Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2026   |   27 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyul, 2026, 27 Muharram, 1448

Har bir mo'min bilishi kerak! (1 qism)

15.05.2024   2325   4 min.
Har bir mo'min bilishi kerak! (1 qism)

“Risolatul mustarshidiyn” asarining muallifi Horis ibn Asad Muhosibiy mo'minlarga nasihat o'laroq quyidagi gaplarni aygan. Ta'kidlash lozimki, bu nasihatlarga amal qilishga har bir mo'min kishi muhtojdir:

“Niyatingni tekshirgin, maqsadingni aniqlagin. Zero, savob olish niyatga bog'liqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, amallar niyatlarga bog'liqidir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo'ladi”.

Doimo Allohga taqvoda bo'l! Zero, “Musulmon – odamlar uning qo'li va tilidan salomat bo'lgan kishidir. Mo'min – odamlar uning yomonliklaridan omonda bo'lgan kishidir”.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bunday deganlar: “Allohga itoat qilish orqali Unga taqvo qil, Allohga taqvo qilish orqali Unga itoat qil, qo'llaring musulmonlarning qonidan, qorning ularning moli(ni eyish)dan tiling ularning obro'si(ni to'kish)dan qo'rqsin”.

Har lahzada o'zingni hisob-kitob qil. Har nafasda Allohni muroqaba qil (seni ko'rib turganini his qil).

Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Hisob qilinishingizdan oldin o'zingizni hisob-kitob qilingiz, amalingiz (qiyomat kuni) tarozida tortilishidan oldin uni o'zingiz tortingiz. Barcha narsa oshkor bo'ladigan kundagi katta namoyishga tayyorgarlik ko'ringiz”.

Dining haqqida Allohdan qo'rq, barcha ishlaringda Allohdan umid qil, boshingga tushgan musibatga sabr qil.

Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Faqat gunohingdangina qo'rq, faqat Robbingdan umid qil. Bilmaydigan odam to bilib olgunicha so'rashdan uyalmasin. Kimda-kim bilmaydigan narsasi haqida so'ralsa “Bilmayman” deyishdan uyalmasin.

Bilki, iymondagi sabrning o'rni jasaddagi boshning o'rni kabidir, bosh kesilsa jasad ham ketadi. Obro'ing haqqida seni g'azablantiradigan gapni eshitsang, afv qil, o'tib yubor. Albatta, bu mardlik ishlardandir. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu aytadilar: Kimki Allohdan qo'rqsa (o'ch olib) g'azabini qondirmaydi, kim Unga taqvo qilsa,xohlaganini qilavermaydi. Qiyomat kuni bo'lmaganda edi (vaziyat) sizlar ko'rib turgandan boshqacha bo'lardi.

O'zingni himmating (yoki o'zingni g'aming, ishing) bilan shug'ullan! Boshqaning aybini qo'yib, o'z aybingni to'g'rilash bilan shug'ullan. Axir aytiladiku: Kishining ko'ziga o'z aybi qolib odamlarning aybi ko'rinishi yoki o'zi qilgan ishda odamlarga g'azab qilishi yoki sherigiga ozor berishi yoki odamlar haqida behuda gaplarni aytishi unga ayb o'laroq kifoya qiladi”.

Yuqorida niyat haqida gap ketdi. Shu o'rinda niyat haqida biroz to'xtalib o'tmoqchimiz. Niyat – qalbning biror narsani qasd qilishi, uni qilish yoki qilmaslikka azm-u qaror qilishidir. Shayx Muhammad Ibn Abu Bakr rahimahulloh “I'lomul muvaqqi'iyn”da aytadilar: “Niyat – ishning boshi, ustuni, asosi, poydevori hisoblanadi. Chunki u amalning ruhi va etakchisi-da. Amal uning ketidan ergashadi, uning ustiga bino qilinadi. Niyat durust bo'lsa amal ham durust bo'ladi, niyat buzuq bo'lsa amal ham buzuq bo'ladi. Niyat bilan Allohning tavfiqi, yordami keladi, niyat bo'lmasa banda yordamsiz qoladi. Niyatga qarab dunyo va oxiratda darajalar bir-biridan farqli bo'ladi”.

Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ishlarning eng yaxshisi

10.07.2026   18161   3 min.
Ishlarning eng yaxshisi

Din va jamiyat

Islom dini kishini haddan oshish, zo‘ravonlik va adovatdan qaytaradi. Har bir ishda o‘rta yo‘lni tutish, aql bilan ish ko‘rish, adolat va insofni saqlash asosiy mezonlardan ekani ta’kidlanadi.

Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar dinimizga xos muqaddas tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Ular dinning asl mohiyati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro mehr-muruvvat va ezgulik g‘oyalarini buzib, odamlar qalbiga mutaassiblik urug‘ini sochishga harakat qilmoqda. Bunday kimsalar xorijda turib ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaviy, fiqhiy, mahzab masalalarida xalqimizni chalg‘itishga urinib, mutaassiblik va boshqa yot g‘oyalarni targ‘ib qilib, ommani shubhalar girdobiga tortishga urinmoqda.

 
Haqiqiy dindorlik odamlardan uzilish, hayotdan chetlashish yoki boshqalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilish emas. Balki halol mehnat qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, oilaga mas’uliyat bilan qarash, jamiyatga foyda keltirish va ibodatni ixlos bilan ado etishda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik esa shu muvozanatni buzadi. Bunday kishi o‘z fikrini yagona haqiqat deb biladi, boshqa qarashlarni eshitishni istamaydi. Faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinadi. U ko‘p hollarda dinning asl mohiyatini emas, balki o‘zining tor va biryoqlama tushunchasini himoya qiladi. Shu sababli mutaassiblik jamiyatda murosasizlik, adovat va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi.


Aslida, chin musulmon o‘z e’tiqodida mustahkam bo‘lishi bilan birga, boshqalarga nisbatan ham odob, hurmat va insof bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Din nomidan qo‘pollik qilish, odamlarni kamsitish, jamiyat tinchligiga raxna solish yoki zo‘ravonlikni oqlash qoralangan.


Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin – o‘rtacha bo‘lishga chaqirib: “Ishlarning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu esa Islomda inson hayoti bir tomonga og‘ishgan emas, balki muvozanatli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.


Bu haqda Qur’oni karimda: “...Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar” (Hadid surasi, 27-oyat), deyilgan. Demak, kishi o‘z tabiatiga og‘irlik qiladigan darajada hayotdan uzilib, toat-ibodatga berilib ketmasligi kerak.


Yana bir oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Musulmon kishi dunyoni deb oxiratni unutishi, oxiratni bahona qilib, zimmasidagi bu dunyo ishlarini tashlab qo‘yishi joiz emas.


Mutaassiblik ilmsizlik sababli kelib chiqadi. Ilmli kishi hech qachon o‘zgalar bilan tortishmaydi va har ishda o‘zinikini ma’qullayvermaydi. Aksincha, haq gap aytilganida tan oladi. Shuning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq diniy bilimlarni chuqur o‘rgatib, turli fitnalardan ogoh etib borishimiz zarur. Zero, haqiqiy ilm egalarini hech qanday buzg‘unchi g‘oyalar chalg‘ita olmaydi. 

G‘afurjon ESHONQULOV,

Urgut tumanidagi “Chubin” masjidi imom noibi

H. Sadriddinov uyushtirdi.


"Hidoyat" jurnalini 7-sonidan

Maqolalar