Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

124 yoshli kampirning hayosi

15.05.2024   1606   4 min.
124 yoshli kampirning hayosi

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hayo qaerda bo'lmasin kishini bezaydi, chirkin so'z har qaerda kishini jirkanch ko'rsatadi”, dedilar.

Hayo hammada ham bo'lishi shart. Lekin ayollar yana ham munosibroqdir. Ayollarning hammasiga hayo munosib, yoshlariga yana ham chiroydir hayo. Keksalarga esa, hayo qilmaslik sharmandalikdir.

1888 yilda tug'ilgan falastinlik Maryam Hamdan Ammash 124 yoshga etib, frantsiyalik 122 yarim yil umr ko'rgan Janna Luiza Kalman degan ayolning rekordidan o'tib ketdi.

Aytishlaricha, Maryam buvi to'rt bosqich avlodini ko'rgan. Hatto uning nabiralari ham nabira ko'rgan bobo bo'lganlar. Biroq shunday katta yoshiga qaramay nevara, evara va chevaralarining har birini yaxshi tanir, ularning hayoti bilan qiziqar edi.

Keksa onaxon oqila va dono bo'lib, bu katta oilaning etakchisi edi. Hamma u bilan maslahatlashar edi. Kampir besh marotaba haj va o'n marta umra qilgan. Yoshi katta bo'lishiga qaramay juda harakatchan edi. Bu muslima qariya qishloqda muhtaram enaga va doya ham edi.

Maryam buvining nabirasi Mahdiy Hamdan Ammashning “Gulf News” ro'znomasiga aytishicha, Ginnes guruhi Maryam buvinining oldiga o'tgan yil mart oyida ziyorat qilgani kelgan va Maryam buvini rekordlar kitobiga yozishni bildirgan. Uning aytishicha, Ginnes guruhi namoyandasi uni rekordlar kitobiga yozib butun Yer yuzida mashhur qilishini aytganida, onaxon undan so'radi:

  • Men shu bilan baxtli bo'lamanmi?

Rekordlar kitobi vakili bu kutilmagan savoldan dovdirab qoldi va bu narsa uni va uning oila a'zolarini baxtli qilishi mumkinligini aytdi. Onaxon yana so'radi:

  • Yoshingiz nechada?
  • Qirq uchga kirdim...
  • Musulmonmisiz?

Hodim musulmon emasligini e'tirof etdi.

  • Demak, Siz yoshingiz katta bo'lgani bilan haqni botildan ajrata olmas ekansiz. Yo haliyam yoshlik qilasiz yoki aqlingiz zaifdir. Chunki “o'zi kabi o'lajak insonlar orasida mashhur bo'lishdan baxtli bo'lasan” degan so'zga faqat yosh bola yoki aqli zaif kimsagina ishonadi. Vaholanki buning orqasida o'z Holiqi huzurida sharmanda bo'lishlik ham bordir. Ho'sh men qaysi birini tanlay – baxti qaro, sharafsiz kimsalar orasida mashhur bo'lishnimi yoki Olamlar Robbisi huzuridagi baxtiyor insonlar orasida mashhurliknimi?

Ginnes tashkiloti namoyandasi nima deyishni bilmay qoldi. Maryam buvi unga:

- Agar aytishga javobingiz bo'lmasa, boring katta bo'lib aql yurita boshlaganingizda yonimga kelarsiz. Men esa siz qaytib kelguncha o'lmay turishga va'da beraman, deb hazillashib ham qo'ydi.

Shunday qilib uning o'g'illari va nabiralari Ginnes guruhi bilan uchrashishdan bosh tortishdi, chunki oynai jahonda ko'rsatish uchun tasvirga tushirish chog'ida bu ayol boshidan ro'molini echib qo'yishi shart qilingan edi.

Qizig'i shundaki, oradan etti oy o'tgach rekordlar kitobi xodimi Islomni qabul qildi. Bundan to'rt oydan keyin esa Maryam Hamdan vafot etdi. Unga qadar esa keksa onaxon bilan bir necha marotaba uchrashib, ancha vaqt suhbatlashishgan.

Ulug'bek qori YO'LDOShYeV,

Asaka tumanidagi “Muhammadsolih hoji” jome masjidi xodimi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   68147   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati