Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

O'rganish kerak bo'lgan xorijiy tillar

15.05.2024   3651   4 min.
O'rganish kerak bo'lgan xorijiy tillar

O'rganish foydali bo'lgan chet tillar:

Arab tili;
Ingliz tili;
Turk tili (Turkiya turkchasi);
Fors tili;
Rus tili;

Bu tillar nafaqat foydali, balki juda go'zal tillar. Arab tilini mukammal bilish diniy adabiyotlarni asliyatdan o'rganishga zamin yaratadi. Tafsir, Hadis va uning sharhlari, fiqh va uning asoslari, Qur'on bilimlarini o'rganish, shuningdek, olimlarning ijtimoiy masalalarga bag'ishlab yozgan ommabop asarlarini mutolaa qilishda asqotadi. Shar'iy bilimlar ma'lum marhalaga qadar ustoz bilan o'rganilishi shart. Ammo, buning uchun ham avval arab tilini yaxshi bilish lozim. Ijtimoiy ahamiyatga molik asarlarni esa ustozsiz mutolaa qilsa ham bo'ladi. Zero, bunday asarlar zotan tushunarli va ommabop ruhda yoziladi. Bu sanaganlarimiz arab tilining uxroviy va tarbiyaviy foydalari. Dunyoviy ma'noda esa arab tilini bilish arablar bilan muloqot qilish, ushbu tilning balog'atu fasohatidan bahramand bo'lish uchun kerak. Shuningdek, arab tilidan biror qiymatli asar tarjima qilib yoxud arab tili o'rgatib tirikchilik qilish ham mumkin.

Ingliz tilini chet tili sifatida o'rganish uxroviy manfaatlarga vasila bo'lmasa-da, bu tilning dunyoviy sohalarda muhimligi barchaga ma'lum. Inglizchangiz bo'lsa, dunyoning ko'p joylarida odamlar bilan anglashib ketaverasiz. Agar chuqurroq bilsangiz dunyoga mashhur asarlarni asliyatdan o'qib tushunish imkoniga ega bo'lasiz. Bordiyu ilg'or texnologiyalar sohasida ishlasangiz ingliz tilisiz qiyin. Zero, barcha texnik atamalar inglizcha yoki inglizlashgan lotincha so'zlardan iborat. Nafaqat IT sohasi balki, ko'plab dunyoviy sohalarda ingliz tilini bilish olqishlanadi.

Yuqorida aytganimizdek, zikr qilingan tillar uxroviy yoki dunyoviy ahamiyatidan tashqari, davrlar o'tishi bilan rivojlanib, go'zallashib qolgan tillardir. Masalan, sof adabiy arab tilida biror parchani o'qish yoxud eshitish insonga zavq bag'ishlaydi. Ba'zi olimlar bor, mavzu fiqhiy yoki ilmiy bo'lsa-da, ishlatgan jumlalari g'oyat pishiq, fasohatu balog'atga yo'g'rilgan bo'ladi. Shunday kitoblarni o'qisangiz ham ilm, ham adabiy zavq olasiz. 

Turk tili endi o'zbeklar uchun begona til emas. Lekin, masofalar uzoqligi va uzoq muddat bordi-keldi bo'lmagani tufayli Turkiya turkchasi o'zicha rivojlanib, ko'p so'zlarni frantsuzchadan olib, yon-atrofidagi davlatlardan ta'sirlanib, bizning tilimiz bilan oradagi tafovut jari kattalashib qoldi. O'z navbatida dunyoda so'zlashuvchilar soni jihatidan ikkinchi buyuk turkiy til bo'lgan o'zbek tili ham mustabid tuzum davrida o'zicha, mustaqil ravishda rivojlana olmadi. Go'yoki qafasga tushib qoldi. Dunyo sohasida nimaiki, yangilik chiqsa, uning nomi va atamasini ruslardan olishga majbur bo'ldi. Va shu tufayli qaysidir ma'noda tilimiz rivojlanishdan to'xtab qoldi.

Turk tili arab, fors va evropa tillaridan ta'sirlanganligi uchun ham bag'oyat go'zallashib, mukammallik kasb etgan. Turkcha asarlarni o'qisangiz o'zgacha zavq olasiz.
Fors tilining jozibadorligi, go'zalligi ham bejiz emas. U ham qadim imperiyalar va tsivilizatsiyalardan meros bo'lib qolgan tildir. Shuningdek, juda ko'p ilmiy-adabiy asarlar ham ushbu tilda bitilgan. «Forsiy shakar ast» (Fors tili shakardek shirin) degan mashhur ibora ham bejiz paydo bo'lmagan. Hatto, shu nomli roman ham bor Muhammad Ali Jamolzoda qalamiga mansub. Forslarning so'zlashuviga quloq solsangiz xuddi ashula aytayotgandek, tasavvur paydo bo'ladi. Chunki, so'zlari chiroyli va oddiy so'zlashuv ham ma'lum ohang va ritmlarga tushib qoladi, istar-istamas. 

Rus tili doimiy ravishda yangilanib, rivojlanib boruvchi til bo'lganligi uchun hamda Rossiya imperiyasi ham qaysidir ma'noda Britaniya imperiyasi bilan raqobatlashib, ko'p joylarni mustamlaka qilganligi ortidan rus tili juda boyib ketdi. Boz ustiga, Rossiyada ilm-fanga e'tibor juda kuchli. Qayerda ilm-fanga e'tibor bo'lsa, o'sha erning tili albatta kuchayadi. Ushbu omillar ta'sirida rus tilining fasohatu balog'ati ham rivojlanib, yoqimli tilga aylandi. 

Alisher Sultonxodjayev

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni butunlay o‘zgartirdi" — Ilhom Aliyev

24.08.2026   18632   2 min.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

U Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgan davrdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
 

"Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yo‘liga qo‘yish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi", — dedi Ilhom Aliyev.



Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.
 

"Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz — jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda", — dedi u.



Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
 

"Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi", — dedi Ozarbayjon Prezidenti.


Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmaganini ta’kidladi.

Ayni paytda tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu ko‘rsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
 

"Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir", — dedi u.



Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va o‘zaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini qayd etdi.

 

VIDEO