Abdurahmon ibn Abu Bakra roziyallohu anhudan, u otasidan rivoyat qiladi: “Bir kishi: “Ey, Allohning Rasuli! Insonlarning qaysisi afzal” – dedi.U zot sollallohu alayhi vasallam: “Umri uzoq bo'lib, amali chiroyli bo'lgani” – dedilar.U: “Insonlarning qaysinisi yomon” – dedi.U zot sollallohu alayhi va sallam: “Umri uzoq bo'lib, amali yomon bo'lgani” – dedilar”(Imom Termiziy rivoyati).
Sahobiy roziyallohu anhum Islom sharafiga erishgach, din va dunyosi uchun muhim bo'lgan amallarga alohida e'tibor berganlar. Har ikki dunyolari uchun foydali narsalarni bilib o'rganib ularga amal qilishga hamda zararli narsalardan xabardor bo'lib, ulardan uzoq bo'lishga intilganlar. Ularning mana shu qiziqish va intilishlari ularni Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga “Eng afzal amal qaysi?”, “Kimga ko'proq yaxshilik qilay?”, “Nima qilsam jannat ahlidan bo'laman?”, “Jannatga sabab bo'ladigan amallar qaysilar?”, “Insonlarning eng yaxshisi kim?” kabi savollarni berishga undar edi. Payg'ambarimiz solallohu alayhi va sallam har bir sahobiyning yoshi, holati, imkoniyatiga qarab yoki Islomga yangi kirganligini hisobga olgan holda javob berar edilar.
Ushbu hadisda ham bir sahobiy Payg'ambarimizdan “Eng yaxshi inson qanday bo'ladiyu, yomon inson qanday bo'lishi” haqida so'radi. Payg'ambarimiz unga javoban uzoq umr ko'rib o'sha uzoq umri davomida yaxshi solih amallarni ko'p-ko'p qilib, natijada savoblarini ko'paytirib olgan kishi insonlarning eng yaxshisi bo'lishini aytdilar. O'z o'rnida uzoq umr ko'rishdek imkoniyatdan to'g'ri foydalanmasdan butun umrini yomonlik bilan o'tkazgan inson eng yomon inson bo'lib qolishini ta'kidladilar. Payg'ambarimiz ushbu javoblari bilan inson hayotining mazmunini belgilab berdilar.
Darhaqiqat inson hayotga kelar ekan qachon, qayerda, qaysi holatda vafot etishini bilmaydi. Zero, uzoq yoki kam umr ko'rish Allohdan bo'lib, insonning ixtiyorida bo'lmagan ishdir. Chunki umrlar Allohning qo'lidadir. Insonning imkonida bori esa, o'sha umrida yaxshi amal qilib qolishidir. Chunki Alloh taolo insonga aql bergan, kitoblar nozil qilgan, Payg'ambarlar yuborgan, dalillarni bayon qilgan. Har bir insonning solih amal qilishga imkoniyati bor.
Shu bilan birga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ba'zi solih amallar insonning umri uzayishiga sabab bo'lishini aytganlar. Anas ibn Molik Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisda: “Kim rizqi keng umri uzoq bo'lishini xush ko'rsa qarindoshlariga yaxshilik qilsin” deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Insonlarning yaxshisi umri uzoq bo'lib, amali go'zal bo'lgani ekan, doimo, Allohdan umri uzoq, amali solih bo'lgan bandalardan qilishini so'rashi lozim. Mana shundan yaxshi amallarsiz ko'rilgan uzoq umrda inson uchun yaxshilik yo'qligi ma'lum bo'ladi. Chunki goho uzoq umr inson uchun yomon va zarar bo'lib qolishi mumkin. Shu sababdan ba'zi ulamolar Allohdan quruq uzoq umr emas, balki toat ibodatda yaxshi amallar uzra o'tadigan uzoq umrni so'rashi lozim bo'ladi, deyishgan.
Tiybiy rahmatullohi alayh inson umridagi lahzalarni tijoratchining sarmoyasiga o'xshatib shunday deydi: Albatta, lahzalar va vaqtlar tijoratchining sarmoyasiga o'xshaydi. Tijoratchi foyda ko'radigan ishlarida tijorat qiladi. Sarmoyasi qancha ko'p bo'lsa, ko'radigan foydasi ham shuncha ko'p bo'ladi. Huddi shu kabi inson ham umridan yaxshi amallar qilib foydalanib qolsa, muvaffaqiyatga erishadi. Kim (vaqtini) sarmoyasini zoye qilsa, foyda ko'rmay ochiq ziyonda qoladi.
Musulmon inson o'limni orzu qilmaydi. Chunki u o'ziga berilgan uzoq umrni yaxshi savobli ishlar qilishga imkoniyat deb qabul qiladi. Umrini o'zining yaxshi ishlari bilan xalqiga, diniga va vataniga foydasi tegadigan tarzda o'tkazadi. Natijada, Allohning roziligiga, xalqining duosiga erishib, oxiratda ham yuzi yorug' bo'ladi.
Alloh barchamizni uzoq umr ko'rib, o'sha uzoq umr davomida yaxshi amallarga muvaffaq qilishini hamda oqibatlarimizni ham go'zal bo'lishini nasib qilsin.
Farhod JO'RAYeV,
Toshkent Islom instituti
Aqoid va fiqhiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Hozirgi kunlarda shifokorlar bemorlarga dori yozib beradilar va dorixonalar ana shu dorini yozgan shifokorlarga bonus sifatida ma’lum miqdorda pul beradi. Shu pul ular uchun halol hisoblanadimi?
Shuningdek, sohadagi ayrim shifokorlar tibbiy tekshiruv o‘tkazadigan jihoz (apparat) o‘rnatishgan va keladigan har bir bemor uchun yuborgan shifokorlarga mablag‘ berishadi. Buning hukmi qanday?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar shifokor bemorning manfaati va yaxshiligini ko‘zlagan holda, to‘liq xolis va omonatdorlik bilan bemor uchun eng foydali hamda mos keladigan dorini tavsiya qilsa, qolaversa, quyidagi shartlarga rioya etsa, u holda shifokor uchun dorixonadan bonus olishi joiz bo‘ladi:
1. Shifokor shunchaki bonus olish ilinjida sifatsiz, keraksiz va qimmat dori-darmonlarni tavsiya qilmasligi kerak.
2. Bemorga nisbatan hech qanday aldov bo‘lmasligi lozim, ya’ni haqiqatan ham undagi kasallikning ushbu doriga ehtiyoji bo‘lsin. Shuningdek, shifokorning mazkur firma bilan hamkorligi oshkora qilib qo‘yilishi kerak.
3. Dori ishlab chiqaruvchi kompaniya yoki dorixonalar shifokorga beriladigan bonuslar xarajatini dori narxini qimmatlashtirish orqali bemorning zimmasiga yuklamasliklari kerak.
4. Bemor faqat shifokor o‘zi kelishib olgan o‘sha dorixona yoki firmaning dorisini sotib olishga majburlanmasligi lozim.
5. Dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bonus, hadya va imtiyozlar to‘lovining xarajatini qoplash uchun dorilarning sifatini tushirib yubormasliklari kerak.
Savolning ikkinchi qismidagi tibbiy jihozlarga tekshiruv uchun yuborish orqali olinadigan bonuslarning hukmi ham yuqoridagi hukm bilan bir xil bo‘ladi. Ya’ni, bemorni muayyan bir shifokorda ko‘rikdan o‘tishga majburlamaslik, pul ilinjida kerak bo‘lmasa ham yubormaslik, tibbiy ko‘rik qiluvchi shifokor unga yuborgan shifokorga bermoqchi bo‘lgan mablag‘i bemorga ko‘rsatadigan xizmat haqiga qo‘shmasligi, xizmatining sifati va narxi boshqa shifokorlarniki bilan bir xil bo‘lishi shart.
Lekin ushbu shartlarga rioya qilmasdan ayrim shifokorlarning o‘z burch va vazifalarini bajarish evaziga firma va dorixonalardan bonus olishlari pora bo‘lib qoladi. Natijada mablag‘ni ularga berayotganlar ham gunohga sherik bo‘lib qoladi. Chunki Islomda porani berish ham, olish ham haromdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do‘zaxdadir”.
Shuningdek, Nabiyi karim sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini, pora oluvchini va pora ishida vositachilik qiluvchini la’natlaganlar.
Demak, savolda aytib o‘tilgan holatda, agar yuqoridagi shartlarga rioya qilinmasa, bu ham ayni pora bo‘lar ekan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi