Imom al-Buxoriy ilm talabida Islom yurtlarini deyarli hammasiga safar qilganlar. Yurtlarida ekanliklarida o'n olti yoshga to'ldilar. Shundan so'ng hadis talabida uzoq muddatli rihlatga otlanib, uni dastlab onalari va akalari Ahmad hamrohligida Baytullohga haj qilishdan boshladilar.
Akalari Ahmad onalari bilan haj safaridan Buxoroga qaytadi. Imom Buxoriy esa Makkada qolib, hadis ilmini o'rganishda davom etadi. Bu mashg'ulot Imom al-Buxoriyning qolgan butun muborak umrlarini band etib, u kishi shu maqsad yo'lida o'sha vaqtda Islom olamida mavjud bo'lgan ko'pchilik ilmiy markazlarga bordilar. O'sha erlardagi shayx ulamolar og'zidan hadislar yozib oldilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflarini to'plash, ularni musulmonlar orasida yoyish yo'lida behad mashaqqatlar chekkanlari tufayli vujudlari toliqib cho'pdek ozg'in bo'lganlar. Qanchadan-qancha xavfi xatarlarni boshdan kechirgan.
Imom al-Buxoriy bu ishga birinchi bo'lib kirishgan kishi emas edilar. Bu ish bilan sahobalar davrlaridan boshlab ko'plab ulamo va boshqa aziz kishilar shug'ullanganlar, bu ummat ulamolari uni keyingi davrlarda ham davom ettirdilar.
Ilm talabida rihlat qilmoqlik sahobai kiromlar davrida boshlangan bo'lib, sahoba Jobir ibn Abdulloh (ibn Amr ibn Harom al-Hazrajiy al-Ansoriy as-Sulamiy) Shomda istiqomat qiluvchi Abdulloh ibn Aniysning huzurlariga rihlat qiladilar. U kishi o'zlari Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitmagan bir dona hadisni eshitib qolmoq uchun bir oy davomida safar mashaqqatini tortadilar.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Maslama ibn Muxallad bilan uchrashib, u kishi rivoyat qilgan hadisni eshitish uchun Misrga safar qiladilar. Mazkur hadisni Maslamaning o'z og'zidan eshitgach, orqalariga qaytadilar.
Ilm talabidagi bunday rihlatlar tobe'iynlar davrida ham davom etib, benihoyat keng tus olgan. Chunki Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari o'zlari bilan Islom ilmlarini olgan holda turli mamlakatlarga tarqalib ketishgan bo'lib, kishi ul Zotning muborak hadislarini o'zga yurtlarga rihlat qilmay va ul erlardagi sahobalar bilan uchrashmay turib, mukammal bilolmasdi.
Sayyid ibn Musayyab (Ibn Huzn ibn Abu Vahb al-Maxzumiy al-Qurayshiy) shunday degan:
“Bir dona hadis uchun kecha-yu kunduzlab yo'l yurmoqqa hozirman”.
Hasan Basriy Islom xususidagi bir masalani hal qilmoq uchun Basradan Kufaga safar qilganlar.
Abu Qiloba (Abdulloh ibn Zayd al-Basriy) biror hojatlari bo'lmasada Madinada uch kun turib qoldilar. Chunki, odamlar bir kishining bu erga kelib hadis aytib bermog'ini intiqib kutayotgan edi. U kishi o'sha odamning kelganiga qadar poyladilar, kelgach undan hadis xususida so'radilar.
Ilm talabida qilingan bunday safarlar, hadislarning islom olamida keng tarqalishiga, hadis tarqalish yo'llarining ko'payishiga va hadis roviylarining har tomonlama chuqur o'rganilishiga katta ta'sir o'tkazdi. Chunki muhaddis turli joylarga borib, ul erlardagi ulamolarni o'z ko'zi bilan ko'radi va ular bilan ilmiy suhbatda bo'lib, o'zi bilmagan ko'plab hadislarni yozib oladi. Ular bilan ilmi islomga doir masalalar xususida savol-javoblar qiladi. Qur'on va hadislar hofizi ibn Hajar Asqalaniy bunday deydilar:
“Muhaddisdan rihlat qilmog'idan oldin avval talab qilinadigan shart shuki, u dastlab o'z yurtidagi hadislarni to'plamog'i, ularni chuqur o'qib, o'rganib yodlab olmog'i darkor. Shundan keyingina u o'zga mamlakatlarga rihlat qilib, uning davomida o'zida mavjud bo'lmagan hadislarni to'plab o'rganadi”.
Ikki Haram – Makka va Madinaga yo'l olganlari.
Tarixchi Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qoimoz az-Zahabiy (milodiy 673-748) va boshqa ulamolarning yozishlaricha, Imom al-Buxoriy hijriy 205- yildan hadis tugaraklariga qatnay boshlaganlar va o'z yurtlaridagi yirik shayxlarning ko'pchiligidan din ilmi, xususan ilmi hadisni o'rganib va ular bilgan jamiki hadislarni yod olib bo'lgach 210- yili safar qilganlar.
U kishi onalari va akalari hamrohligida hajj safarini yakunlagach, Makkada qolishga qaror qildilar. O'sha davrda Makka Hijozning eng muhim ilmiy markazlaridan biri edi. Imom al-Buxoriy u erda azaliy maqsadlariga etib, ilmi ma'rifatga bo'lgan chanqoqlarini qondiradigan tinmas buloqni topadilar. Makkada turganlarida vaqti-vaqti bilan Madinaga ham borib-kelib turadilar.
Imom al-Buxoriy ikki sharif Haram (Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara) da o'zlarining ayrim risolalarini bitib, bu bilan “Al-Jomi' as-Sahih” va uning mavzulariga asos soldilar. Imom Buxoriy bu haqda:
“O'n sakkizga etganimda “Sahoba va Tobe'iynlar masalasi” kitobini tasnif etdim, so'ng Madinada oydin kechalari Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak qabrlari yonida o'ltirib “Katta Tarix” nomli kitobimni yozdim. O'tmishdagi shaxslarning deyarli barchasi haqida menda ma'lumot bo'lsa-da, kitobimning cho'zilib ketmog'ini istamadim”, [1] – deydilar.
Imom al-Buxoriy yana bunday degan:
“Men (ustozim) Al-Humaydiyning huzurlariga kirdim. Shunda men o'n sakkiz yoshlarda bo'lib, ul kishi bilan bir odam qandaydir hadis xususida tortishib turishgan ekan. Ustozim mening kirib kelganimni ko'rib: “Ana ikkimizning tortishuvimizni hal qila oladigan kishi keldi!”– deya menga o'rtalaridagi muammoni bayon qildilar. Men masalani Al-Humaydiyning foydalariga hal qilib berdim, chunki haqiqat ul kishi tomonida edi”.
Hofiz ibn Hajar bunday deydilar:
“Imom al-Buxoriyning Makkaga dastlabki safarlari hijriy 210-yili bo'lgan edi. Ul kishi agar ilmi hadisni endigina o'rganishga kirishgan chog'larida rihlat qilganlarida ham, bu borada yuqori darajaga erishgan (bu erdagi) tengdoshlariga albatta etib olgan bo'lar edilar”!
Imom al-Buxoriy hadis talabida rihlat darvozasini qattiq qoqdilar va (darvoza ochilgach) Islom mamlakatlarining deyarli barchasiga rihlat qildilar. Imom al-Buxoriy bu haqda o'zlari:
“Men Shom, Misr va Jazira (Dajla va Furot oralig'idagi erlar)ga ikki marta, Basraga to'rt marta bordim, Hijozda olti yil yashadim. Ammo muhaddislar bilan birgalikda Kufada va Bog'dodga necha marta borganimning hisobiga etolmayman” [2], – deydilar.
Al-Hatib al-Bog'dodiy bunday deydilar:
“Imom al-Buxoriy turli mamlakatlardagi muhaddislar huzuriga rihlat qildilar; Huroson va Jibal (Huziston)da, Iroq shaharlarining barchasida, Hijoz, Shom va Misrda hadislar yozib oldilar, Bog'dodga esa ko'p marta kelib ketdilar” [3].
Hofiz ibn Hajar:
“Makkada bo'lganlaridan so'ng, rihlat qilishga qurblari etgan barcha mamlakatlardagi shaxslar huzuriga bordilar”, – deydilar.
Imom Zahabiy, u kishi qadam ranjida qilgan erlar xususida gapirib, ular qatorida Balx, Nishopur, Ray, Bog'dod, Basra, Kufa, Madina, Vasit, Damashq, Asqalon, Hims va boshqa shaharlarni zikr qiladilar.
Hakim Abu Abdulloh, Imom al-Buxoriy rihlat qilgan mazkur shaharlarni zikr qila turib:
“Imom al-Buxoriy mazkur shaharlarga ilm talabida rihlat qilib, hamisha o'sha erlardagi shayxlar huzurida yashadilar”, – dedilar.
Imom Ahmad bilan uchrashib hamsuhbat bo'lganlari.
Imom al-Buxoriy umri davomida ilm uchun 14000 km yo'l bosib safar qilgan.
Imom al-Buxoriy hayotlik vaqtlarida Bog'dod Arab xalifaligi shahri hamda ilm va ulamolar markazi edi. Shu boisdan Imom al-Buxoriy u erga qayta-qayta, jami sakkiz marta borib kelgan. Har safar borganlarida Imom Ahmad bilan uchrashib suhbat qurar edilar. Shunda Imom Ahmad u kishini Bog'dodda qolib yashashga undab, Hurosonda uzoq vaqt turib qolganlariga e'tiroz bildiradilar. Bu fikrga Imom Hofiz ibn Hajarning “Fath-ul-boriy li sharhi sahih al-Buxoriy” nomli asarlaridagi ma'lumotlar zid bo'lib, ul kishi bunday deydilar:
“Imom al-Buxoriy “Al-Jome' as-Sahih”ning “Kitob an-Nikoh” qismidagi “Maa yahullu minan-nisa'” nomli bobda ImomAhmaddan bevosita bir dona hadis va “Kitob al-Mag'oziy” qismining oxirida bevosita bir dona hadis keltirganlar, xolos. Shunga ko'ra, go'yoki Imom al-Buxoriy, ImomAhmaddan (ataylab) kam hadis keltirgandek ko'rinadilar. Biroq unday emas. Imom al-Buxoriyning ImomAhmaddan kam hadis keltirganlarining boisi shuki, ul kishi avvalgi rihlatlarida ko'proq ImomAhmadning ustozlari bilan uchrashib, ana o'shalardan hadis yozib olish bilan kifoyalanganlar. Keyingi rihlatlari chog'ida esa ImomAhmad (muayyan sabablarga ko'ra) ahyon-ahyondagina hadis aytadigan bo'lib qolganlar. Shunig uchun Imom al-Buxoriy, ImomAhmadni qo'yib ko'proq (ustozlari) Ali ibnAbdulloh al-Madiniydan hadis keltirganlar”.
IkromRO'ZIQULOV
[1] «Siyaru a'lamin nubala»: Shamsuddin Zahabiy. 12-jild, 401-bet.
[2] Ibn Hajar Asqaloniy «At-Taqrib» asarida Humaydiyning tarjimai hollarida naql qilganlar.
[3] “Bog'dod tarixi”da keltirganlar.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi