“Risolatul mustarshidiyn” asarining muallifi Horis ibn Asad Muhosibiy mo'minlarga nasihat o'laroq quyidagi gaplarni aygan. Ta'kidlash lozimki, bu nasihatlarga amal qilishga har bir mo'min kishi muhtojdir:
“Niyatingni tekshirgin, maqsadingni aniqlagin. Zero, savob olish niyatga bog'liqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, amallar niyatlarga bog'liqidir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo'ladi”.
Doimo Allohga taqvoda bo'l! Zero, “Musulmon – odamlar uning qo'li va tilidan salomat bo'lgan kishidir. Mo'min – odamlar uning yomonliklaridan omonda bo'lgan kishidir”.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bunday deganlar: “Allohga itoat qilish orqali Unga taqvo qil, Allohga taqvo qilish orqali Unga itoat qil, qo'llaring musulmonlarning qonidan, qorning ularning moli(ni eyish)dan tiling ularning obro'si(ni to'kish)dan qo'rqsin”.
Har lahzada o'zingni hisob-kitob qil. Har nafasda Allohni muroqaba qil (seni ko'rib turganini his qil).
Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Hisob qilinishingizdan oldin o'zingizni hisob-kitob qilingiz, amalingiz (qiyomat kuni) tarozida tortilishidan oldin uni o'zingiz tortingiz. Barcha narsa oshkor bo'ladigan kundagi katta namoyishga tayyorgarlik ko'ringiz”.
Dining haqqida Allohdan qo'rq, barcha ishlaringda Allohdan umid qil, boshingga tushgan musibatga sabr qil.
Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Faqat gunohingdangina qo'rq, faqat Robbingdan umid qil. Bilmaydigan odam to bilib olgunicha so'rashdan uyalmasin. Kimda-kim bilmaydigan narsasi haqida so'ralsa “Bilmayman” deyishdan uyalmasin”.
Bilki, iymondagi sabrning o'rni jasaddagi boshning o'rni kabidir, bosh kesilsa jasad ham ketadi. Obro'ing haqqida seni g'azablantiradigan gapni eshitsang, afv qil, o'tib yubor. Albatta, bu mardlik ishlardandir. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu aytadilar: “Kimki Allohdan qo'rqsa (o'ch olib) g'azabini qondirmaydi, kim Unga taqvo qilsa,xohlaganini qilavermaydi. Qiyomat kuni bo'lmaganda edi (vaziyat) sizlar ko'rib turgandan boshqacha bo'lardi”.
O'zingni himmating (yoki o'zingni g'aming, ishing) bilan shug'ullan! Boshqaning aybini qo'yib, o'z aybingni to'g'rilash bilan shug'ullan. Axir aytiladiku: “Kishining ko'ziga o'z aybi qolib odamlarning aybi ko'rinishi yoki o'zi qilgan ishda odamlarga g'azab qilishi yoki sherigiga ozor berishi yoki odamlar haqida behuda gaplarni aytishi unga ayb o'laroq kifoya qiladi”.
Yuqorida niyat haqida gap ketdi. Shu o'rinda niyat haqida biroz to'xtalib o'tmoqchimiz. Niyat – qalbning biror narsani qasd qilishi, uni qilish yoki qilmaslikka azm-u qaror qilishidir. Shayx Muhammad Ibn Abu Bakr rahimahulloh “I'lomul muvaqqi'iyn”da aytadilar: “Niyat – ishning boshi, ustuni, asosi, poydevori hisoblanadi. Chunki u amalning ruhi va etakchisi-da. Amal uning ketidan ergashadi, uning ustiga bino qilinadi. Niyat durust bo'lsa amal ham durust bo'ladi, niyat buzuq bo'lsa amal ham buzuq bo'ladi. Niyat bilan Allohning tavfiqi, yordami keladi, niyat bo'lmasa banda yordamsiz qoladi. Niyatga qarab dunyo va oxiratda darajalar bir-biridan farqli bo'ladi”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekiston bank-moliya sohasi vakillari Malayziyaning Islom moliyasi bo‘yicha shariat maslahatchilari assotsiatsiyasi (ASAS) tomonidan tashkil etilgan “Islomiy bank darchasi” mavzusidagi o‘quv-amaliy dasturida ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rgandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Dasturning ilk bitiruvchilariga xalqaro sertifikatlarni topshirish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev davlat rahbari tashabbusi asosida mamlakatimizda islom moliyasini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, elchi joriy yilda sohani tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilingani islom moliyasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lganini qayd etdi.
Tadbirda O‘zbekiston uchun Malayziya tajribasining uchta ustuvor yo‘nalishi alohida ta’kidlandi. Birinchidan, bu – qo‘shaloq bank tizimi bo‘lib, unda an’anaviy va islomiy banklar yagona regulyator nazorati ostida parallel faoliyat yuritadi.
Ikkinchidan, markazlashgan shariat nazorati tizimi orqali banklar tomonidan o‘zaro zid fatvolar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Uchinchidan, “Islomiy darcha” modeli tijorat banklarida yangi infratuzilmani tez va samarali shakllantirish imkonini beradi.
Malayziyaning yirik islomiy banklaridan biri – “Maybank Islamic Berhad” bosh direktori o‘rinbosari Mohd Ramazon Fitri O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
U O‘zbekiston bank tizimi vakillariga islomiy darchalarni tashkil etish, zarur moliyaviy infratuzilmani shakllantirish hamda audit jarayonlarini yo‘lga qo‘yishda amaliy va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, ASAS bosh ijrochi direktori Moxtar Abdulla mazkur o‘quv dasturi davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar islom moliyasi instrumentlari, shariat boshqaruvi va islomiy darchalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni chuqur o‘zlashtirganini ta’kidladi.
Tadbir yakunida bunday o‘quv dasturlari O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatimizda shariat tamoyillariga asoslangan zamonaviy bank xizmatlarini samarali joriy etish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati