Cavol: Hufton namozida imomga iqtido qilib, shom namoziga niyat kilib qo'yibman. Boshqatdan o'qib olishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Niyat namozning shartlaridan biri hisoblanadi. Bu niyatda qalbdagi niyat e'tiborli bo'ladi. Tilda boshqa namoz, qalbda boshqa namozni niyat qilsa, qalbdagi niyat hisobga o'tadi. Shunga ko'ra agar siz dilingizda xufton namozini o'qish niyati bo'lib, tilingizda shom namozini aytgan bo'lsangiz, buning zarari yo'q. Bu holatda namozni qayta o'qimaysiz. Agar dilingizda ham shom namozi deb niyat qilgan bo'lsangiz, u holda qayta o'qib olasiz. Bu borada fiqhiy manbalarimizda quyidagicha iboralar kelgan: “Niyatda e'tiborga olinadigan narsa bu bajarilayotgan ishni qalbning qasd qilishidir. Qalbdagi niyatga tildagi niyat zid bo'lsa, buning ahamiyati yo'q. Chunki tilda aytish qasd qilish emas, balki gapirishdir. Masalan, bir kishi peshin namozini o'qish uchun dilida peshinni niyat qildi, ammo adashib tili bilan asrni niyat qilib qo'ydi. Bunday niyat qilishi kifoya qiladi”(“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati