Islom ulamolari o'rtasida ilk davrdan boshlab, hadislarning to'g'riligi, ya'ni, sahihligi, manbalarning ishonchliligiga alohida e'tibor berilgan. Bunga sabab o'sha davrdan boshlab, musulmonlar orasida noaniq, shubhali, hatto g'arazli maqsadlarga qaratilgan soxta hadislar ham tarqala boshlagan.
Ma'lumki, sahobalar o'z jonlari-yu mollarini din uchun, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchun fido qilgan zotlar bo'lishgan. Ular Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamning hadislariga bevosita shohid bo'lganlarki, ularning hadis to'qishi ehtimoldan yiroq ishdir. Chunki Islom tarixidan bilamizki, sahobalar har bir xato, nojo'ya ishlarga, yolg'onga jim qarab turmaganlar, balki bu kabi holatlarga juda qattiq turganlar.
Ammo, tobe'inlar davrida ilk siyosiy ixtiloflar vujudga kelishi ba'zi mavzu' hadislarning paydo bo'lishiga sabab bo'la boshladi. Lekin, bu davrda adolatpesha sahobalarning hayotliklari bu harakatlarning keng tus olishiga to'sqinlik qilgan.
Tobe'inlardan keyingi davrda Islom dinining turli xalqlar orasida keng tarqalishi, siyosiy ixtiloflarning keng tus olishi, haqiqiy diniy ilmlardan uzoqlashish turli sohalarda mavzu' hadislarning ko'payishiga olib keldi.
Hadis to'quvchilarning asosiy sabablari quyidagicha:
Siyosiy ixtiloflar: Ba'zi olimlar mavzu' hadislar hijriy 41 yilga, ya'ni Ali roziyallohu anhuning xalifalik davriga to'g'ri keladi degan fikrni olg'a surganlar.
Shialar o'z da'vosini qo'llab quvvatlash uchun quyidagi mavzu' hadislarni to'qib chiqardilar: “Mening o'rinbosarim, mening sirdoshim, ahli baytimdan mening xalifam, mendan keyin xalifalikka eng loyiq odam Alidir”, “Har bir Payg'ambarning vasiyatchisi va vorisi bo'lgani kabi mening ham vasiyatchim va vorisim Ali ibn Abu Tolibdir”, “Kim Alini insonlarning eng yaxshisi demasa, kofir bo'ladi”, “Aliga nazar tashlash ibodatdir”.
Bu boradagi to'qilgan hadislarning mazmuni asosan ba'zi shaxslarni ulug'lash ma'nosida bo'ldi. Har bir toifa o'z etakchisi, boshlig'ining fazilati haqida hadis to'qishga harakat qildi.
Manbalarda ko'rsatilishicha, bu harakatni birinchi bo'lib “shia” toifasi boshlagan.
Shu o'rinda, mazkur mazmundagi mavzu' hadislarni bazilarini misol tariqasida aytish mumkin:
“Men ilm shahri bo'lsam, Ali uning eshigidir”,
“Sizlarning qozingiz Alidir”.
Halifalik Umaviylarga o'tgandan keyin ularning tarafdorlari arab millatiga mansub bo'lmagan odamlarga nisbatan mensimaslik va kamsitish tuyg'usi bilan muomala qilganlar. Natijada, turli to'qima hadislar vujudga keldi.
Islom dushmanlari: Bular musulmonlarni aqidalaridan va Islom dinidan uzoqlashtirish maqsadida hadislar to'qib, ularga asoslangan botil aqidalarni musulmonlar orasida targ'ib qilganlar. Aytish mumkinki, Islom dushmanlari o'sha davrda keng tarqalgan turli diniy oqimlarning niqobi ostida faoliyat ko'rsatganlar.
Bunday kishilardan biri Mu'allo ibn Abdurohman vafot etishi oldidan bunday degan: “Men Alining fazli to'g'risida 70 hadis to'qiganman”. Odamlarning Islom dinini qabul qilmasliklari, qabul qilganlarni esa, undan sovitish maqsadida zindiqlar (din dushmanlari ya'ni, dinsizlar) mantiqsiz, aql bovar qilmaydigan va ertakka o'xshagan hadislarni to'qiy boshlaganlar.
Ja'far ibn Sulaymon aytadi: “Islom dushmanlaridan biri odamlar orasida Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam aytmagan 400 hadisni tarqatganiga iqror bo'ldi”.
Qasddan emas, balki ba'zi roviylarning xato gumonlari tufayli vujudga kelgan mavzu' hadislar: Buning ko'rinishi, sahih hadis matniga ba'zi iboralar yoki so'zlarning qo'shilib qolishi shaklida bo'ladi.
Shuningdek, Allohning sifatlariga, tarixiy voqelikka hamda tibbiyot faniga zid keluvchi hadislar ham mavzu' hisoblanadi. Bundan tashqari bir irqni, mazhabni, mazhab imomlarini, adashgan firqalarni madh etuvchi va sahobalarni kamsituvchi hadislar ham mavzu' hisoblanadi.
Islom dushmanlari ham ko'pincha Islom dinini inson hayoti uchun salohiyatsiz ekanligini isbotlash maqsadida mavzu' hadislardan makr, hiyla yo'li bilan foydalandilar.
Ko'pchilik olimlar fikricha, qaysi sohaga oid bo'lsin, ya'ni, hukmga oid, qissalar targ'ib, tahdidga oid bo'lsin, mavzu' hadisni uning mavzu'ligini bilgan holda rivoyat qilish haromdir. Ammo, uning mavzu'ligini ochiq aytib o'tish bilangina joizdir. Bunga dalil o'laroq Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadisni keltiriladi:
“Kim mendan yolg'oni ko'rinib turgan hadisni rivoyat qilsa, ikki yolg'onchining biridir”.
Bu hadis mavzu' rivoyat qiluvchiga etarli raddiya bo'la oladi, biroq mavzu' ekanligini keltirib o'tsa joiz deyishgan.
Yuqoridagi ma'lumotdan ko'rinib turibdiki, sahobalar roziyallohu anhu hadisga nisbatan juda jiddiy munosabatda bo'lganlar. Ammo, sahobalardan keyingi davrlarda payg'ambarimiz hadislariga bo'lgan munosabatlar turlicha bo'ldi.
Musulmonlar keng ommasi hadislarni yodlash, uni anglab etishdan ojiz bo'ldilar, hadislarning asl matnlari va isnodlaridan voqif bo'luvchilar kamaydi, eng achinarlisi, hadislar sha'nini toptaguvchilar ham vujudga kela boshladi. Bularning natijasi o'laroq, turli botil oqim va mazhablar, noto'g'ri aqidalarning vujudga kelganini ko'rish mumkin.
MuhammadSodiq ABDULLAYeV,
Imom Buxoriy nomidagiToshkent Islom instituti talabasi.
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.