Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Musulmon inson musulmondan fikridagi biroz o'zgachalik, e'tiqodidagi arzimas farqlilik tufayli nafratlanmaydi. Shu bilan uning obro'sini to'kib, hurmatini oyoqosti qilmaydi. Adovat qilmaydi. Tark etmaydi. Balki, unga sohib chiqadi. Hikmat va go'zal so'zlar bilan o'zi to'g'ri deb bilgan narsaga chaqiradi. Haqqiga duolar qiladi.
Mug'ira ibn Miqsam Zabbiy aytadi: "
«Bir odam bor edi. Dinda yaxshi holatda edi. Bir kuni bid'atga aralashib qoldi yoxud qaysidir gunohni sodir etdi. Shunda uning do'stlari va atrofidagilar uni o'zlaridan uzoqlashtirib, undan voz kechib yubordilar. Bu voqea Ibrohim Naxaiy rahimahullohning qulog'iga etib borgan edi, uning do'stlariga: «Unga etishing, nasihat qiling va aslo o'z holiga tashlab qo'ymang!», dedi. («Hilyatul avliyo» 4-jild, 232-bet).
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi:
«Mo'min satr qiladi, va'z va nasihat qiladi. Fojir esa fosh qiladi, sharmanda va ovoza qiladi» («Hilyatul avliyo» 8-jild, 95-bet).
Sufyon Savriy rahimahulloh dedilar:
«Yaxshilikka yumshoqlik bilan buyur. Agar qabul qilsa, Alloh azza va jallaga hamd aytasan. Bordiyu qabul qilmasa, yana o'zing bilan mashg'ul bo'lasan. Zero, o'z nafsing borasida qiladigan ishlaring etarlidir» («Al-jarh vat-ta'dil» 1-jild, 124-bet).
Alisher Sultonxodjayev
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws