Ba'zi musulmonlar islom hukmlarini hayotga tatbiq qilishda mutaassiblikka yo'l qo'yadilar. Dinda bag'rikenglik va engillik ham borligini eslaridan chiqarishadi. Chunki ular o'zlarini to'g'ri yo'lda deb bilishadi. Fikrimizni isboti sifatida quyidagi hadisni keltiramiz: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam “Albatta, din engildir. Kim dinga mutaassiblik qilsa, (din) uni engadi. Bas, to'g'ri bo'linglar va yaqin bo'linglar...” (Imom Muslim rivoyati.).
Bunday shaxslar atrofdagi odamlarning ruhiyatiga qattiq ta'sir o'tkazadi. Ularga to'g'ri deb bilgan yo'lini ko'rsatishmoqchi bo'lishadi. Sababi, dinda shunday bo'lishi kerak, degan e'tiqod bilan o'ziga qattiq buyruq bergan bo'ladi. O'zini tergashdan, men to'g'ri yo'ldan boryapmanmi, degan savollarga javob berishdan qochib yuradi. Oxir oqibat, mutaassibona fikr yuritishi, ko'pchilikning qarshiligiga duch kelgani natijasida dinidan voz kechadi. Yoki, toqati etmay turgan bo'lsa ham xatosidan qaytmay, mashaqqat bilan dinida qoladi.
Lekin, islom dini tor fikr yuritib, hukmlarga amal qilishni qattiq qoralaydi. Quyidagi hadislar yuqoridagi fikrimizning ayni ma'nosidir:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhu va uning sherigini Yamanga jo'nata turib: “Yengil qiling va qiyin qilmang. Hushxabar bering va nafratlantirmang. O'zaro yordam bering va ixtilof qilmang”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Yana shuningdek, “Yengil qiling va qiyin qilmang. Hushxabar bering va nafratlantirmang”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Lekin islom tarixidan xabari bor bo'lgan kishi salafi solihlar ham tortishgan-ku, o'z fikrlarida turib olib boshqalarning fikrini xatoga chiqargan, deb o'ylashi tabiiy. Bunga javoban aytishimiz mumkinki, Salafi solihlar bir masalada tortishmoqchi bo'lsalar munozarali ilm bo'lishi uchun tortishishgan. Shuningdek, o'sha masala ba'zi hayotda uchrab turadigan kichik muammolar bo'lgan. Hozirgi mutaassiblarga o'xshab katta masalalarda, ya'ni davlat to'ntarishi, hukumatni o'zgartirish, ota bilan farzandni orasini ajratish va hokazolarga o'xshash emas. Salafi solihlarning yana bir sifati, ular tortishgan odamlari bilan chiroyli muomalada bo'lishgan. Boshqalarga ilm bo'lsin deb munozara qilgan sherigini yaxshi ko'rishgan. Namoz o'qishda biri ikkinchisiga ergashgan. Kasal bo'lganda holidan xabar olib, xayrli ishlarda o'zaro hamkorlik qilishgan. Ular aka-uka birodar bo'lishgan.
Bunday shaxslar bir fikrda turib olishi, mutaassibona fikr yuritishi nafsiga ergashishligi, qul bo'lishligi hisoblanadi. Chunki Ollohni o'zi ularning ko'ziga parda tortgan, qulog'ini bitkizgan. Alloh ta'olo Kalomi sharifida:
(Ey Muhammad), havoyi nafsini o'ziga "iloh" qilib olgan va Alloh uni bilgan holida yo'ldan ozdirib, quloq va ko'nglini muhrlab, ko'z oldiga parda tortib qo'ygan kimsani ko'rganmisiz? Bas, uni Alloh (yo'ldan ozdirgani)dan so'ng kim hidoyat qila olur?! Axir eslatma-ibrat olmaysizlarmi?! (Josiya: 23).
Agar kishi mutaassiblik deganda dindagi vojib amallarni bajarishlik va ularga intilishi ma'nosida bo'lsa, ya'ni namozini o'qishi, ro'za tutishi, zakot berishi, hajga borishi, ota-onasiga yaxshilik qilishi, oilasini tebratib bo'ynidagi vazifasini bajarsa, shuningdek, aldov va qo'rqitishlar ta'siri ostida sustkashlikka yo'l qo'ymasligi, ya'ni dinni xato tushunib qolgan odamlarning fikriga quloq solib miyasini zaharlashligi, yoki “din” deb vatani, millati, vijdoniga qarshi qilib siyosatning “balchiq”iga tushiradigan shaxslarga aralashmasligi bo'lsa, maqtovli ish bo'ladi. Bu holat dinda mustahkam turib uni quvvatlantirish hisoblanadi.
Dinni mahkam tutib, undagi vojib amallarni ado qilishga intilish degani, boshqa xil fikr yuritadigan kishilarni yomon ko'rish, ular bilan o'rtada nizo chiqarish, tarqoqlik va fitna tarqatish ini bildirmaydi. Alloh ta'olo dinda qarshi chiquvchi kishilar to'g'risida shunday deydi:
Alloh nazdida va Uning Payg'ambari nazdida mushriklar uchun qanday ahd-paymon bo'lsin?! (Ya'ni, hech qanday ahd bo'lishi mumkin emas, chunki ular Allohga ham, Uning Payg'ambariga ham iymon keltirmaydilar, demak, bergan va'dalarini buzaveradilar), magar sizlar Masjid al-Harom oldida (ya'ni, Makkada) ahdlashgan kimsalar borki, ular modomiki ahdlarida barqaror turar ekanlar, sizlar ham ahdlaringizda turingiz! Albatta, Alloh taqvo qilguvchi zotlarni sevar. (Tavba: 7)
Hulosa qilib aytganda, islom dini mutaassiblik qiluvchi shaxslarni qattiq qoralagan. Alloh kalomi sharifida: "Bas, kuchlaringiz etganicha Allohdan qo'rqinglar, (o'zlaringizga qilinayotgan pand-nasihatga) quloq tutinglar va itoat etinglar hamda infoq-ehson qilinglar, (mana shu) o'zlaringiz uchun yaxshiroq bo'lur. Kim o'z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o'shalar najot topguvchidirlar",(Tag'obun: 15).
Bir fikrda qattiq turib olish va uni boshqalarga majburan singdirish shar'an man' qilingan ishdir. Agar haqligiga shubha qilmasa va boshqalarga zarar bermasa kishi o'z fikrida turishi maqtalingan ish hisoblanadi.
Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi
Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.
“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.
Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.
“Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.
“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati