Bugun yoshlarning gapga kirmasligi, o'qishining pastligi, odobining haminqadarligi haqida ko'p gapirilmoqda. Buni to'g'rilashimiz uchun nima qilmok kerak? Shu mavzuda poytaxtimizdagi “Hasanboy” jome masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid domlaning fikrlari bilan qiziqdik.
– Tarbiya ham bir ilm. Uni egallash uchun tarbiyaga oid kitoblar o'qish yoki solih insonlardan, ustozlardan o'rganish lozim. Bu borada Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislari va bobolarimizning asarlari, milliy qadriyatlarimiz eng katta asosdir. Boy ma'naviy merosimiz necha asrlar o'tsa hamki, o'z qiymatini yo'qotgani yo'q. Inson tarbiyasi barcha zamonlarda dolzarb bo'lgan. Bu borada Imom Buxoriyning “Adabul mufrad”, Imom G'azzoliyning “Ihyou ulumid din”, Abul Hasan Bovardiyning “Adabud dunyo va din”, Shayx Abdulloh Shibraviyning “Unvonul bayon va bo'stonul azhan” hamda zamonamiz olimlari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va Shayx Ramazon Butiy hazratlari kabi ko'plab ulamolarimizning asarlari inson kamolotida o'ta muhimdir.
Imom G'azolliy “Ihyou ulumid din” kitobida bunday yozadi: “Yaxshi xulq Rahmon huzuridagi jannat ne'matlariga ochib qo'yilgan qalb eshigi bo'lsa, yomon xulq – jahannamga ochib qo'yilgan eshik... Yaxshi xulq dinning yarmidir... Yomon xulq xor qiluvchi buzuqlik, Allohdan uzoqlashtiruvchi razolat, shayton xizmatiga yollanishdir”, deydi.
Afsuski, keyingi paytlarda jamiyatimizda odob-axloq tushunchalari biroz chetga surib qo'yildi. Ibodatlarimiz ko'payyapti, lekin axloqimiz unga mos emas. Qayerda axloqiy me'yorlar pasaysa, u erda jinoyatchilik, oilalarning parokanda bo'lishi, poraxo'rlik va shu kabi illatlar ildiz otadi. Boylik to'plash, faqat o'zini o'ylash kabi tushunchalar hukmron bo'ladi. Yon-atrofga nazar solsak, hamma mol-dunyo to'plash ilinjida tinim bilmayotir. Lekin axloqimizga havas qilib bo'lmaydi.
Qur'oni karimda: “Ey iymon keltirganlar! O'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish do'zaxdan saqlangiz...”(Tahrim surasi, 6-oyat) deya marhamat qilingan. Bu oyat oila boshlig'ining ahli ayoli, farzandlari uchun Alloh oldida javobgar ekanini anglatadi.
Oilada ota bolalariga har tomonlama namuna bo'lmas ekan, farzandlaridan biror yaxshilik kutishi qiyin. Bu haqda ulamolarimiz: “Farzanding solih bo'lishini istasang, avvalo, o'zing solih bo'l. Uni axloqqa chaqirishdan avval o'zing axloqli bo'l”, deydilar.
MUNOSIB ONA
Ona – millat tarbiyachisi, kelajak bunyodkori. Agar u odob-axloqli, ona tilini, adabiyotni, dinimizni yaxshi bilsa, tafakkuri keng, etuk shaxs bo'ladi. Bunday ayollarning farzandi ham shunga monand – millatiga, diniga xizmat qiladigan buyuk insonlar bo'lib etishadi.
Zamonamizning taniqli olimi Muhammad Hasan Dedu aytadi: “Qur'onni, siyrat va boshqa fanlarga oid ko'plab kitoblarni onam yodlatgan”. Yana bir mashhur ulamo Abdulqodir Husayn: “Men onamdan biror nima so'rab qolsam, gapimni ona tili qoidalariga solar, so'ngra ularni sharhlab, savollar berardi. Shu tarzda til qoidalarini o'rganganman”, deydi.
Qizlarni har tomonlama ilmli qilib tarbiyalash ota-onalarning burchidir. “Qiz bola o'qishi shartmas” degan gaplarni hamon eshitib qolamiz. Buning oqibatida qancha qizlarning iqtidori yo'q bo'lib ketyapti. Qiz bola ilm olishi, oilasini obod qilishi kerak.
Jamiyatimizda ma'rifatli ayollar ko'paysa, muammolarimiz shuncha tez echim topadi.
Onamiz ziyoli oilada kamol topgani uchun diniy va dunyoviy ilmlarni yaxshi bilgan, maktabni oltin medalga bitirgandi. Ayniqsa, adabiyotni yaxshi bilardi. Navoiyning ko'plab g'azallarini yoddan aytar, biror yumush qilganda ham tilidan salavotu g'azallar tushmasdi. Sakkiz yoshda otadan etim qoldik. Onam sakkiz bolani katta qildi. O'qimishli bo'lishimizga jiddiy qarar, ro'zg'ordan bir so'm orttirsa, doim kitob olib kelardi.
Ona daraxt ildizi bo'lsa, bolalar uning mevasi va shoxlaridir. Ularning jamiyat uchun qanchalik manfaat berishi onaning tarbiyasiga bog'liq.
TARBIYaDA MUHIM JIHATLAR
Yaponiyalik bolalar maktabga borishdan oldin ikki yil odob-axloqni o'rganar ekan. Buning natijasini bugun har bir kunchiqar yurt vakilida ko'ramiz. Yaqin o'tmishda bizda ham bolalarga odob berish ta'limning ajralmas qismi bo'lgan. O'quvchilarga ko'plab axloq qoidalari yodlatilib, aniq risolalar, kitoblar o'qitilgan. Hozir esa bolalar tarbiyasi o'lda-jo'lda.
Ko'pincha ota-onalar farzandi tarbiyasida biror noxushlik sezsa, uni qattiq siquvga oladi. Bu to'g'ri emas. Alloh har kimni turli xarakterli qilib yaratadi. Unga o'ylab muomala qilish lozim.
Hozir nafaqat bolani, balki kattalarni ham to'g'ri yo'ldan chalg'ituvchi omillar ko'paydi. Bu omillar umrning isrof bo'lishiga sabab bo'lmoqda. Bularga og'ishmaslikning eng to'g'ri yo'li esa ilmu ma'rifat, farzandlar ongu shuuriga milliy va diniy qadriyatlarimizni singdirishdir. Farzandlarimiz tilimiz, urf-odatlarimiz, tariximiz, an'analarimiz, boringki, shu el uchun qadrli bo'lgan barcha narsalarni bilishlari shart.
Suhbatni Bobur MUHAMMAD
yozib oldi.
Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiyning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan siyosiy muloqot, madaniy diplomatiya va iqtisodiy hamkorlikning amaliy davomidir. Tashrif davomida tarixiy meros, sivilizatsiyalar muloqoti va zamonaviy taraqqiyot konsepsiyalarini uyg‘unlashtirgan Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishgan delegatsiya O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosi bugungi tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik strategiyasining muhim qismiga aylanayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari, Tashqi ishlar va xorijdagi vatandoshlar vaziri Ayman as-Safadiy boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishtirilib, uning konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlarda eng katta qiziqish uyg‘otgan ekspozitsiyalardan biri Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ldi. Qadimgi savdo yo‘llari xaritalari, Sharq va G‘arbni bog‘lagan karvon yo‘llari, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy va madaniy almashinuv jarayonlarini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar yuzasidan delegatsiya a’zolari mutaxassislarga ko‘plab savollar bilan murojaat qildi.
Amir Temur va Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lim ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, mashhur xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qur’on qo‘lyozmasi, Bibixonim tarixi hamda Temuriylar davrining yuksak madaniy muhitini aks ettiruvchi eksponatlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Delegatsiya, shuningdek, Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi zamonaviy tashqi siyosati va global hamkorliklariga bag‘ishlangan interaktiv xaritaga ham alohida e’tibor qaratdi. Turli davlatlar bilan shakllangan strategik sheriklik va diplomatik munosabatlarni aks ettiruvchi raqamli ekspozitsiyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida tashkil etilgan sport bo‘limi esa tashrifning eng samimiy lahzalaridan biriga aylandi. O‘zbekiston sportchilarining Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqidagi ma’lumotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Suhbat davomida sportning xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim vosita ekani alohida qayd etildi.
Ayman as-Safadiy, Iordaniya tashqi ishlar vaziri:
– O‘tgan yili Janobi Oliylari Qirol Abdulloh II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifidan so‘ng bu yerga kelish men uchun alohida mamnuniyatdir. O‘sha tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqea bo‘ldi. Bizni qardoshlik rishtalari, mushtarak tarix va o‘zaro ishonch birlashtirib turadi. Bugun esa ushbu hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida izchil ish olib boryapmiz.
Bugungi O‘zbekiston keng qamrovli islohotlar va jadal taraqqiyot bosqichini boshdan kechirmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu taraqqiyotning ma’naviy asoslarini mustahkamlaydigan, milliy merosni ilmiy asosda saqlash va uni xalqaro hamjamiyatga taqdim etishga xizmat qiladigan muhim muassasadir.
Boy tarixni kelajak taraqqiyoti bilan bog‘lay olgan bunday maskan har qanday xalq uchun bebaho boylikdir. Ishonamanki, ana shu mustahkam tarixiy poydevor O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun aniq maqsad va ravshan istiqbolga egamiz. Oldimizda hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Joriy yil yakunida O‘zbekiston Prezidentining Ammon shahriga tashrifini katta mamnuniyat bilan kutmoqdamiz. Ishonchim komilki, bu uchrashuv strategik sherikligimizni yanada mustahkamlab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi, — dedi Iordaniya tashqi ishlar vaziri.
Tashrif yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov delegatsiya a’zolariga Markazning esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shuningdek, Ayman as-Safadiy Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. Ushbu qayd O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, umumiy ma’naviy qadriyatlar hamda strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan umumiy intilishlarning ramziy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati