Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zulqa'da nima degani? Lug'atda “makonga qaytadigan”, “joylanib olinadigan” degan ma'noni anglatadi.
Zulqa'da – shahrul harom.
Zulqa'da oyi to'rt harom oylardan biri bo'lib, bu oyda jang va urushlar harom qilingan. (To'rt harom oylar zulqa'da, zulhijja, muharram va rajab). Johiliyat davrida ham bu oyda urush boshlamasdilar. Hatto farzand o'z otasining qotilini ko'rganda ham bu oyning hurmatidan unga biror so'z aytmasdi.
Zulqa'da – hijriy taqvimning o'n birinchi oyi. Bu oy shavvoldan keyin va zulhijjadan oldin keladi.
Bu yilgi Zulqa'da oyi qachondan boshlanadi?
Bu yil (2024) Zulqa'da oyining birinchi kuni 9 may kunidan boshlanishi kutilmoqda, inshaAlloh.
Qur'oni karimda Zulqa'da oyi...
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru erni yaratgan kuni o'n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to'rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu to'g'ri dindir. U(oy)larda o'zingizga zulm qilmang. Mushriklarga qarshi jam bo'lib, ular sizga qarshi jam bo'lib urushayotgandek, urush qiling. Va bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir” (Tavba surasi, 36-oyat).
Hadisi sharifda Zulqa'da oyi...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, zamon Alloh taolo osmonlar va erni yaratgan paytdagi holiga qaytdi. Bir yil o'n ikki oydir. Ulardan to'rti harom oylardir. Uchtasi birin ketin: zulqa'da, zulhijja va muharram hamda(to'rtinchisi) jumadi (as-soniy) va sha'bon orasidagi muzarning rajabi (bu oyni hurmat qilganlari uchun muzar qabilasining nomi bilan atalgan)”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu oyda qanday amallarni bajarish lozim?
Allohdan mag'firat so'rashni, istig'for aytishni ko'paytiring.
Imkon qadar infoq, ehson sadaqa qiling.
Har kuni Mulk surasini o'qing.
Insonlarga zulm qilmang.
G'azabingizni yutishga odatlaning.
Zuho namozini o'qing.
Ko'proq Qur'on tilovat qiling.
Nafl ro'zalarni tuting.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati