Raddiya
Faqihlarimiz suyanadigan yana ba'zi manbalar ham bor. Ular to'rtta mazkur asosiy va qolgan yordamchi manbalarga suyangan holda ko'p masalalarni hal qilganlar. O'sha davrda ko'plab faqihlar etishib chiqqanlar. Ularning ko'pchiligi o'zlari dunyodan o'tishlari bilan fiqhiy ishlari ham qolib ketgan. Ammo musulmonlar ommasiga keng tarqalgan, shogirdlari va orqasidan ergashuvchilari ko'p bo'lgan ulamolar fiqhiy mazhab sohiblari, deb tan olingan. Shulardan to'rttalari butun dunyoga mashhur bo'lganlar va ulraning mazhablari musulmonlar jumhuri tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olingan. Bular quyidagi mazhablar:
1. Hanafiy mazhabi - Shom, Turkiya, Turkiston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh va boshqa yurtlarda keng tarqalgan.
2. Shofe'iy mazhabi - Misr, Suriya, Indoneziya, Malayziya, Filippin, Tayland va ba'zi Afrika davlatlarida tarqalgan.
3. Molikiy mazhabi - Libiya, Tunis, Jazoir, Mag'rib, Mavritaniya, Nigeriya va boshqa Afrika davlatlarida torqalgan.
4. Hanbaliy mazhabi - Arabiston yarim orolida tarqalgan.
Shunday qilib, zamon o'tishi bilan sunniylik bo'yicha turli mazhablar jumladan, Abdurahmon Avzo'iyga mansub Shom maktabi, Shofi'iy mazhabidan Dovud Zohiriy rahbarligida ajralib chiqqan Zohiriy maktabi, shuningdek, Ibn Jarir at Tabariy tomonidan yuzaga keltirilgan maktab emirilib, ular ichidan to'rtta asosiy mazhab o'z huquqiy qarashlarini targ'ibot qilib rivojlantirish imkoniyatiga ega bo'ldi. Shialik oqimi ham ko'p firqalarga bo'linib, ulardan ja'fariya, ismoliya va zaydiya ushbu oqimning asosiy mazhablari sifatida davom etib keldi.
Ilk asrlarda mujtahidlar ko'p bo'lib, mazhablar ham ko'p bo'lgan. Abdulvahhob ibn Ahmad Sha'roniy (vaf. 973/1565) o'zining «al-Miyzan» asarida 16 ta mazhabni zikr qilgan. Ushbu mujtahidlar mazhablarining hammasi ham ma'lum muddat amalda bo'lgan. Lekin keyinchalik ko'pi amaldan chiqib ketgan va odamlar Imom Abu Hanifa (vaf. 150/767), Imom Molik (vaf. 179/795), Imom Shofe'iy (vaf. 204/820) va Imom Ahmad (vaf. 241/855)larning mazhablaridan biriga ergasha boshlagan. Ammo hech kim barcha mazhablarni bekor qilib, odamlar faqat shu to'rt mazhabdan biriga ergashishi lozim demagan.
Molikiy mazhabiga madinalik olim imom Molik ibn Anas Abu Abdulloh (713-795) asos solgan. U «Madina imomi» unvoniga sazovor bo'lgan. Imom Molik Madina olimlari qarashlari asosida o'z mazhabini yaratgan. Shuning uchun ushbu imom Madina faqihlaridan fiqhni o'rganib, ahli hadis qo'llaydigan uslubni qabul qilgan va ushbu qoida asosida o'z shogirdlarini tarbiyalagan.
Imom Molik Qur'on, sunna va ijmoga tayanib hukm chiqargan. Shu bilan birga madinalik olimlarning ittifoqini ham hukm chiqarishda juda katta e'tiborga olgan. Chunki Muhammad (a.s.) shu shaharda yashagan va bu shahar aholisi payg'ambar va sahobalar ko'rsatmalari va qilgan ishlarini mukammal o'zlashtirganlarini e'tiborga olgan.
Olim «al-Muvatto» nomli hadis ilmiga oid to'pam muallifi hisoblanadi va mazkur asar molikiy mazhabining asosiy manbasi sifatida o'z ifodasini topgan. Muhaddis buning uchun 40 yil umrini sarflagan. Bu asar ilk hadis to'plamlaridan biri bo'lib, bir necha ming hadisni o'z ichiga olgan.
Imom Molik ibn Anasning shogirdlari orasida taniqli muhaddis va hanafiy mazhabi faqihi imom Muhammad Shayboniy (vaf. 805 y.), shofi'iylik mazhabi asoschisi Muhammad ibn Idris Shofeiy (vaf. 820 y.) bo'lgan.
Hozirgi vaqtda ham bu mazhab qoidalarining Marokash, Tunis, Jazoir va Liviya nikoh-oila va mulkka oid huquqiga sezilarli ta'siri bor.
Muhammad ibn Idris Shofeiy (767-820) ham alohida mazhabga asos solgan.
Bu olim imom Molik va imom Abu Hanifaning katta shogirdi imom Muhammaddan dars olgan. Shu nuqtai nazardan ushbu mazhab huquq tizimi xanafiylar va molikiylarning diniy-hukuqiy ta'limotini asosida ishlab chiqilgan, deb aytish mumkin. Shuday bo'lsada, ko'proq molikiylarga yaqin turadi. Boshqacha qilib aytganda, ahli hadis va ahli ra'yni qarashlarini birlashtirgan va o'ziga xos uslubni yaratdi. Olim ijmo bo'yicha ummat ijmosiga e'tibor qaratgan bo'lsa, shu mazhabning keyingi ulamolari olimlar ijmosini ham qabul qilishga majbur bo'ldilar.
Shofeiylik ham boshqa mazhablar kabi Qur'on, sunna ijmo va qiyosga tayanadi. Imom Shofeiyning «al-Umm» va «ar-Risola» kitoblari ushbu mazhab usuliga asos bo'ldi.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, uchinchi-to'rtinchi hijriy asrlarda Markaziy Osiyoda Shofeiy mazhabi Hanafiy mazhabi bilan raqobat qilgan. Uning yirik vakili toshkentlik buyuk olim Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy (904-976) edi. U kishi fiqh, hadis, lug'at va adabiyot bo'yicha o'z davrlarining mashhur olimlaridan bo'lgan. Usulul fiqh bo'yicha ularning asarlari mashhur. Toshkentda vafot etib, qabrlari Hastimom (Hazrati Imom) madrasasi yonida joylashgan.
Hanbaliy mazhabi asoschisi Ahmad ibn Hanbal (780-855) hisoblanadi. Olim yashagan Bag'dod shahrida ilmu fan rivoj topishi bilan birga turli e'tiqodiy qarashlar markazi ham bo'lgan.
Hanbaliy mazhabida Qur'on, sunnat, ijmo va sahobalarning gaplari asosiy o'rin egallaydi. Qatiy zarurat sezmagan holatlardan tashqari qiyosdan foydalanmaydi. Barcha hadislarni va rivoyatni (sahobalar so'zini) qiyosdan ustun qo'ygan.
Imom Ahmad xulafoi roshidin, sahobalar, tobeinlar, shuningdek, o'zidan oldingi uch mazhab fiqhini o'zlashtirgan. Chunonchi ilk marta fiqhni imom Abu Hanifaning shogirdi imom Abu Yusufdan o'rgangan. Shuningdek, «men hadis yozib olgan birinchi kishi Abu Yusuf edi», deganidan hadisni ham shu kishidan olgani bilinadi. Keyinchalik imom Shofeiydan ham fiqhni o'rgangan. O'zi esa, imom Buxoriyga ustozlik qilgan.
Hadis ilmi bo'yicha «al-Musnad» asari juda mashhur hisoblanadi. Bu kitobda qiriq ming atrofida hadis jamlangan bo'lib, asar hanbaliy mazhabining asosiy qarashlarini ifoda etadi.
Yuqorida keltirilgan fiqhiy mazhablar diniy firqalardan farq qiladi. Ular bir-birining fikriga qarshi chiqaydi va o'zlarini boshqasi bilan teng deb hisolaydilar. Mazhablar shariat masalalarida engilroq yoki qattiqroq hukm chiqarishi bilan farq qiladi. Shuningdek, mazhablar o'zi tarqalgan mintaqalarning sharoitidan ham kelib chiqqan holda fatvolar berganlar. Jumladan, shofeiy mazhabida tahoratdan so'ng yuzni artmaslik afzal hisoblansa, hanafiy mazhabida yuzni artish afzaldir. Hanafiy mazhabi sovuq o'lkalarda ham tarqalganini e'tiborga olinsa, shofeiy mazhabi asosan issiq o'lkalarda yoyilgan.
Mazhablar turlicha bo'lsada, ular asoschilari-mujtahidlarning barchasi bir-biriga ustoz-shogird tizimidadir. Ular bir-birlarining mazhabini tan oladilar. To'rtta mazhab ham hijriy ikkinchi asrning o'zida shakllanib ulgurgan. Ammo ushbu mazhablarning faqat bittasini ushlash lozim. Bir masalada bu mazhabni, boshqasida ikkinchisiga amal qilish mumkin hisolanmaydi.
Foydalangan adabiyotlar:
Hoshimjon Nizomiddinov – Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi
Imom Termiziy O'MITM matbuot xizmati
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.