Hasan Basriy rahimahulloh aytadilar: “Sha'biy ilmi keng, halimlikda tengi yo'q ulug' inson edi. Islomda uning yuksak o'rni bor”.
Hazrat Umar roziyallohu anhu xalifalik davridan olti yil so'ngida musulmonlar safida jajjigina bir chaqaloq tug'ildi. U juda ozg'in va kichik edi. Onasining qornidagi egizak akasi uning o'sishiga xalaqit bergani sabab shunday bo'lgan edi. Ammo ana shundan keyin ham ilm, hilm, hifz va fahm-u farosatda ilg'or bo'lishida unga akasi va boshqa biron kishi xalaqit bera olmadi. Bu kishi Sha'biy nomi bilan tanilgan, o'z zamonida musulmonlar ichida betakror bo'lgan oliyjanob inson Omir ibn Shurahbil Himyariy edi.
Imom Sha'biy Kufa shahrida dunyoga keldi va shu erda ulg'ayib voyaga etdi. Biroq u orzu qilgan, qalbi oshiq bo'lgan shahar Madinai munavvaraga muhabbati bisyor edi. Sahobalar Alloh azza va jalla yo'lida jihodga chiqish yoki yashash uchun maskan qilish maqsadida Kufaga kelganlari kabi, Sha'biy ham Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning sahobalari bilan ko'rishib, ulardan tahsil olish maqsadida, ba'zan Madinaga borib turar edi. Besh yuzga yaqin sahoba bilan hamsuhbat bo'lish, Ali ibn Abu Tolib, Sa'd ibn Abu Vaqqos, Zayd ibn Sobit, Uboda ibn Somit, Abu Muso Ash'ariy, Abu Sa'id al-Hudriy, No''mon ibn Bashir, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Adiy ibn Hotim, Abu Hurayra, Ummul mo'minin Oysha kabi ulug' sahobalardan (roziyallohu anhum) hadis rivoyat qilish sharafiga muyassar bo'ldi. Sha'biy o'ta zakovatli, qalbi uyg'oq, zehn va fahm-farosati o'tkir, tez yodlash va eslab qolish qobiliyatlari favqulodda yuksak yigit edi. O'zi haqida bunday degani rivoyat qilingan: “Hayotimda aslo oqni qora qilmaganman, ya'ni biron so'zni varaqqa yozmaganman, kim bir hadisni aytsa, uni tezda yodlab olardim, menga bir so'z aytgan kishining yana shu so'zni qaytarishini so'ramaganman”.
Sha'biy ilmga muhabbatli, bilim va ma'rifat bilan doim mashg'ul bo'lib, bu yo'lda eng qimmatbaho narsalarni, hatto jonini ham fido etishga tayyor, har qanday qiyinchiliklarni esa engil sanar edi. U shunday derdi: “Agar bir kishi Shomning u chekkasidan Yamanning bu chekkasiga safar qilib, umrining qolgan qismida o'ziga foyda bo'ladigan bir kalima o'rgangan bo'lsa, safarini zoya qilmabdi”.
Sha'biy ilmda juda yuqori darajaga etganidan: “Men eng oz o'rgangan ilm bu she'riyatdir. Shunga qaramay, agar istasam bitta she'rni ikki marta takrorlamasdan, sizlarga bir oy she'r aytib bera olaman”, der edi.
Sahobalar hali hayot bo'lib, odamlar orasida yurgan chog'larida, Kufaning jome' masjidida Sha'biyning o'z halqasi – dars majlisi bor edi. Kishilar uning atrofida to'p-to'p bo'lib o'tirardi. Hatto bir kun ulug' sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Sha'biyning kishilarga g'azotlar haqida mukammal tarzda, nozik nuqtalarigacha qoldirmasdan aytib berayotganini diqqat bilan eshitib: “Darhaqiqat, men bu yigit gapirib berayotgan g'azotlarning ayrimlarini o'z ko'zim bilan ko'rganman, qulog'im bilan eshitganman, lekin shunga qaramay, bu yigit mendan ko'ra ularni chiroyli holatda tushuntirib bermoqda”, degan edi.
Sha'biyning keng ilmli va o'tkir zehnli ekaniga dalolat qiluvchi voqea-hodisalar ko'pchilikni tashkil etadi. Shulardan birini o'zi shunday hikoya qiladi: “Bir kuni nasl-nasabi bilan bir-biriga faxrlanayotgan ikki kishi huzurimga kelishdi. Biri Omir, boshqasi Asad qabilasidan edi. Omiriy birodaridan ustun chiqib, uni kiyimidan sudrab kelardi. Asadiy esa mag'lub holda: “Qo'yib yubor”, deb zorlanar, Omiriy: “Allohga qasamki, Sha'biy o'rtamizda hukm chiqarmaguncha qo'yib yubormayman”, der edi. Omiriyga yuzlanib: “O'rtangizda hukm chiqaraman, uni qo'yib yubor”, dedim. So'ng Asadiyga qarab aytdim: “Nima uchun uning yonida zaif va siniq holda turibsan? Holbuki sening qabilangda arablarning birontasida bo'lmagan oltita faxrlanadigan ustunlik bor:
Birinchisi, sizning qabilangizga mansub ayolga bashariyat sayyidi Muhammad sollallohu alayhi va sallam sovchi qo'yganlar, Alloh taolo u zotni o'sha ayolga uylantirgan. O'rtalaridagi elchi Jabroil alayhissalom bo'lgan. Bu ayol, mo'minlar onasi Zaynab binti Jahshdir. Bunday hurmat-ikrom faqat sening qavmingga bo'lgan, arablardan boshqa birontasiga qilinmagan.
Ikkinchisi, er ustida yurgan jannati kishi Ukosha ibn Mihsan sizning qavmingizdan. Bu ham boshqa qavmlarda bo'lmagan, siz Bani Asaddagina bo'lgan fazilatdir.
Uchinchisi, Islom bayrog'i ostida yuborilgan birinchi lashkarga sizning qavmdoshingiz Abdulloh ibn Jahsh boshchilik qilgan.
To'rtinchisi, Islomda taqsim qilingan birinchi o'ljani ham Abdulloh ibn Jahsh qo'lga kiritgan. Beshinchisi, Bay'ati Rizvonda birinchi bay'at qilgan kishi sizlardan edi. U qabiladoshingiz Abu Sinon ibn Vahb bo'lib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Ey Rasululloh, qo'lingizni bering, men sizga bay'at qilaman”, deganida, Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: “Nima narsaga?” deb so'radilar. U: “Siz xohlayotgan narsaga”, dedi. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: “Men nimani xohlayapman?” dedilar. U: “G'alaba yoki shahidlik”, dedi. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: “Ha, shunday”, dedilar va u bay'at qildi, shundan so'ng odamlar ham Abu Sinondek bay'at berishdi.
Oltinchisi, qavming Banu Asadliklar Badr kunida muhojirlarning ettidan bir qismini tashkil qilgan”. Shuncha fazilatlarni sanaganimdan keyin Omiriy jim bo'ldi qoldi”. Imom Sha'biy zaif va mag'lub kishiga kuchlik va g'olib ustidan yordam berishni xohlaganiga shubha yo'q. Agar Omiriy mag'lub holda bo'lganida, Banu Omirning u bilmagan fazilatlarni sanab o'tgan bo'lar edi.
Davomi bor...
Internet materiallari asosida O'MI xodimi,
Ilyosxon AHMYeDOV tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ota-onaga yaxshilik qilish bilan hayotda muvaffaqiyatga erishishni shartli ravishda “egizak”lar deyish mumkin! Chunki birinchisi bor joyda albatta ikkinchisi bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu xonasidan chiqib, onasining hujrasi oldidan o‘tayotganida uning eshigi oldida to‘xtar va: “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh, onajon!” derdi. Onasi javoban: “Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh, bolajonim!” deb alik olardi. So‘ng o‘g‘il: “Meni kichikligimda tarbiyalaganingizdek, Alloh sizga rahm qilsin!” der, ona: “Keksayganimda menga yaxshilik qilganingdek, Alloh senga rahm aylasin!” derdi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bu ishni har kuni qilardi.
Yodda tutingki, baxt-saodat turlari qancha ko‘p bo‘lmasin, ular ichra eng go‘zali ota-ona duosidir! Kimki ota-onasi duosiga muyassar bo‘lib yashasa, ular xizmatida qoim tursa, uning bandalik maqomi ko‘tariladi, hayoti davomida muvaffaqiyatlarga noil bo‘ladi!
Buyuk tobeinlardan Hujr ibn Adiy onasining to‘shagini o‘z qo‘li bilan solib, yumshoq va tekisligiga ishonch hosil qilgach, onasini yotqizardi.
Shu zamonamizda bir yigit masjid sovitkich (konditsioner)larini sozlash bilan shug‘ullanar ekan. Undan qancha maosh olishi haqida so‘rashganida, onasi unga masjiddagi ishi uchun maosh olmaslikni nasihat qilgani, shu bois u masjidlardan mutlaqo haq olmasligini aytdi. Farzandi ongiga shunday go‘zal tushunchani singdirgan onaga tasanno! Onasining nasihatini mahkam tutib, unga hurmat ko‘rsatayotgan u yigitga ofarin!
Endi buning mutlaqo aksi bo‘lgan holat – ota-onaga yaxshilik qilmagan holatda ham bu yomon illat bilan yutqiziq, xorlik “egizak”dir. Unday banda dunyoda ham, oxiratda ham haqiqiy maqom-martaba, ehtirom topmaydi.
Bir yigit otasi vafotidan keyin onasini qariyalar uyiga olib borib, bir-bir xabar olib turadigan bo‘libdi. Bir kuni qariyalar uyidan onasining o‘lim yoqasida ekani haqida xabar kelibdi. O‘g‘il onasi tirigida bir ko‘rib qolish maqsadida darhol yetib boribdi. Onasidan so‘rabdi: “Onajon, siz uchun nima qilishimni xohlaysiz?”. Onasi: “Yelparrak olib berishingni istayman, chunki bu yerda dimiqib ketyapman. Yegulik saqlash uchun muzlatkich ham olib bersang. Necha kundan beri och uxlayapman”, debdi. O‘g‘il bu gaplardan hayron qolib: “Axir nega bu narsalarni endi so‘rayapsiz? Nega avvalroq aytmadingiz?” debdi. Onasi ma’yus holda: “O‘g‘lim, men-ku issiqqa ham, ochlikka ham ko‘nikdim. Lekin ertaga sen ham qarib, bolalaring bu yerga olib kelishganida qiynalmagin, deb aytyapman”, deya javob beribdi.
Ota-onasiga yetarlicha ehtirom va yaxshilik qilmayotganlar o‘zlarini o‘nglab, ko‘zlarini ochib olishsin! Shayx Ali Tantoviy rahimahulloh aytadi: “Onasining yaxshiligini unutgan yoki onasiga bitta gap bilan bo‘lsa ham ozor beradigan odamni ko‘rsangiz, unga aslo ishonmang, ishlaringizni unga topshirmang! Onasining yaxshiligini bilmagan boshqaning yaxshiligini bilarmidi, qadriga yetarmidi?!”.
Hasson Shamsiy Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
Ne’matulloh Isom, G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi