Cavol: Umraga ketayogan kishiga “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bizning nomimizdan salom aytib qo'ying”, deb bo'lmaydimi? Yaqinda shunday gap eshitdik. Chunki sahobalardan bunday ish sodir bo'lmagan, deb aytishyapti.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom aytib yuborish joiz, hatto maqtalgan amal sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning qaysidir amalni qilmaganlari shu ishning noto'g'ri ekaniga dalil bo'lmaydi. Biror amalning harom yoki makruh bo'lishi uchun alohida dalil kelgan bo'lishi kerak.
To'rt mazhab ulamolari bir ovozdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom aytib yuborishni joiz va maqtalgan amal, deb aytishgan.
Molikiylardan alloma Zarqoniy rahimahulloh bunday deganlar:
“Kim ziyoratga ketayotgan bir kishiga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Sizga falonchidan salom deng” yoki “Mening nomimdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom ayting”, desa va ziyoratchi rozi bo'lib, salom aytishni zimmasiga olsa, uning salomini etkazishi vojib bo'ladi. Chunki bu ado qilish vojib bo'lgan omonat bo'lib qoladi. U “Yo Allohning Rasuli, sizga falonchidan salom”, deydi” (“Al-Mavohibul laduniya” kitobi).
Shofe'iylardan alloma Najmiddin G'azziy “Husnut tanabbuh lima varoda fit tashabbuh” kitobida bunday degan:
“Kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom etkazishni bo'yniga olsa, bu ado etish lozim bo'lgan omonatga aylanadi. Ziyoratga borayotgan kishining boshqalar nomidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom olib ketishi mahbub va maqbul amal bo'lib, ulamo va solih zotlar buni qilganlar”.
Hanbaliylardan alloma Ruhayboniy rahimahulloh bunday deganlar:
“Bir kishi boshqa ziyoratga borayotgan odamga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom etkazishni tavsiya qilsa, ziyoratchi: “Yo Allohning Rasuli, sizga falonchi o'g'li falonchidan salom bo'lsin”, deb aytsin. Salom aytishni bo'yniga olgan kishining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom etkazishi vojibga aylanadi. Salom aytishi orqali zimmasidagi vojibdan qutiladi” (“Matolib ulin nuha” kitobi).
Demak, ziyoratga otlanayotgan kishiga: “Bizning nomimizdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom ayting”, deyish aslo xato emas, balki mandub amal sanaladi. Qolaversa, bu yaqinda paydo bo'lib qolgan ish emas, balki qadimdan ulamolar va solih zotlar qilib kelayotgan amal sanaladi.
Hanafiy mazhabining mo''tabar ulamolaridan sanalgan Alloma Kamol Ibn Humom rahimahulloh bunday deydilar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom etkazishni vasiyat qilgan kishining salomini U zot alayhissalomga etkazishi kerak. Yetkazishda: “Yo Allohning Rasuli, sizga falonchi o'g'li falonchidan salom” yoki “Yo Allohning Rasuli, falonchi o'g'li falonchi sizga salom aytdi”, deydi. Rivoyatda kelishicha, Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom etkazish uchun Shomdan Madinai munavvaraga odam yuborar ekan. Kimning mazkur shaklda salom etkazishga vaqti ziqlik qilsa, vaqtidan kelib chiqib, mumkin bo'lganicha (qisqa tarzda) salomni etkazadi. O'tgan salafi solihlardan ham o'ta qisqa tarzda salom etkazganlari naql qilingan” (“Fathul Qadiyr” kitobi). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati