Chor atrofda ko'kalamzoru, daraxtlar yashnab turadigan jannatmakon yurtimizning ko'chalarini kezib borar ekansiz, tabiatning go'zalligidan dilingiz yashnab ketadi. Kimlardir eta olmagan kunga etib kelganingiz uchun qalbingizda shukrona tuyg'ulari qanot qoqa boshlaydi. Borliq turfa ranglarga burkanib, kamalakning maftunkor ranglaridek tovlanib, jilva qiladi.
Yana sahni chaman bo'ldi munaqqash rang gullardan,
Magarkim sun'ining naqqoshig'a rang imtihonidur.
Zahiriddin Muhammad Bobur
So'ng nogahon ko'zingiz qiyg'os gullagan mevali daraxtlarning gullari to'kilib ona zamin bag'riga tushganini ilg'ab qoladi. Falsafa iboralariga ko'ra o'sha meva gulining uzilib tushishi tarix hisoblanadi. Shu bilan o'sha gulning tushishi tarixga aylandi. Ariqlardagi zilol suvlar ham mavj urib oqar ekan tarix sahifalarini to'ldirib boraveradi.
Har safar qadam bosar ekanmiz, har bir bosgan qadamlarimiz tarixga aylanib, moziy qa'riga sho'ng'iy boradi Biz yana qadam tashlashimiz mumkin, ammo bu safargisi yangi qadam, avvalgi qadamlar esa o'tmishga aylanib bo'lganidek, keyingi qadamni qo'yishimiz bilanoq bu qadamlarimiz ham tarixga bitilaveradi.
Biz istaymizmi, istamaymizmi qanchalik kelajakka talpinganimiz sari har bir soniyamiz, har bir nafasimiz o'tmish girdobiga kirib boradi. Hademay o'zimiz ham tarixga aylanamiz. Shunday ekan, o'tkinchi bu dunyoda garchi jismimiz tarixlarda makon topsa-da ma'naviyatimiz, amalimiz kelajak sari to'xtamay oldinga intilishi uchun ertaga topilmas, ammo bugun biz etarlicha qadr qilmaydigan imkoniyatlarimizdan foydalanishimiz zarur. Hamyurtimiz Zahiriddin Muhammad Bobur aytganidek:
Bor elg'a yaxshiliq qilg'ilki, mundin yaxshi yo'q ‒
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiliq.
Ana o'shanda bizni kelajak avlod doimo hurmat bilan eslab, kerak bo'lsa yurgan yo'llarimizdan andozalar olsinlar. Ularning xotiralarida hamisha yaxshilik timsoli bo'lib qolaylik. Ertangi kunda biz shunday maqomni topishimiz uchun esa bugungi g'animat hayotlik chog'imizda bizdan avvalgi ajdodlarimiz xotirasidan ibrat olmog'imiz kerak bo'ladi.
Ulug'bek qori YO'LDOShYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih hoji” jome masjidi xodimi.
Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan yurtimizdagi imom-xatiblar va imom noiblari uchun tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan joriy yil 6 aprelidan boshlab Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida tajvid ilmi bo‘yicha navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.
Mazkur dastur doirasida 2026 yil 16 aprel kuni Xorazm viloyatidagi "Faxriddin ar-Roziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida viloyat imom-xatiblari va imom noiblari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum ishtirok etib, "Xorazm ulamolarining tajvid va qiroat ilmiga qo‘shgan hissasi" mavzusida ham ma’ruza qilib berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati