Shu yil 20 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari raisliklarida “Haj – 2024” mavsumini yuqori darajada o'tkazish bo'yicha videoselektor yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a'zolari, ellikboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlisda Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko'mak bergan, uning og'irini engil qilgan inson ulug' ajru savoblarga noil bo'lishini so'zlab, har bir ishchi guruhi a'zosi va ellikboshilar ana shunday ulug' darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O'zi rozi bo'ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari o'z so'zlari davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o'ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta'kidladilar.
Shu bilan birga haj safarini ado etish baxtiga muyassar bo'lgan yurtdoshlarimiz muborak zamindagi har bir daqiqasini g'animat bilib, uni mazmunli va ibodatlar bilan o'tkazishi uchun ellikboshilar bor kuch-g'ayratni sarflashi lozimligini qayd etdilar.
Yig'ilishda ziyoratchilarning ibodatlari mukammal bo'lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida Makka va Madina shaharlaridagi haj ishchi guruhi faoliyat olib borayotgani, aviqatnovlar jadvali tasdiqlangani, viza rasmiylashtirish ishlari davom etayotgani, mehmonxonalar ziyoratchilarni kutib olishga shay holga keltirilgani, Mino, Arafot va Muzdalifadagi joylar ko'zdan kechirilgani haqida ham ma'lumot taqdim etildi.
O'zbekiston Respublikasi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Davronbek Maxsudov, Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so'zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta'minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2024” ishchi guruhi, shifokorlar va ellikboshilar zimmasiga juda katta mas'uliyat yuklangani, shu bois har kim o'z vazifasini vijdonan to'la bajarishi zarurligi ta'kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o'tishini so'rab xayrli duolar qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati