الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذي أحيانا بعد ما أماتَنا وإلَيْهِ النشُور
O'qilishi: Alhamdu lillahillaziy ahyana ba'da ma amatana va ilayhin nushur.
Ma'nosi: Bizni vafot ettirgandan keyin qayta tiriltirgan Allohga hamd bo'lsin. Qayta tirilish Uning O'zigadir.
الحمدُ لِلَّهِ الَّذي رَدَّ عَلَيّ رُوحِي، وَعافانِي في جَسَدِي، وأذِن لي بذِكْرِهِ
O'qilishi: Alhamdu lillahillaziy rodda 'alayya ruhiy va 'afaniy fiy jasadiy va azina liy bizikrihi
Ma'nosi: Menga ruhimni qaytargan, jismimga ofiyat bergan va zikrini qilishimga izn bergan Allohga hamd bo'lsin.
لا إِلهَ إلا الله، وحده لا شَريكَ لَهُ، لَهُ المُلْكُ، وَلَهُ الحَمْدُ، وَهُوَ على كُلّ شيء قدير
O'qilishi: Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva 'ala kulli shayin qodiyr
Ma'nosi: Yakkayu yolg'iz Allohdan boshqa iloh yo'q. Uning sherigi ham yo'q. Mulk Unikidir. Unga hamd bo'lsin. U har bir narsaga Qodir.
سُبْحانَ الله وبحمده
O'qilishi: Subhanallohi va bihamdihi
Ma'nosi: Allohni poklab yod etaman va U Zotga hamd aytaman.
اللَّهُمَّ بِكَ أصْبَحْنا، وَبِكَ أمْسَيْنا، وَبِكَ نَحْيا وَبِكَ نَمُوتُ، وَإِلَيْكَ النُّشُورُ
O'qilishi: Allohumma bika asbahna va bika amsayna va bika nahya va bika namutu va ilaykan nushur
Ma'nosi: Allohim, Sening noming ila tong ottirdik, Sening noming ila kech kirgizdik. Sening noming ila tirilamiz va Sening noming ila o'lamiz va Senga qaytajakmiz.
باسْمِ اللَّهِ الَّذي لاَ يَضُرُّ مَعَ اسْمِهِ شَيْءٌ فِي الأرْضِ وَلا في السَّماءِ، وَهُوَ السَّمِيعُ العَلِيم
O'qilishi: Bismillahillaziy laa yazurru ma' ismihi shayun fil arzi va laa fis samaai va huvas sam'iul a'liym
Ma'nosi: Yer-u osmonda Uning ismi bilan bo'lganda biror narsa ziyon qila olmaydigan Zot Allohning nomi ila. U o'ta eshituvchi va o'ta biluvchidir.
Kimki ushbu zikrni ertalab va kechki payt uch martadan o'qisa, unga hech bir narsa ziyon keltirmas.
حَسْبِيَ اللَّهُ، لا إِلهَ إِلاَّ هُوَ، عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ، وَهُوَ رَبّ العَرْشِ العَظِيمِ
O'qilishi: Hasbiyallohu laa ilaha illahu a'layhi tavakkaltu va huva Robbul a'rshil a'ziym
Ma'nosi: Allohning o'zi menga kifoya. Undan o'zga iloh yo'q. Aynan unga tavakkal qildim. U buyuk Arshning Robbidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki ushbu duoni ertalab va kechki payt etti marta o'qisa, Alloh taolo uning dunyoviy va uxroviy muhim ishlariga kifoya qiladi”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bu muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning buyuk ustozi, fazilatli Shayx Abdulloh Sirojiddin rahimahullohning hikmatli so‘zlaridir.
U zot bu nasihatni Shayx Avvomaga talabalik yillarining boshlarida aytgan edilar. Bunga sabab, Shayx Avvoma bir kecha Imom Buxoriy rahimahulloh haqida o‘qigan shubhali bir voqeaga aniqlik kiritish uchun ustozlariga murojaat qilganlari bo‘lgan.
Shayx Muhammad Avvoma bunday deydilar: “Shayx Abdulloh bizga beshinchi kursda hanafiy fiqhi bo‘yicha mashhur “Al-Ixtiyor” kitobidan dars berar edilar. Bir kuni men u kishining huzurlariga Islomga ulkan xizmat qilgan buyuk imom – Imom Buxoriy rahimahulloh haqidagi g‘alati bir rivoyatni o‘qib keldim.
Rivoyatda aytilishicha, Imom Buxoriydan bir echkining sutini emgan ikki go‘dak – bir o‘g‘il va bir qiz – keyinchalik o‘zaro nikohlanishlari mumkinmi, deb so‘rashibdi.
Hikoyaga ko‘ra, Imom Buxoriy rahimahulloh ularning nikohlanishlari mumkin emas, deb javob bergan ekanlar. Shundan so‘ng, go‘yoki shahar olimlari bu fatvoni johillik deb baholab, Imom Buxoriyni surgun qilgan emish.
Men bu voqeani Shayx Abdulloh rahimahullohga aytib berganimda, u zot xotirjamlik va donolik bilan:
— O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang, — dedilar”.
Shayx Muhammad Avvoma davom etib bunday deydilar:
“Allohga qasamki, bu so‘z men uchun ulkan saboq bo‘ldi. Bu hayot davomida amal qilishim kerak bo‘lgan bir mezon, xulqiy qoidaga aylandi. Ustozim butun boshli odob va tafakkur dasturini bitta jumlada jamlab berdilar. Men bu nasihatni bundan ellik yil avval eshitganman. Endi esa boshqalar ham undan foyda ko‘rishlari uchun keltirmoqdaman”.
Biz uchun saboq
Bu voqeadan olinadigan birinchi saboq shuki, qachonki biz shubhali yoki bilmagan ma’lumotga duch kelsak, darhol ilmli va ishonchli kishilar bilan maslahatlashishimiz kerak.
Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik eshitgan yoki o‘qigan ma’lumotini tekshirishga urinmaydi. Bu esa ko‘pincha jiddiy va ayanchli oqibatlarga olib keladi. Agar ma’lumot o‘sha sohaning ishonchli mutaxassisidan bo‘lmasa, biz har qanday da’voni ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligimiz kerak.
Ijtimoiy tarmoqlar tuzog‘i
Ijtimoiy tarmoqlar insoniyatga mislsiz darajada keng axborot olamini taqdim etdi. Biroq uning eng katta xavflaridan biri ommaviy yolg‘on va dezinformatsiyaning tez tarqalishidir.
Ko‘pchiligimiz o‘qigan narsamizning barchasiga ishonishga moyilmiz. Holbuki, ushbu maqolaning asosiy maqsadi aynan bundan qaytarishdir.
Ba’zan odamlar xabarning mazmuniga emas, uni yuborgan kishiga qarab ishonadilar. Vaholanki, u ham bu ma’lumotni boshqa birovdan olgan bo‘lishi mumkin.
“Nusxa ko‘chirish va joylashtirish” odati
Bugungi kunda odamlarning asl manbaga murojaat qilmasdan ma’lumotlarni ko‘chirib tarqatishlari odatiy holga aylangan. Bu ham noto‘g‘ri yondashuvdir.
Bunday odatning eng katta zararlaridan biri shuki, xabar bir necha qo‘ldan o‘tgach, uning asl manbasi va ma’nosi butunlay yo‘qolib ketadi. Natijada, ma’lumotning haqiqiyligi va ishonchliligini tekshirish imkonsiz bo‘lib qoladi.
Aslida, bu ma’lumot ishonchlimi? Balki u boshidan oxirigacha to‘qima va asossizdir?
Shu sababli yana bir bor ogohlantiramiz:
O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!
Bu nasihatga amal qilish bugungi kunda oson emas. Chunki ko‘pchilik odamlar ularga yetib kelgan har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qilishga odatlanib qolgan.
Alloh taolo bizga haqiqatni anglashni, ma’lumotlarni to‘g‘ri baholashni va foydali ilmga amal qilishni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD