Cavol: Juma namoziga borganimizda havo issiq bo'lganligi uchun ba'zi odamlar saflarni to'ldirishga e'tibor bermay, soya joylardan turib iqtido qilishadi. Orada ochiq joylar qolganligidan ularning namozlari to'g'ri bo'ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Namozda saflarni to'ldirish, tekis qilish va orada ochiq joylar qoldirmaslik borasida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan juda ko'p hadislar vorid bo'lgan.
Shuning uchun namozxonlar saflarni to'ldirish, tekis qilishga alohida e'tibor qaratishlari kerak bo'ladi. Ammo, saflarni to'ldirish va tekisligiga e'tiborsizlik qilib namozlarini ado qilsalar, garchi namoz ado bo'lsada, Ibn Obidiyn rahimahullohning “Roddul Muhtor”da keltirishlaricha tahriman (haromga yaqin) makruh bo'ladi. Bu o'rinda havoning issiq yoki sovuq bo'lishi va shu sabab namozxonlar soya joylarga o'tib olishi uzr hisoblanmaydi. Balki mashaqqat ziyoda bo'lishi beriladigan ajrning ham ziyoda ko'payishiga sabab bo'ladi.
Shuningdek, zaruratsiz masjid tomida namoz o'qishlik makruhdir.
Shuning uchun qattiq issiq bo'lgan vaqt masjid tomida jamoat bilan namoz o'qishlik makruhdir. Ammo, masjid torlik qilib tomga chiqishlikning zarari yo'q. Issiqning o'zi zaruratni keltirib chiqarmaydi. Issiq sababli mashaqqat ortadi bu esa ajrni ziyoda bo'lishligiga sabab bo'ladi (“Fatovoi Hindiya”.J.5. – B.322. “Nisobul ihtisob”. – B.32.).
Shuni ham yodda tutish lozim: Ushbu holat masjid hududidan tashqarida bo'lsa, iqtido durust bo'lmaydi. Chunki iqtido durust bo'lishi uchun imom va muqtadiyning makoni bir bo'lishi, ya'ni turgan joyi bir bo'lishi shartdir. Shuni eslatib o'tish kerakki, Masjid sahni va hovlisi masjid hududi hisoblanadi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan imom-xatiblar va imom noiblari uchun tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.
6-20 aprel kunlari Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida qiroat darslarining navbatdagi amaliy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Qur’on va tajvidni o‘rgatish hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu darslarda Abdulloh qori Haydarov (Buxoro viloyatida), Abdusamad qori Mamasoliyev (Xorazm viloyatida) va Abdulbosit qori Eshqobilov (Toshkent viloyatida) amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.
Bunday o‘quvlar reja asosida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati