Shu yil 13 may kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani “Shayx Zayniddin” jome masjidida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan otinoyilar ishtirokida tadbir bo'lib o'tdi.
Unda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, bosh imom-xatib o'rinbosari Ergashali domla Rustamov, Diniy idora Hotin-qizlar masalalari bo'yicha bo'lim mudirasi Mohira Zufarova, Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi Zulayho Soatova ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar diniy soha xodimlari, jumladan, otinoyilarning jamiyat rivojidagi o'rni beqiyos ekani, ularning dinimiz ta'limotini keng ommaga etkazish borasidagi mas'uliyatli vazifalari, jaholatga qarshi ma'rifat kurashish lozimligi, soha vakillari biror masalani chuqur o'rganmasdan noto'g'ri fatvo berishdan saqlanish va bid'at-xurofotlarning oldini olish borasida o'z tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, dinimizning beshinchi ustuni bo'lgan haj arkonini ado etish, uning asl mohiyati, ayollarga xos bo'lgan masalalar va safar odoblarini ziyoratchilarga tushuntirish lozimligiga urg'u qaratdi.
Tadbir so'ngida otinoyilar o'zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan soha mutasadilaridan atroflicha javob oldi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.
Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati