Musulmon – peshonasi yaraqlagan inson. Chunki u o'zining qanchalik ojiz, Holiq taoloning ulug'ligini e'tirof etgan holda boshini sajda qo'yganidagi huzur-halovatni tuyishi katta ne'matdir.
Mo'minning ana shu sifati oyati karimada: “Ular namozlarida o'zlarini kamtar tutuvchilardir” (Mu'minun surasi, 2-oyat), deb maqtaladi. Namozxonning doimo xushu bilan boshini erga qo'yishi uning peshonasida sajda izlarining paydo bo'lishiga, bu belgilar dunyo va oxiratda uning peshonasi yaraqlaganiga, ya'ni tanilishiga sabab bo'ladi.
Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: “Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo'lgan (mo'min)lar kofirlarga qahrli, o'z oralarida (mo'minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku va sajda qilayotgan hollarida ko'rarsiz. Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir...” (Fath surasi, 29-oyat).
Mo'minlarning shunday sifatlari Tavrot va Injilda ham kelgan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Do'zax Odam bolasining sajda izinigina emaydi. Chunki Alloh do'zaxga sajda izini eyishni harom qilgan”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Muslim rivoyat qilgan xadisda Savbon roziyallohu anhu bunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan meni jannatga kiritadigan amal haqida so'radim. U zot: “Ko'p sajda qil, chunki sen Alloh uchun bir marta sajda qilsang, Alloh taolo bu bilan seni bir daraja yuksaltiradi va sendan bitta xatoni o'chiradi”, dedilar.
Demak, ko'p sajda qilish tufayli gunohlar o'chiriladi.
Alloh taolo ibodatlarimizni qabul, vujudimizda sajda izlarini barqaror aylasin!
Ruhiddin AKBAROV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasida ikki yuzdan ziyod vatandoshimiz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Muftiy hazratlari yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tarixiy yangilanishlar, xususan, so‘nggi yillarda 150 dan ortiq yangi masjidlar ochilgani, Qur’on kurslari soni oshib, faoliyati kengaygani, Haj kvotalari soni ortayotgani, Umra ziyoratiga cheklovlar olib tashlangani kabi raqamli misollarni keltirib o‘tdilar.
Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi kabi ulug‘vor loyihalar inson qadrini yuksaltirish yo‘lidagi islohotlarning amaliy ifodasi ekanini qayd etdilar.
Vatandoshlarga bugungi murakkab davrda ogoh bo‘lish, fitna va shubhali axborotlarga aldanmaslik, halol mehnat qilib, yashab turgan joyining qonun-qoidalariga rioya etish kabilar ham eslatib o‘tildi.
Diniy masalalardagi savol va tushunchalar borasida esa O‘zbekiston musulmonlari idorasining Koll-markazi (+998781503344), Telegram (@fatvo_call_1, @fatvo_call_2), WhatsApp (+998917806633) yoki fatvo.uz sayti orqali ishonchli javob olish mumkinligi aytildi.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ota-ona va oila oldidagi mas’uliyat borasida alohida to‘xtalib, ota-onaning duolarini olib turish, ahli oilasi va yaqinlaridan tez-tez xabardor bo‘lishga chaqirdilar.
Qizg‘in muloqotda hamyurtlarimiz bilan turli masalalarda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Ular tomonidan Davlatimiz tomonidan o‘zga yurtlarda yurgan vatandoshlarimizga katta e’tibor qaratilayotgani yuksak baholandi.
Vatanga qaytib kelgan migrantlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘rilayotgani, yurtimiz diniy soha vakillarining xorijiy safarlarga yuborilishi ana shunday g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi ekani e’tirof etildi.
Yakunda ilm va rizq talabida yurgan barcha hamyurtlarimizga Haq taolodan sihat-salomatlik, omonlik va muvaffaqiyatlar tilab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati