Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Har bir mo'min bilishi kerak! (2 qism)

16.05.2024   3800   3 min.
Har bir mo'min bilishi kerak! (2 qism)

Alloh senga ravo ko'rganiga rozi bo'l! Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: Alloh senga taqsimlab qo'yganiga rozi bo'l, odamlarning eng boyi bo'lasan. Alloh senga harom qilgan narsalardan chetlan, odamlarning eng taqvodori bo'lasan. Alloh senga farz qilgan narsalarni to'kis ado et, odamlarning eng obidi bo'lasan.

Senga eng mehribon bo'lgan Zot ustidan senga rahm qilmaydiganlarga shikoyat qilma! Allohdan yordam so'ra, Allohga tayan, shunda Uning xos bandalaridan bo'lasan!

Uboda ibn Somit roziyallohu anhu aytadilar: “Odamlarning qo'lidagi narsadan umidingni butunlay uz, zotan shu haqiqiy boylikdir. Ta'magirlikdan, hojatlaringni odamlardan so'rashdan saqlan, zero, bu ayni faqirlikdir. Namoz o'qisang oxirgi namozingni o'qiyotgandek o'qi!”.

Endi bu haqda salaflarning hayotidan namunalarni keltirib o'tsak:

Zahabiyning “Tazkirotul huffoz” kitobida buyuk peshvolardan biri Imom Mansur ibn Zozon As-Saqafiy Al-Vositiy (131-hijriy yilda vafot etgan) rahimahullohning tarjimai holida bunday deydi: “Shogirdi Hushaym aytadi: U kishiga farazan: O'lim farishtasi eshik tagida turibdi, deyilsa ham amalida ziyodalik bo'lmasdi” (ya'ni shundoq ham o'limi yaqin odamdek amal qilardi).

U kitobda yana Imom Mansur ibn Mo'tamir As-Sulamiy Al-Kufiy (132-hijriy yilda vafot etgan) rahimahullohning tarjimai holida bunday keladi: “Uning shogirdi Sufyon Savriy aytadi: Agar (ustozim) Mansurni namoz o'qiyotganini ko'rsangiz (shunchalik xushu' bilan o'qiyotganidan) hozir o'lib qolsa kerak, deb o'ylaysiz. Uning yana bir shogirdi Zoida ibn Qudoma aytadi: Mansur qirq kun ro'za tutdi, qirq tun qoim bo'lib, tuni bo'yi yig'lardi, tong otsa ko'ziga surma surib, chehrasini ochib, boshini yog'lab chiqardi. Onasi uni ko'p yig'laganini, qo'rquvini, Alloh taologa uzoq ibodat qilganini ko'rib, odam o'ldirib qo'ydingmi (bunchalar tavba-tazarru' qilasan)? – dedi. Shunda u aytdiki: Nafsim nima qilganini o'zim bilaman!”.

Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota-onani hurmatlash odoblari

08.08.2026   16697   1 min.
Ota-onani hurmatlash odoblari

Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir.

Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq: 
 

Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).

Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws