mukofotsiz qoldirma, yaxshilik bilan javob qaytar. Johillardan yuz o'gir, ahmoqlarga parvo qilma, ishingda Allohdan qo'rqqanlar bilan maslahatlash.
Birodaringga mazlum bo'lsa yordam ber, zolim bo'lsa uni haqqa qaytar, uning oldidagi o'z vazifangni bajar, lekin undan haqqingni talab qilma. Qarzdorga engillik qilib ber, bevalarga, etimlarga mehr ko'rsat, sabrli kambag'allarni ikrom qil, musibatga uchragan boylarga rahmdil bo'l, hech kimga hasad qilma.
Hech kimni g'iybat qilma, oxiratda so'roqqa tutilishdan qo'rqqan holda yomon gumon qilish eshigini butunlay yopib, yaxshi gumon eshigini och. Boshqalarning berishidan umidingni uzib, tamagirlik eshigini yop, qanoat birla boylik, behojatlik eshigini och. Allohning ismini unga yomon narsalarni nisbat berishdan polka.
Vaqtingdan unumli foydalan, tun-u kuning qanday o'tayotganiga qara.
Doimo tavbangni yangilab tur, vaqtingni uch qismga bo'l: ilm uchun, amal uchun, o'z haqlaring va zimmangdagi vazifalaring uchun. O'tgan hodisalardan ibrat ol, ikki toifa – ya'ni, Allohning rizosi bilan jannatga boradigan toifa va Allohning g'azabiga duchor bo'lib jahannamga yo'l oladigan toifa – Allohning huzurida qanday turishi haqida tafakkur qil. Allohning senga yaqinligini bil va yozib turuvchi farishtalarni ikrom qil.
Allohning ne'matlaridan fahm bilan foydalan va sano, shukr bilan javob qaytar.
Nafsning “Turli maqom-darajalarga erishding”, degan yolg'onidan, odamlarni mensimay haqni ko'rmaslikka olishdan ogoh bo'l, chunki bu o'ldiradigan o'qdir. Odamlar seni yomon ko'rishidan, ularning nazaridan tushib qolishdan qo'rqma. Ajal yaqinligini eslab faqirlik qo'rquvidan voz kech. Solih amallaringni imkoning boricha yashir.
Sendan maslahat so'ralsa bor imkoningni ishlat, Alloh uchun yaxshi ko'r va Alloh uchun (yomon odamlar bilan) aloqani qat'iy uz. Faqat taqvodor olim bilangina do'st bo'l, qalb ko'zi ochiq oqil inson bilangina birga bo'l. O'zingdan oldingi imomlarga ergash, o'zingdan keyingilarga muallim bo'l. Taqvodorlarga peshvo bo'l, hidoyat izlovchilarga panoh bo'l.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Muqaddas Haj ibodatini ulug‘ vazifalar va go‘zal amallar bilan ado etgan qashqadaryolik ziyoratchilarning dastlabki guruhlari yurtimizga sog‘-omon yetib kelishdi. Islom arkonlarini bajarib, yuzlarida nur, qalblarida shukronalik bilan qaytgan hojilarni xalqaro aeroportda ularning yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari va nuroniylar katta xursandchilik bilan samimiy kutib oldilar.
Muqaddas zamindan qaytgan ziyoratchilar Haj safari davomida qalblaridan kechgan unutilmas ma’naviy kechinmalari va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Hojilar tashkiliy ishlarning yuqori darajada bo‘lganini, ziyoratchilarga ko‘rsatilgan alohida g‘amxo‘rlik va yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga hamda soha mutasaddilariga o‘zlarining cheksiz minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Kamol hoji bobo To‘rayev, ziyoratchi: — Muqaddas Ka’batulloh poyida turib, qalbimizdagi eng ezgu tilaklar qatorida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va diyorimiz osoyishtaligini so‘rab duolar qildik. Mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan Yurtboshimizning sog‘liq-omonliklarini, boshlagan xayrli va islohotli ishlariga Yaratgandan ulkan zafarlar tiladik. Ko‘rsatilgan e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi.
Madinai munavvara va makkai mukarramadagi tabarruk maskanlarda, xususan, Arafot va Mino vodiylarida qilingan duolarda yurt tinchligi va el osoyishtaligi bosh mavzu bo‘lgan.
Qashqadaryolik hojilarning tinch-omon qaytib kelishi nafaqat ularning oila a’zolari, balki butun viloyat ahli uchun katta ma’naviy quvonch baxsh etdi.
Alloh taolo barcha hojilarimizning hajlarini mabrur, duolarini mustajob aylasin!
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati