Sarlavhani o'qib, nikoh ham ibodat bo'lishi mumkinmi, deyishga shoshilmang. Biz ibodat deganda faqat namoz o'qishni, ro'za tutishni, haj qilishni tushunib qolganmiz. Aslida, ibodatning qamrovi keng. Holis Alloh uchun qilingan har bir amal ibodatdir.
Oila qadr-qimmat, mehr-oqibat, yaxshilik, ezgulik, insof-diyonat, to'g'rilik o'rgatiladigan, ming yillik urf-odatlarimiz ildiz otadigan ajoyib go'shadir. Oilada bolalar tarbiyalanadi, diniy qadriyatlar ulug'lanadi. Bir so'z bilan aytganda, bu maskan inson kamolotida muhim o'rin tutadi.
Muqaddas dinimiz ta'limoti biz mo'min-musulmonlarga sog'lom e'tiqodni, ibodatlarni ado etish tartibini o'rgatish bilan birga, muomalot maslalarida ham o'zining ilohiy ko'ratmalarini bergan.
Alloh taolo payg'ambarlar orqali oila masalasiga alohida ahamiyat berib, uning mustahkam bo'lishi, undan ko'zlangan maqsad yuzaga chiqishi uchun har qaysi davrga muvofiq nizom va qonunlarni joriy qilgan. Oila qurish Islomdan avval ham bo'lgan, lekin oilada erning va ayolning huquqlari va mas'uliyatlari to'liq ko'rsatib berilmagan. Islom kelgach, bu masala ham hal etildi.
Alloh taolo barcha mavjudotlarni juft-juft qilib yaratdi. Bu haqda Rum surasida marhamat qiladi:
وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً
إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (21-oyat).
Jamiyatning shohasari bo'lgan oila qurishga tayyorlanish, nikoh qurib, ummatning safini kengaytirish yo'lida elib-yugurish ham ibodatdir. Namozimiz mukammal bo'lishi uchun, avvalo, tahoratni to'liq qilish kerak. Ro'zamiz to'kis bo'lishi uchun nafsimizni tiyganimiz kabi nikohimiz barqaror bo'lishi uchun oila ilmini bilishimiz kerak.
Odam vafot etsa, hamma ishi to'xtaydi. Illo, nikoh jannatda ham davom etadi. “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yo'q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog'ki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma'lum muddatdan so'ng kuchini yo'qotadi, ammo bir-birlaridan rozi bo'lgan umr yo'ldoshlarning birgalikdagi hayoti o'lim bilan ham tugamaydi”, deyiladi “Durrul muxtor” kitobining “Nikoh” faslida.
Shunday ekan, oilaga, turmush qurish masalasiga panja orasidan qaramaslik kerak. Bu masalaga bee'tibor bo'lgan jamiyat tanazzulga mahkum ekanini statistik ma'lumotlar ham tasdiqlaydi.
Dunyo miqyosida Bel'giya 70 foiz ajrim bilan oilalarning barbod bo'lishi bo'yicha birinchi o'rinda, Chili 3 foiz ajrim bilan oxirgi o'rinda turibdi. Yurtimizda ham oilaviy ajrimlar ko'payayotganini kishini tashvishga soladi.
Ota-onalar farzandini yosh, odob-axloq jihatidan oila qurishga tayyor ekaniga qanoat hosil qilishlari, so'ng nikohdan o'tkazishlari shart. Umr savdosi bo'lgan nikoh masalasi doimo keng mushohada hamda kengash bilan amalga oshirilgani ma'qul. Zero, hadisi sharifda: “Qizlarni turmushga berish borasida onalari bilan maslahatlashinglar”, deyilgan.
Erta nikoh ham qat'iy qoralanadi. Qizlarning juda yosh turmushga chiqishlari haqida hanafiy mazhabi faqihlaridan Ibn Shuburma va Battiylar mutlaqo salbiy fikr bildirishgan. Islom shariatida xotin-qizlarni ham ilm-ma'rifatli, hayotida zarur bo'ladigan ma'lumotlarga ega bo'lishlariga undovchi hadislar ko'p. Hususan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ilm talab qilish barcha musulmon erkak va ayolga farz”, deya marhamat qilganlar.
Balog'at yoshi – bu kamolot yoshi emas. Buning ustiga hozirgi davr talabi ham butunlay o'zgacha. Yoshlar majburiy o'rta ta'lim bosqichlarini bosib o'tishlari shart. Zero, dinimiz ta'limotiga ko'ra, ilm olish, ma'rifatli bo'lish, hayot uchun zarur ko'nikmalarni o'rganish har bir ayolga farzdir. Bulardan oldin turmushga chiqqan qizning o'qishlari sustlashgani, oila yumushlarida qiynalgani, epsiz uy bekasi hamda bo'lajak farzandlarning tarbiyasi ishonchsiz qo'llarda qolganining guvohi bo'linadi. Ilmli, kasb-hunarli ayolgina farzandini yaxshi inson qilib tarbiyalay oladi.
Hullas, nikoh va oila qurish juda katta mas'uliyat va ibodatdir. Bejiz Mirzo Kenjabek:
Agar jufti halol birla ko'ngilxushlik etar bo'lsang,
Falak shohid, malak hozir, bu suhbat ham ibodatdir.
Bu Islomdir, butun umring ibodat holiga kelgay,
Va ogohlik bilan o'tgan shu fursat ham ibodatdir, demagan.
Abduqahhor domla YuNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Ulug‘ tobe’in Abdulloh ibn Sanobihiy rahimahulloh (asl ismlari Abdurahmon ibn Usayla)ning hayoti bugungi kun kishisi uchun – ayniqsa, vaqtning qadri, go‘zal xotima va maqsad sari intilish borasida ulkan ibrat maktabidir.
Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rish, u zotdan bevosita hadis eshitish ishtiyoqida Yamandan Madinaga qarab yo‘lga chiqadi. Biroq, Madinaga yetib kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlari haqida xabar topadi. Nabiy alayhissalom besh kun oldin vafot etgan edilar. Abdurahmon ibn Usayla payg‘ambarimizni ko‘ra olmay, sahobalik sharafiga 5 kun kechikkani sababli erisha olmaydi...
Bugungi kunda biz “ertaga qilaman”, “keyinroq boshlayman” deb yillarni boy beryapmiz. Smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar ichida yashayotgan hozirgi avlod uchun ushbu qissa – vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va xayrli ishlarni kechiktirmaslik uchun eng katta ogohlantirishdir.
Davron NURMUHAMMAD