O'rganish foydali bo'lgan chet tillar:
Arab tili;
Ingliz tili;
Turk tili (Turkiya turkchasi);
Fors tili;
Rus tili;
Bu tillar nafaqat foydali, balki juda go'zal tillar. Arab tilini mukammal bilish diniy adabiyotlarni asliyatdan o'rganishga zamin yaratadi. Tafsir, Hadis va uning sharhlari, fiqh va uning asoslari, Qur'on bilimlarini o'rganish, shuningdek, olimlarning ijtimoiy masalalarga bag'ishlab yozgan ommabop asarlarini mutolaa qilishda asqotadi. Shar'iy bilimlar ma'lum marhalaga qadar ustoz bilan o'rganilishi shart. Ammo, buning uchun ham avval arab tilini yaxshi bilish lozim. Ijtimoiy ahamiyatga molik asarlarni esa ustozsiz mutolaa qilsa ham bo'ladi. Zero, bunday asarlar zotan tushunarli va ommabop ruhda yoziladi. Bu sanaganlarimiz arab tilining uxroviy va tarbiyaviy foydalari. Dunyoviy ma'noda esa arab tilini bilish arablar bilan muloqot qilish, ushbu tilning balog'atu fasohatidan bahramand bo'lish uchun kerak. Shuningdek, arab tilidan biror qiymatli asar tarjima qilib yoxud arab tili o'rgatib tirikchilik qilish ham mumkin.
Ingliz tilini chet tili sifatida o'rganish uxroviy manfaatlarga vasila bo'lmasa-da, bu tilning dunyoviy sohalarda muhimligi barchaga ma'lum. Inglizchangiz bo'lsa, dunyoning ko'p joylarida odamlar bilan anglashib ketaverasiz. Agar chuqurroq bilsangiz dunyoga mashhur asarlarni asliyatdan o'qib tushunish imkoniga ega bo'lasiz. Bordiyu ilg'or texnologiyalar sohasida ishlasangiz ingliz tilisiz qiyin. Zero, barcha texnik atamalar inglizcha yoki inglizlashgan lotincha so'zlardan iborat. Nafaqat IT sohasi balki, ko'plab dunyoviy sohalarda ingliz tilini bilish olqishlanadi.
Yuqorida aytganimizdek, zikr qilingan tillar uxroviy yoki dunyoviy ahamiyatidan tashqari, davrlar o'tishi bilan rivojlanib, go'zallashib qolgan tillardir. Masalan, sof adabiy arab tilida biror parchani o'qish yoxud eshitish insonga zavq bag'ishlaydi. Ba'zi olimlar bor, mavzu fiqhiy yoki ilmiy bo'lsa-da, ishlatgan jumlalari g'oyat pishiq, fasohatu balog'atga yo'g'rilgan bo'ladi. Shunday kitoblarni o'qisangiz ham ilm, ham adabiy zavq olasiz.
Turk tili endi o'zbeklar uchun begona til emas. Lekin, masofalar uzoqligi va uzoq muddat bordi-keldi bo'lmagani tufayli Turkiya turkchasi o'zicha rivojlanib, ko'p so'zlarni frantsuzchadan olib, yon-atrofidagi davlatlardan ta'sirlanib, bizning tilimiz bilan oradagi tafovut jari kattalashib qoldi. O'z navbatida dunyoda so'zlashuvchilar soni jihatidan ikkinchi buyuk turkiy til bo'lgan o'zbek tili ham mustabid tuzum davrida o'zicha, mustaqil ravishda rivojlana olmadi. Go'yoki qafasga tushib qoldi. Dunyo sohasida nimaiki, yangilik chiqsa, uning nomi va atamasini ruslardan olishga majbur bo'ldi. Va shu tufayli qaysidir ma'noda tilimiz rivojlanishdan to'xtab qoldi.
Turk tili arab, fors va evropa tillaridan ta'sirlanganligi uchun ham bag'oyat go'zallashib, mukammallik kasb etgan. Turkcha asarlarni o'qisangiz o'zgacha zavq olasiz.
Fors tilining jozibadorligi, go'zalligi ham bejiz emas. U ham qadim imperiyalar va tsivilizatsiyalardan meros bo'lib qolgan tildir. Shuningdek, juda ko'p ilmiy-adabiy asarlar ham ushbu tilda bitilgan. «Forsiy shakar ast» (Fors tili shakardek shirin) degan mashhur ibora ham bejiz paydo bo'lmagan. Hatto, shu nomli roman ham bor Muhammad Ali Jamolzoda qalamiga mansub. Forslarning so'zlashuviga quloq solsangiz xuddi ashula aytayotgandek, tasavvur paydo bo'ladi. Chunki, so'zlari chiroyli va oddiy so'zlashuv ham ma'lum ohang va ritmlarga tushib qoladi, istar-istamas.
Rus tili doimiy ravishda yangilanib, rivojlanib boruvchi til bo'lganligi uchun hamda Rossiya imperiyasi ham qaysidir ma'noda Britaniya imperiyasi bilan raqobatlashib, ko'p joylarni mustamlaka qilganligi ortidan rus tili juda boyib ketdi. Boz ustiga, Rossiyada ilm-fanga e'tibor juda kuchli. Qayerda ilm-fanga e'tibor bo'lsa, o'sha erning tili albatta kuchayadi. Ushbu omillar ta'sirida rus tilining fasohatu balog'ati ham rivojlanib, yoqimli tilga aylandi.
Alisher Sultonxodjayev
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati