Cavol: Qabr ziyoratiga borganda qabr ustidagi tuproqlarni yumshatib, suv sepsa bo'ladimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Qabrga suv sepishni ulamolar mustahab deyishgan. Suv sepishning foydalaridan biri qabrdagi tuproqlarni shamol uchirib ketishini oldi olinadi. Bu borada fiqhiy kitoblarimizda iboralar kelgan:
“Qabrga suv sepishning zarari yo'q, balki mustahabdir. Chunki Ibn Moja Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa'dning qabriga suv sepganlarini rivoyat qilgan. Abu Dovud qilgan rivoyatda U zot alayhissalom o'g'illari Ibrohimning qabriga shunday qilganlar. Bazzor qilgan rivoyatda U zot alayhissalom Usmon ibn Maz'unning qabriga shunday qilishni buyurganlar”. (“Raddul muhtor” kitobi).
Lekin shuni ham ta'kidlash joizki, qabr ustiga sepiladigan suv haddan ziyod ko'p bo'lib, uning cho'kishiga olib kelmasligi kerak. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati