Bugun Toshkent viloyati Ma'naviyat va ma'rifat markazi majlislar zalida viloyatda faoliyat yuritayotgan otinoyilar uchun yig'ilish o'tkazildi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov otinoyilarga bu yil hajga boradigan ayollar o'rtasida hajning mohiyati, ruknlari, ehrom man etgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berish zarurligini tushuntirdi.
Shuningdek, tadbirda otinoyilar oldida turgan muhim vazifalar, xususan, mahallabay ishlash tizimini yanada jonlantirish, oilalarni yarashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Adashib Islom diniga yot turli oqimlar ta'siriga tushib qolgan, biroq xatosini anglab etib, chin tavba qilgan xotin-qizlarga dinimizning sof ta'limotini etkazish zarurligi qayd etildi.
Yig'ilish so'ngida otinoyilarning savollariga atroflicha javoblar qaytarildi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati