Ismi: Horun Ar-Rashid bin Muhammad Mahdiy bin Abdulloh Mansur bin Muhammad bin Ali bin Abdulloh bin Abdulmutallib.
Kunyasi: Abu Ja'far.
Halifalik davrlari: 786-809 milodiy, 170-193 hijriy yillar. 23 yil davlat boshqaruvida bo'lgan.
Boshqaruvining eng rivojlangan davri: 170 hijriy, 789 milodiy yil bo'lgan.
Tavallud yili: 149 hijriy; 766 milodiy.
Tug'ilgan joyi: Ray shahri, Abbosiylar davlatining tog'li hududida joylashgan[1].
Ayollari: Zubayda bintin Ja'far; Aziza binti Solih; Ummu Muhammad[2].
O'g'illari: Muhammad Amin, Abdulloh Ma'mun, Muhammad Mu'tasim, Qosim, Ahmad Sabtiy, Adnon, Ali, Solih, Muhammad Abu Ya'qub, Muhammad Abu Iso, Muhammad Abul Abbos Muhammad Abu Ali.
Qizlari: Sakina, Ummu Habiba, Urva, Ummul Hasan, Hamduna, Fotima, Ummu Salama, Hadicha, Ummul Qosim, Romla, Ummu Ali, Ummu G'oliya.
Onasi: Huzayron bintib A'to.
Otasi: Muhammad Mahdiy.
Aka-ukalari: Muso Hodiy, Ibrohim, Abdulloh, Ali, Ubaydulloh, Mansur, Is'hoq, Ya'qub.
Diyonati: Sunniy.
Sulolasi: Abbosiylar xalifaligining beshinchi xalifasi.
Horun Ar-Rashid arab madaniyati bilan tarbiyalangan, iqtidorli adib va shoir, zakovatli olim va e'tiborli xalifalardan edi.
Shuning uchun ham, uning tushunchasi olimlar zehniyati bilan barobar degan fikr o'sha davrning o'zidayoq mavjud edi.
Horun Ar-Rashidning qarorgohi doimiy ravishda shoirlar, tabiblar, islom huquqshunos olimlari, kimyogarlar va musiqashunoslar bilan gavjum bo'lgan. Uning o'zi ko'pincha ulamolar va adiblar bilan tez-tez bahsu munozaralar o'tkazib turgan.
Gohida, shoirlarni, ular yozgan she'rlarni tanqid qilib, balog'at gap va she'rni cho'zish emas, ma'noni qisqa va tez ifodalovchi ilmdir, degan edi.
Imom Zahabiy aytadi: “Horun Ar-Rashid ulamolarni o'ziga yaqin tutar, tortishuv va sergaplik uni g'azabini keltirar edi. O'zi esa, qilgan behuda o'yin kulgu va gunohlari uchun tinmasdan yig'lar edi. Hususan, birov unga pand-nasihat qilsa, o'zini yig'idan to'xtatolmas edi”.
Hatib Bag'dodiy aytadi: "U faqih va fuqaholarni yaxshi ko'rardi va ulamolarga hurmati yuqori edi".
Horun Ar-Rashid bilan bir zamonda yashagan va hamsuhbat bo'lgan mashhur adib va shoirlar Abu Tohiya hamda Abu Sa'iyd As'amiylar bo'lgan.
Horun Ar-Rashidga zamondosh bo'lgan mazhabboshi olimlar Imom Shofe'iy va Imom Molik bo'lganlar.
Horun Ar-Rashid Madinai munavvaradagi manzilini qasd qilib safarga chiqqan paytda Imom Molik ibn Anas rahmatullohi alayh o'zlarini “Muvatto” kitobini unga o'qib berganlar.
Ilmiy sohada esa Horun Ar-Rashid mashhur kimyo olimi Jobir ibn Hayyonni va uning shogirdlarini moddiy-ma'naviy qo'llab-quvvatlagan. Natijada, u o'z shogirdlari bilan birga kimiyo ilmida amaliy tajriba o'tkazish metodikasini yaratgan. O'sha davrda barcha olimlar, adiblar, madaniyat va san'at arboblari Horun Ar-Rashidning madaniyat, san'at, adabiyot, ilm, fan va she'riyatga bo'lgan munosabatini juda katta mamnuniyat bilan qadrlashgan.
Milodiy 795 yilga kelib Horun Ar-Rashid xalifalik qilgan Abbosiylar davlatiga qarashli bo'lgan ba'zi bir o'lkalarda siyosiy harakatlar paydo bo'la boshladi. O'sha yillari Horun Ar-Rashidga qarshi qo'zg'olonlar ko'tarildi, qo'zg'olonchilarga u zudlik bilan chora ko'rdi.
Milodiy 795 yilda Qays va Qazo'a qabilasi Misr voliysiga qarshi jang boshladi. Bu voqeadan xabar topgan Horun Ar-Rashid Harsima ibn A'yun qumondonligi ostida katta qo'shin jo'natib qo'zg'olonchilarni mag'lub qildi.
Qo'zg'olonchilar Misr voliysiga itoat qilishga majbur bo'ldilar va bo'yinlariga yuklangan tovon pulini to'lashda davom etdi.
Harsima ibn A'yun boshchiligida Afrikada Abduvayh Anboriy rahbarligidagi yana bir katta fitnaning alangasi o'chirildi. Bunday ulkan qo'zg'alonni tinchitishda Yahyo Barmakiy ham juda muhim rol o'ynadi.
Milodiy 793 yilda ham Abbosiylar davlatiga qarashli bo'lgan Shom o'lkalarida ham ba'zi bir fitnalar bo'lib o'tdi.
Hususan, Al-Mudariya va Al-Yamoniya nomli ikki qabila o'rtasida urush boshlandi. Bu ikki qabila o'rtasidagi urush uzoq cho'zilgach Horun Ar-Rashid milodiy 794 yilda qo'shin jo'natib, urushga yakun yasadi.
Shundan so'ng, eng oxirgi fitnachi va qo'zg'alonchilardan bo'lgan Abul Hasib Vahib ibn Abdulloh Tus va Nishopur kabi shaharlarni bosib oldi. Keyinroq hozirgi Turkmanistonda joylashgan Marv shahrida mag'lubiyatga uchradi.
Horun Ar-Rashid unga qarshi Ali ibn Iso ibn Mahonni jo'natdi. U milodiy 783 yil fitnachi Abul Hasib Vahib ustidan g'alaba qildi. Bu voqealardan so'ng Abbosiylar davlati Horun Ar-Rashid boshchiligida rivojlanishda davom etdi.
Po'latxon KATTAYeV,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o'qituvchisi.
[1] Hozirgi Mashhad
[2] Abbosiya, Jurayshiya, Usmoniya bo'lganlar.
#Seminar
#Giyohvandlikka_qarshimiz
Islom dinida aqlni xiralashtiradigan, sog‘liqqa zarar yetkazadigan va insonni o‘z-o‘zini halokatga boshlaydigan har qanday zararli odatlar, xususan, giyohvandlik qat’iy qoralangan va harom qilingan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi, sog‘liqqa zarar beruvchi moddalarni iste’mol qilishdan qaytarganlar.
Binobarin, giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlarni bu ofatdan asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish har bir musulmonning burchidir.
2026 yil 2 iyul kuni Toshkent shahridagi muhtasham "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" jome masjidining majlislar zalida o‘zgacha bir fayz va ilmu ma’rifat shukuhi hukmron bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining "Islom giyohvandlikka qarshi" deb nomlangan ilmiy-amaliy seminari yuqori kayfiyatda va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohaning zabardast vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari hamda poytaxtimizning tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari jam bo‘lishdi.
Qur’on tilovatidan so‘ng Toshkent shahar bosh imom-xatibi, yig‘ilish raisi Abduqahhor domla Yunusov tadbirni ochib berdilar.
So‘ngra Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, kotibiyat mudiri Abdumannon Karimov, Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti rahbari Ma’murjon domla Erkayevlar ishtirok etib, kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va qimmatli tavsiyalarini aytib o‘tdilar.
Aytish joizki, ma’rifat va iymon birlashgan joyda baraka, tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Poytaxtimiz imom-xatiblari bugun xalqimizga mana shu ziyoni yetkazishda eng oldingi saflarda xizmat qilmoqdalar.
Suratlar orqali mazkur yig‘ilishning eng hayajonli va fayzli daqiqalari hamda seminarning dolzarb ahamiyatini ko‘rish mumkin.
MuslimShosh.uz