Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2026   |   7 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
21 Iyul, 2026, 7 Safar, 1448

Piyodalar yo'lagini to'sib qo'yishning hukmi

21.05.2024   1818   4 min.
Piyodalar yo'lagini to'sib qo'yishning hukmi

Cavol: Hozirgi kunda ko'p qavatli uy va hovlilarga tegishli piyodalar yo'laklarini temir panjaralar qurib, mevali daraxtlar ekib yoki gulzorlar qilib yo'laklarni to'sib qo'yish, qurilish mollarini haftalab ko'chalarda qoldirish, umumiy foydalanadigan joylarni avtoturargoh qilib olish xolatlari kuzatilmoqda. Bu ishlar oqibatida piyodalar, xususan maktab o'quvchilari avtomobil yo'lidan yurishga majbur bo'lmoqdalar, gohida avtohalokatlar ham uchrab turibdi. Dinimizda ko'chalarni, aholi foydalanadigan joylarni o'z manfaati uchun to'sib olish mumkinmi?

Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.

Aholi foydalanadigan joylar, avtomobil yo'llari hamda piyoda yo'laklari barcha barobar foydalanadigan joylar hisoblanadi. Hech kimning uni egallab olishga haqqi yo'q.

Huzayfa ibn Usayd roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kim musulmonlarga ularning yo'llarida ozor bersa u odamga, ularning la'nati vojib bo'lib qoladi” (ya'ni ularni la'natiga haqli bo'lib qoladi) deganlari rivoyat qilinadi (Imom Tabaroniy rivoyati).

“Bahrur roiq” kitobida: “Biror kishi omma yo'liga hojatxona qursa, yo suv tarnovini chiqarib qo'ysa, yoki minora yo do'kon qursa ko'chadan foydalanuvchi har bir kishi uni buzib tashlashni talab qilish haqqiga ega bo'ladi. Shamsul aimma aytadilar: Ommani yo'liga o'z foydasi uchun biror narsa qurish, yo'ldan foydalanuvchilarga zarar qilsa, durust emas. Biroq yo'l keng bo'lib, hech kimga zarar qilmasa, foydalanuvchilardan qarshilik ham bo'lmasa, bu durustdir,” deyiladi.

Hadisi shariflarda, musulmonlarning yo'llaridan ozorni olib tashlash, yo'lovchilarga keng sharoit yaratish savobli ishlardan ekani ta'kidlanadi.

 Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men: “Yo Rasulalloh! Meni biron ishga buyuring, shuni qilib yuray”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo'ldan ozorni chetlating, shu siz uchun sadaqa bo'ladi”, dedilar (Imom Buxoriy Al-adabul-mufradda rivoyat qilganlar).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo'l ustidagi musulmonlarga ozor beradigan bir daraxt (buta)ni kesib tashlagani sababli jannatda kezib yurgan bir kishini ko'rdim, deb aytdilar”(Imom Muslim rivoyati).

Yuqorida o'tgan iboralardan quyidagi xulosalar kelib chiqadi:

Aholi foydalanadigan joylarni, piyodalar yo'laklarini temir panjaralar bilan berkitib qo'yish, mevali daraxtlar ekib yoki gulzor qilib to'sib qo'yish holatlari, avtomobil yo'llarida qurilish mollarini haftalab qoldirish, yo'lovchilarga va mahalla aholisiga zarar bersa durust emas.

Hech kimga zarar bermaydigan va biron shaxs e'tiroz bildirmagan holatlarda vaqtinchalik foydalanib turish maqsadida bu ishlarni qilish joiz hisoblanadi. Lekin mas'ul tomonlar yoki shu yo'ldan foydalanish haqqiga ega har qanday shaxsning talabi bilan bu narsalar bartaraf qilinishi lozim. Vallohu a'lam.

 O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hojilar Qo‘shrabotdagi 250 dan ziyod xonadonga quvonch ulashdi

20.07.2026   6700   1 min.
Hojilar Qo‘shrabotdagi 250 dan ziyod xonadonga quvonch ulashdi

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda o‘tkazilayotgan "Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi" Samarqand viloyatida ham xayrli amallar bilan boshlandi.


Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimligi va viloyat vakilligi hamkorligida Qo‘shrabot tumanida keng qamrovli mehr-saxovat tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, bosh imom-xatib o‘rinbosarlari hamda joriy yilda muqaddas Haj ibodatini ado etib qaytgan hoji otalar ishtirok etdilar.


Tadbir doirasida tumandagi 16 ta mahallada istiqomat qiluvchi 250 dan ortiq ehtiyojmand xonadonga tashabbuskor hojilar homiyligida maktab formalari va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.


Muborak safardan qaytgan hojilarimizning bu kabi ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘layotgani xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Hojilar Qo‘shrabotdagi 250 dan ziyod xonadonga quvonch ulashdi Hojilar Qo‘shrabotdagi 250 dan ziyod xonadonga quvonch ulashdi
O'zbekiston yangiliklari